Линклар

Amerikalik taniqli velopoygachi Lens Armstrong professional faoliyati davomida, jumladan, g'laba qozongan barcha Tur de Frans musobaqalarida taqiqlangan preparatlardan foydalanganini ilk bor tan oldi.

Payshanba kuni teleboshlovchi Opra Unfri mehmoni bo'lgan Armstrong ikki soat davom etgan intervyuda eritropoetin, kortizon va o'sish gormonlarini iste'mol qilgani hamda xalqaro musobaqalar oldidan qon quyish usulidan foydalanganini aytib berdi.

Lens Armstrong shu kungacha doping bo'yicha barcha ayblovlarni rad etib kelgan edi.

Teleboshlovchi savoliga javob berar ekan velopoygachi dopinglarni hech qanday vijdon azobisiz qabul qilganini, chunki u taqiqlangan preparatlarni raqiblardan ustun bo'lishdagi yordamchi omil deb bilganini aytdi.

Shu bilan birga, Armstrong hayotining qolgan qismini jamiyat inshonchini qayta qozonishga bag'ishlashini bildirdi.

Eslatamiz, Xalqaro Velosport Ittifoqi doping iste‘mol qilganlikda aybdor deb topilgan velopoygachi Lens Armstrongni 1995-2005 yillarda yetti Tur de Frans musobaqasida erishgan g‘oliblik unvonlaridan mosuvo qilgan edi.

17 yanvar kuni esa Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi amerikalik velopoygachi Lens Armstrongning 2000 yil Olimpiadasida olgan bronza medalini bekor qildi.

Avvalroq AQSh dopingga qarshi kurash agentligi Armstrongni muntazam ravishda taqiqlangan preparatlarni iste‘mol qilganlikda ayblovchi batafsil hisobot chiqargan edi.


Lens Armstrongning teleboshlovchi Opra Uinfriga bergan intervyusidan parcha:



Intervyu tarjimasi:

Opra: Siz qachon bo'lmasin velosiped haydash qobiliyatingizni oshirish uchun taqiqlangan preparatlardan foydalanganmisiz?

Armstrong: Ha.

Opra: Siz qabul qilgan taqiqlangan preparatlar orasida eritropoetin (buyrak gormoni - tahr.) bo'lganmi?

Armstrong: Ha.

Opra: Siz qachon bo'lmasin velosiped haydash qolibiyatingizni oshirish uchun qon dopingi yoki qon quyish usulidan foydalanganmisiz?

Armstrong: Ha.

Opra: Siz qachon bo'lmasin boshqa taqiqlangan preparatlardan, masalan, testosteron, kortizon yoki o'sish gormonidan foydanganmisiz?

Armstrong: Ha.

Opra: Tur de Fransdagi barcha yetti g'alabangizda siz taqiqlangan preparatlarni yoki qon dopingini qabul qilganmisiz?

Armstrong: Ha.

Amerikalik velopoygachi Lens Armstrong saraton kasalligini yenga olgani va qatorasiga yetti marta nufuzli Tur de Frans musobaqasida g'alaba qozongani bilan ko'pchilikka tanishdir.
XS
SM
MD
LG