Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:10

Rossiya FSBsi Obidxon qori ishi bo‘yicha "javob" berdi


Suiqasdda gumonlangan Yuriy Jukovskiy Stromshund shahridagi do‘konlardan biridagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.
Suiqasdda gumonlangan Yuriy Jukovskiy Stromshund shahridagi do‘konlardan biridagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati 2012 yil fevralida Shvetsiyaning Stromshund shahrida taniqli o‘zbek imomi Obidxon qori Nazarovni otganlikda gumonlangan shaxsni qo‘lga olgani va Shvetsiyaga ekstraditsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini rasman tasdiqlamadi.

Shvetsiyada muhojiratda yashayotgan taniqli o‘zbek imomi Obidxon qori Nazarovni otganlikda gumonlangan Yuriy Jukovskiyning oktyabr oyida Moskvada hibsga olingani haqidagi shved matbuotida paydo bo‘lgan xabarlar ortidan Ozodlik 12 oktyabr kuni Rossiya FSBsiga yuborgan rasmiy so‘rovnomaga nihoyat javob olindi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati matbuot markazi bo‘limi xodimi Kristina Antonova bo‘lim rahbari Nikolay Zaxarov nomidan Ozodlikka bergan rasmiy javobida “idora bu haqda hech narsa bilmasligini” aytdi.

- Siz so‘rovnomada yuborgan ma‘lumot to‘g‘risida biz hech narsa bilmaymiz. Ortiqcha boshqa biror narsa deya olmayman. Berilgan savollaringizga na “ha”, na “yo‘q” deya olaman, deya ta‘kidladi FSB rasmiysi Kristina Antonova.

So‘rovnomada hozirgacha shifoxonada qolayotgan Obidxon Nazarovni otgan shaxsning Rossiyada hibsga olingani qanchalik haqiqatga mosligi, uning kim ekanligi, Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishi yoki qilinmasligi va u qaysi davlat fuqarosi ekani kabi savollar berilgan edi.

Ayni paytda, Shvetsiya prokuraturasi ham bu haqda hanuz jim. Bu ishni tergov qilayotgan prokuror Krister Petersson o‘tgan yilning 16 oktyabrida "Östersund posten" gazetasiga bergan intervyusida Yuriy Jukovskiyning Rossiyada hibs etilganini na tasdiqlay olishi va na inkor eta olishini bildirgan.

Petersson fikricha, imomga qilingan suiqasd uning siyosiy va diniy faoliyati bilan bog‘liq, biroq uni o‘ldirish ortida O‘zbekiston hukumati va uning maxsus xizmati turibdi¸ degan iddaoni aniq tasdiqlaydigan dalil hozircha yo‘q.

Rossiya Federal xavfsizlik o‘tgan yilning fevral oyida Shvetsiyaning Stromshund shahrida imom Obidxon qori Nazarovni otganlikda gumonlangan shaxsni qo‘lga olinganini aksar Shvetsiya nashrlari xabar qligan edi. Obidxon qori joniga qasd qilganlikda ayblanaëtgan shaxs Shvetsiya politsiyasi ro‘yxatida bo‘lgan telefon apparatidan qo‘ng‘iroq qilganidan keyin qayerdaligi aniqlanib, Rossiya xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingani aytilgan edi.

2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan Obidxon qori Nazarov 2012 yilning fevral oyida o‘z uyi yaqinida otib ketilgan edi.

O‘tgan yilning may oyida Shvetsiya politsiyasi imomni o‘ldirishga uringan shaxsga ërdam berganlikda ayblab, O‘zbekistonning ikki fuqarosini qo‘lga oldi. Er-xotin Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalar 2012 yil iyul oyidagi mahkamada, ehtimoliy qotilga bilmasdan yordam bergani vajidan ozod qilindi.

Suiqasdni bevosita bajarganlikda gumon qilingan 34 yoshli Yuriy Jukovskiy Shvetsiyada O‘zbekiston fuqarosi pasporti va Rossiya Federatsiyasida berilgan haydovchilik guvohnomasi bilan yurgani, jinoyatni sodir etib, Rossiyaga qochib ketgani va keyinchalik Rossiyada hibsga olingani xabar berildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, agarda Jukovskiy haqiqatan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, Shvetsiya hukumatiga ekstraditsiya qilinishi mumkin, agarda u Rossiya fuqarosi bo‘lsa – berilmasligi aniq.

Shvetsiyadagi nufuzli nashrlardan biri "Expressen" gazetasining muxbiri Mayk O‘lander Ozodlik bilan suhbatda Obid qoriga suiqasd qilgan shaxs ushlangani haqidagi ma‘lumotni o‘ta ishonchli manbadan olganliklari va xabar bir necha manbaa orqali tasdiqlanganidan keyingina e‘lon qilinganini aytgan.

O‘lander Shvetsiya va Rossiya o‘rtasida Jukovskiyni ekstraditsiya qilish borasida so‘zlashuvlar borayotgani haqida ham xabar qilgandi.

Bu ma‘lumot ishonchliligiga Obidxon qorining o‘g‘li Dovudxon ham shubha qilmasligini aytgan.

Ozodlik 2013 yil arafasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida istiqomat qilgan 4 dindor hozir Shvetsiyadagi shifoxonada qolayotgan imom Obid qori Nazarovga aloqadorlik aybi bilan hibsga olinganini xabar qilgandi.
XS
SM
MD
LG