Линклар

Qirg‘iziston parlamentining payshanba kungi yig‘ilishida qilgan chiqishida deputat Egamberdi Ermatov O‘zbekiston madaniyati va san‘ati arboblari “So‘x voqeasi “ga munosabat bildirishlari zarurligini ta‘kidladi:

- Biz har doim tinchlik va murosada yashab kelganmiz. Ellarimizning ruhiy va madaniy o‘zagi bir. Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari So‘x anklavidagi voqealar bois tarang vaziyatda qolmoqda. Afsuski, o‘zbek ziyolilari bu intsidentga munosabat bildirmadi. Men o‘zbek ziyolilari va madaniyat arboblarini san‘at vositasida xalqlar o‘rtasidagi og‘a-inilik munosabatlarini mustahkamlashga chaqiraman¸ dedi qirg‘iz deputati.

Qirg‘iz deputatining bu chaqirig‘ini biz O‘zbekistondagi bir qator san‘atkorlarga¸ teatr va tasviriy san‘at arboblariga yetkazdik.

Biz suhbatlashgan aksar san‘atkorlar “So‘x voqeasi“ haqida hech narsa bilmasligini aytib¸ bu borada sukut saqlashni ma‘qul ko‘rishdi.

Biz murojaat qilgan o‘nlab o‘zbek madaniyat arboblari va ziyolilaridan faqat uch nafari “So‘x voqeasi“ borasida axborotga ega ekanligi va qirg‘iz deputati fikriga munosabat bildirishga hozir ekanini aytdi.


So‘xga borib ART-PROYEKT qilmoqchiman¸ ammo pasportimni olib qo‘yishgan¸


deydi taniqli rassom Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda:

- Men So‘xga borib boshqalar bilan birga qo‘shma ko‘rgazma o‘tkazmoqchi edim. Qo‘shma ko‘rgazma tadbirning bir tarafi. Dumaloq stol qilib¸ muloqot qilishi kerak qirg‘iz va o‘zbek rassomlari. Rassomlarni dumaloq stol atrofiga o‘tkazib muammolar borasida muloqotni boshlash kerak. Qush tilini qush biladi. Faqat buni kim qiladi? Qanday qiladi? Men So‘xga bormoqchi edim¸ ammo chiqish viza yo‘q. OVIR idorasi menga pasport bermayapti¸ deydi Vyacheslav Oxunov.

Suhbatdoshga ko‘ra qirg‘iz deputatining chorlovida jon bor:

- U muloqot zarur, deb to‘g‘ri aytdi. Muloqot zarur. Birinchi navbatda, madaniyat arboblari muloqoti. Muloqotga chorlab boshqalarga namuna bo‘lish rassomlarning burchi¸ deydi Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda.


Muammoni siyosatchilar hal qilsin


O‘zbekistonlik yana bir taniqli rassom Davronbek Yo‘ldoshev qirg‘iz deputatining tashabbusini ma‘qullagan holda So‘x muammosi yechimi siyosatchilar qo‘lida degan fikrda sobit:

- Bu masala siyosatga bog‘liq gap. Buni konstruktiv ravishda faqat madaniyat xodimlari emas, buni, albatta, davlat xodimlari, Tashqi ishlar vazirligi stolga o‘tirib hal qilishsin¸ peregovor deydi buni, har ikki mamlakatdan normal ravishda buni hal qiladigan qirralari bor bu masalaning.

Muammo yechimi faqat bizlarning ko‘rgazmamiz u yerda o‘tkazish mumkin bo‘lgan yoki bu yerda o‘tkazish mumkin bo‘lgan ko‘rgazma bilan bitadigan narsa emas. Yuzaki yondashish bu masalaga. Boshqacha yondashish kerak bunga. Buning sabablari chuqurroq. Albatta, men qarshi emasman. Madaniyat xodimi sifatida unga javob berish mumkinki, So‘xga borib bizlar imkoniyatimiz boricha qanaqadir ijodiy tadbirlar o‘tkazsak yoki u yerdagi fuqatrolarimiz markazga kelib, tadbirlar o‘tkazsa, bu yaxshi. Imkoniyat bo‘lsa. Hozir u yerga borish qiyin bo‘lib turibdiku. U yerga hozir kirish-chiqish imkoniyatlari yo‘qku¸ deb ta‘kidlagan suhbatdosh qirg‘iz deputati chaqirig‘ini ma‘qullashini aytdi:

- Ermatovning murojaati yomon murojaat emas, yaxshi murojaat. Agar u sidqidildan o‘zbek xalqi qirg‘iz xalqi bilan ruhan yaqinlashishini istasa, bir qancha yo‘llardan bittasi bo‘lishi mumkin. Bu bilan chegaralanib qolish kerak emas. Yaxshi normal taklif. Rassomlar, ijodkorlar o‘z fikrini, normal qabul qilish mumkin buni. Qanday qilish mumkin? Masalan, ko‘rgazmalar o‘tkazish mumkin¸ deydi rassom Davron Yo‘ldoshev.


