Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:00

Xayrullo O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadigan bo‘ldi


Aqto‘be mahkamasi o‘n oydan buyon Qozog‘istonda hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonlik qochqin Xayrullo Tursunovni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘nggi qarorni qabul qildi. Tursunovning bir oy ichida rasmiy Toshkent ixtiyoriga topshirilishi aytilmoqda.

18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati jinoiy ishlar bo‘yicha sudi sudyasi Nurilya Satibaldina asli qashqadryolik bo‘lgan 38 yoshli Xayrullo Tursunovni O‘zbekistonga ekstraditsiyaga qilish borasidagi Qozog‘iston Bosh prokuraturasi qarorini o‘z kuchida qoldirish haqida hukm chiqardi.

Bu haqda Ozodlikka Xayrullo Tursunovning advokati Kenes Jusupov ma‘lum qildi.

- Juma kuni Aqto‘be viloyat sudi so‘nggi qarorni qabul qildi. Biz uni sud zalidan ozod qilishni so‘radik. Biroq, sudya Xayrulloni O‘zbekistonga topshirish qarorini e‘lon qildi,- dedi advokat Jusupov.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan Xayrullo Tursunov O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblangan.

Advokat Jusupovga ko‘ra, Xayrullo Tursunov O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolikda ham ayblangan.

Xayrullo Tursunov o‘n oy davomida Aqto‘bedagi tergov izolyatorida ushlab turildi.

Bu vaqt davomida Xayrulloning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha bir qancha mahkamalar bo‘lib, har safar qochqinning ekstraditsiyasi ma‘lum muddatga kechiktirib kelindi.

Advokat Kenes Jusupovning aytishicha, Qozog‘iston mahkamalari Xayrulloning ekstraditsiya qilinishi masalasini boshqa sudda ko‘rmasligi aniq.

- Xayrullo Tursunovning ishi barcha instantsiyalarda ko‘rildi. Endi uni O‘zbekistonga berishadi. Sud qarori chiqqandan boshlab bir oy ichida O‘zbekiston tomoni kelib uni olib ketishi kerak. Ular qachon kelishi noma‘lum,- dedi advokat Jusupov.

Xayrullo Tursunov muqaddam Qarshi shahrida 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va shartli ravishda ozodlikka chiqqan. Keyin Qozog‘istonga kelib, qochqinlik maqomini so‘ragan.

Xayrullo Tursunov o‘tgan yilning aprel oyida Aqto‘be orqali Rossiyaga chiqib ketayotganda huquq-tartibot idoralari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanib, hibsga olingan edi.

Keyinchalik politsiya unga nisbatan O‘zbekiston tomonidan ekstraditsiya qilish borasida so‘rovi borligini aniqlagan.

2010 yilning iyun oyida Qozog‘iston Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining so‘roviga asosan 29 nafar boshpana izlovchini hibsga olgan va bir yil o‘tib ularni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 29 qochqinga "diniy ekstremistik tashkilotgarga a‘zolik va konstitutsion tuzumga tajovuz qilish qilish" kabi ayblarni ilgari surgandi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya etilgan barcha qochqinlar turli muddatga ozodlikdan mahrum etildilar.
XS
SM
MD
LG