Линклар

logo-print
17 yanvar kuni Ozodlikning Bishkekdagi ofisiga kelgan O‘sh meri Melis Mirzaqmatov savollarga javob berar ekan, kelajakda O‘shda shahar bosh planiga muvofiq ravishda qurilishlar bo‘lishini, buning ortidan ayrim uylar buzilishini qayd etdi.

- 50-60-yillarda qurilgan somonli uylar bugungi kundagi standartga to‘g‘ri kelmaydi. O‘sh shahri seymik jihatdan faol hududda joylashgan. Xudo saqlasin, zilzila bo‘lgudek bo‘lsa, millati o‘zbek yoki qirg‘iz bo‘lishiga qaramay, vayronalar ostida qolishi mumkin. Davlat esa millionlab zarar ko‘radi. Shuning oldini olgan holda, biz bosh planni amalga oshirishimiz kerak, O‘shning qiyofasini o‘zgartirish ustida ishlashimiz kerak. Pirovardida zilzilaga dosh bera oladigan, zamonaviy osmono‘par binolarni qurishimiz kerak, - dedi O‘sh meri Melis Mirzaqmatov bu kvartallarning hammasi barcha millat vakillari aralash yashagan kvartallar bo‘lishi lozimligini qo‘shimcha qilarkan.

Aytish lozimki, Mirzaqmatov aytayotgan somonli uylarning aksariyati asosan o‘zbek millatiga mansub o‘shliklarga tegishli uylardir.

O‘sh meri buzilajak uylar mustaqil ekspertlar tomonidan baholanishi va ular chiqargan xulosa asosida munitsipalitet bu uylarning egalariga pul to‘lab berishini hamda bu ishlar bu yildan boshlanishini aytdi.

Melis Mirzaqmatovga ko‘ra, bugungi kunda O‘shda millatlararo munosabatlar o‘nglanib qolgan. Bunga u yaqinda O‘sh shahri markaziy maydonida qutlangan yangi yil bayramini misol keltirdi.

- 50 mingdan ziyod odam qatnashdi. O‘shaning 30-40 foizga yaqini boshqa millat vakillari bo‘ldi. Bularning orasida o‘zbek millatiga mansub kishilar ham bor. Bu nimani bildiradi? Demak, O‘shda avvalgidek hamjihatlik bilan bayramlarni birgalikda nishonlab qolganimizni bildiradi. O‘sh shahar meriyasi 2011 yilni “Millatlararo munosabatlarni yaxshilash yili” deb e‘lon qilib, o‘sha paytda qator chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Keyingi yilni “Yoshlar va bilim yili” deb e‘lon qildik. Natijada biz bugungi kunda O‘shda barqaror tinchlikka, barqarorlikka ega bo‘lib turibmiz, - dedi Melis Mirzaqmatov bu o‘zi rahbarlik qilayotgan O‘sh meriyasi ishining natijasi ekanini ta‘kidlarkan.

Melis Mirzaqmatov O‘sh shahriga 2009 yilda o‘sha paytdagi prezident Bakiyev tomonidan mer etib tayinlangan bo‘lib, 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida, xususan, O‘shda sodir bo‘lgan millatlararo to‘qnashuv paytida ham shaharga rahbarlik qilgandi.

Iyun voqealari chog‘ida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafari (70%) o‘zbek, 123 nafari (29,2%) qirg‘iz, 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘urdir.
XS
SM
MD
LG