So‘x borasida axborot yo‘q


Biz suhbatda bo‘lgan san‘atkorlar So‘x voqelari borasida axborotning o‘zbek matbuotida deyarli yo‘qligidan taassuf bildirishdi.

- Haqiqatan nima bo‘layotganini hali hamma anglab yetmadi. Bunga yorug‘lik kiritish uchun jiddiy o‘rganish kerak. Ichiga kirib o‘rganish kerak. Faqat bitta-yarimta odamning aytgani bilan yoki eshitgani bilan vaziyatga yorug‘lik kirita olmaydi¸ deydi Davron Yo‘ldoshev.

Rassom Vyacheslav Oxunov ham So‘x voqealari borasida axborot yo‘qligini aytadi:

- Nima bo‘lganini biz aniq-tiniq bilmayapmiz. Kim haq¸ kim nohaq degan savolga ham javob yo‘q. Bizga chalkash ma‘lumotlar yetib kelmoqda, xolos. Xolbuki So‘x rassomlar tarafidan sevilgan. O‘rol Tansiqboyevdan tortib mening otamgacha So‘x manzarasiga oshiq bo‘lishgan. Sal oldinroq biz farg‘onalik rassomlar bilan So‘xga ijodiy ish qilish uchun borgan edik. O‘zbekistonning bu bo‘lagida nima bo‘layotgani haqida bizga gapirishmayapti¸ deydi Vyacheslav Oxunov.

Ikki o‘zbek rassomi aytgan bu muammo¸ ya‘ni “So‘x voqeasi“ borasida axborotni izlab topib kerakli quloqlarga yetkazish ham ziyolilar ishi¸ deydi mustaqil o‘zbek jurnalisti Aleksey Volosevich Ozodlik bilan suhbatda.

- Birinchidan¸ o‘zbek madaniyat arboblari bu haqda gapirishlari kerak. Internetda¸ xorijiy radiolarda. Ular bu nizoga jamoatchilik nazarini qaratishlari lozim. Ular bu voqea unutilmasligi uchun harakat qilishlari kerak. Zero O‘zbekiston matbuoti bu borada jim. Madaniyat arboblari¸ jurnalistlar So‘x voqeasi borasidagi axborot zarralarini yig‘ib informatsion bo‘shliqni to‘ldirishlari kerak. Chunki Qirg‘iz matbuoti o‘zbekiston fuqarolarining qirg‘iz xarbiylar tarafidan yarador qilingani haqida jimlik saqlamoqda¸ deydi jurnalist.

O‘zbekiston kabi o‘ta markazlashgan davlatda anklavlardagi hayot muammolarini yahshi biladigan rassom Davronbek Yo‘ldoshev yashayotgan Xorazm viloyati ham O‘zbekiston hududidan qisman ajralgan:

- Biz faqat daryo bilan ajralganmiz. O‘zbekiston hududidan daryodan o‘tishda problema yo‘q. Chunki bu boshqa mamlakat hududi emas. So‘xda u masala jiddiy. Haqiqatan O‘zbekistonga tushish uchun Qirg‘izistonga kirib O‘zbekistonga chiqishi kerak. Shuning uchun ham bu masala jiddiy.

Sobiq SSSR davrida So‘xga kirganman, ko‘rganman. Solishtirib bo‘lmaydi bizlarning o‘tirishimiz bilan ularning o‘tirishini. Ularda ancha murakkab. Tabiat nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, jannatmakon joy. Tabiati juda go‘zal. Etnik jihatdan ham juda qiziqli joy. Rassom sifatida menimcha juda go‘zal joy. Odamlar normal yashashi uchun tabiatning o‘zi biroz kamlik qiladi. Odamlarning sharoitini yaxshilash kerak¸ deydi rassom Davronbek Yo‘ldoshev.
XS
SM
MD
LG