Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:21

Jazoirda garovga olingan odamlarni ozod qilish amaliyoti tugadi


Jazoir rasmiylari mamlakat sharqidagi “Amenas” gaz majmuasida chorshanba kuni janggarilar garovga olgan odamlarni ozod qilish bo‘yicha armiya boshlagan amaliyot tugaganini e‘lon qildi. Jazoir rasmiylariga ko‘ra, 20 yanvar kuni harbiylar yana o‘ldirilgan odamlar jasadlari topilgan.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra,bu bilan janggarilar o‘ldirgan odamlar soni kamida 80 kishiga yetgan.

Qurbon bo‘lganlar orasida AQSh, Britani, Yaponiya, Malayziya va boshqa davlatlar vakillari ham borligi aytilmoqda.

Undan oldin Jazoir hukumati otishmalar chog‘ida 32 janggari o‘ldirilgan, garovga olingan odamlardan 23 nafari halok bo‘lganini ma‘lum qilgandi.

Jazoir kuchlari o‘tkazgan maxsus amaliyot natijasida garovga olingan 685 nafar jazoirlik va 107 nafar xorijlik ozod qilingan.

Amaliyot paytida harbiylar janggarilarga tegishli bo‘lgan avtomatlar, granatomyotlar, raketalar, portlovchi belbog‘lar, granatalarni qo‘lga tushirgan.

Jazoirning davlatga qarashli “Sonatrah” shirkati armiya sapyorlari janggarilar o‘rnatgan minalarni tozalash ishlarini olib borayotganini bildirdi.

Janggarilar e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, “Amenas” gaz majmuasiga chorshanba kungi hujum Frantsiya Malidagi islomchilarga qarshi harbiy amaliyotlar olib borganiga o‘ch olish maqsadida qilingan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland Jazoir hukumati odamlarni garovga olgan janggarilarga qarshi keskin chora ko‘rganini qo‘llab-quvvatladi. Ayni paytda u garovdagi odamlar o‘ldirilganini keskin qoraladi.

AQSh Prezidenti Barak Obama esa Jazoirda garovga olingan odamlar o‘ldirilishida janggarilarni aybladi.

Shanba kuni Vashingtonda so‘zlagan Obama Jazoirdagi hujum “Al-Qoida” tahdidi mavjud ekanini yana bir karra esga solganini urg‘uladi.

Jazoirning In Amenas mintaqasida yashovchi odamlar to‘rt kun davom etgan voqealardan larzaga tushganlarini aytdi.

- Bu voqea bizga ta‘sir qilishi tabiiy. Chunki bu neft qayta ishlanadigan muhim mintaqa. Bu yerdagi odamlar muammo yaratish emas, ishlashi kerak. Bu tinch mamlakat. Agar terrorizm saqlanib qolsa, bu yerda hech narsa qolmaydi. Neft va gaz saqlanadigan bu juda muhim mintaqada ko‘p odam o‘ldi, dedi o‘z ismini aytishni xohlamagan In Amenasda yashovchi fuqaro.

Ismi oshkor etilmaslikni so‘ragan boshqa jazoirlik esa xorijliklar terror hujumlaridan qo‘rqib, mintaqani tark etishi mumkinligidan tashvish bildirdi.

- Menimcha, endi Frantsiyaning hamma shirkati ketishni xohlaydi va bizga ish bermaydi. Bu muammo yaratadi. Shu paytgacha ishlab keldik va hamma narsa yaxshi edi. Bu voqeadan keyin hammasi tamom. Endi hamma narsa to‘xtaydi, katta ishsizlik bo‘hroni bo‘ladi, dedi jazoirlik fuqaro.

“Amenas” gaz majmuasida chorshanba kuni uyushtirilgan hujum Al-Qoidaga aloqador janggari guruh ulkan cho‘l hududida daydib yurgani va bu o‘ta muhim hisoblangan energiya infratuzilmasiga tahdid eganiga e‘tiborni qaratdi.

Shanba kuni Jazoir hukumati janggarilar chegarani kesib, “qo‘shni davlatlar”dan kelganini bildirdi.

Janggarilar ham bir necha yuz kilometr janubda joylashgan Niger davlatidan Jazoir hududiga o‘tganini ma‘lum qilgan.
XS
SM
MD
LG