Линклар

logo-print
UZINFOCOM markazi domenlarni 10 yilgacha ro‘yxatga olishga ruxsat berilganini bildirdi. Bu qarorning Internet saytlarining bir maromda faoliyat yuritishi va o‘z mushtariylarini yo‘qotmasligiga hissa qo‘shishi aytilmoqda .

UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va amalga oshirish markazining UZ milliy domenini rivojlantirish guruhi bosh mutaxassisi Vladislav Deyxin Ozodlik bilan suhbatda demenlarni 10 yilgacha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berishdan maqsad Internet saytlari bir maromda faolliyat olib borishini ta‘minlashdan iborat ekanini aytadi:

- Asosiy maqsad - foydalanuvchilar o‘z domenlarining ro‘yxatga olinganlik muddati tugaganidan so‘ng qayta ro‘yxatdan o‘tishni unutmasliklarini ta‘minlash. Chunki ro‘yxatga olinganlik muddati tugaganidan keyin domen boshqa har qanday shaxs foydalanishi uchun ochiq bo‘lib qoladi, dedi Vladislav Deyxin.

UZINFOCOM mutaxassisiga ko‘ra, registratsiya muddatining uzaytirilishi domenlarni boshqarishni yengillashtiradi va registratsiya muddati tugaganidan keyin turli sabablarga ko‘ra uzaytirilmagan domenlar yo‘qolib ketishi xavfini kamaytiradi.

Unga ko‘ra, o‘z domenini 8-10 yilga ro‘yxatdan o‘tkazadiganlar qayta-qayta shartnoma tuzish, pul to‘lash kabi rasmiyatchilikdan qutuladi va ularga katta to‘lov chegirmalari beriladi.

Deyxin 2009 yilda UZ domeni ro‘yxatga olish muddati bir yildan uch yilgana bo‘lgani, 2011 yilda esa bu muddat uch yildan besh yilgacha uzaytirilganini aytdi.

Unga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda domenlarni ro‘yxatga oluvchi o‘ndan ortiq shirkat faoliyat yuritmoqda:

- Hozir bizda Sarkor, Tomas, BSS kabi ro‘yxatga oluvchi 11ta kompaniya faoliyat olib bormoqda. Ularning hammasida narxlar har-xil. Ro‘yxatdan o‘tish uchun bir yilga 25 mingdan 30 ming so‘mgacha pul to‘lanadi. Hatto O‘zbekiston rezidenti bo‘lmaganlar ham birdek pul to‘laydi¸ deydi mutaxassis.

Vladislav Deyxin AQSh yoki boshqa davlatda yashaydigan shaxslar O‘zbekistonda yashamasa yoki ishlamasa ham elektron to‘lovlarni amalga oshirib¸ UZ domen zonasida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkinligini aytdi.

Deyxin 1995 yilda tashkil etilgan UZ milliy domenida 2013 yil 17 yanvarga qadar 15 ming 826 ta domen ro‘yxatga olinganini bildirdi.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, 2012 yilda O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilari soni 9 milliondan oshgan.

Ayni paytda, UZ domenida mustaqil axborot yoki siyosiy saytlar yo‘q.

O‘zbekistonda erkin axborot beradigan boshqa xorijiy domenlarga kirish uchun to‘siq qo‘yilgan.

Keng tasmali aloqa va Internet tarmog‘ini tashxis etuvchi dasturlar bilan shug‘ullanuvchi Ookla shirkati 2013 yil 10 yanvar kuni e‘lon qilgan hisobotda O‘zbekistonni Internet tezligi eng sust va zaif bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shdi.

O‘zbekiston Internetdan ma‘lumotlar yuklab olish tezligi bo‘yicha 180 ta davlat ichida 166-o‘rinni (1,81 Mbs) egallagan.
XS
SM
MD
LG