Линклар

logo-print
“Turonbank” boshqaruvi raisi Doniyor Orifjonov va “Ipak yo‘li” banki boshqaruvi raisi Rustambek Rahimbekov ishdan olingani aytilmoqda. Ikkala shaxs ham mazkur lavozimlarda o‘n yildan ziyod vaqt davomida faoliyat ko‘rsatgan.

“Turonbank”ning 10 yillik raisi ishdan ketdi


23 yillik tarixga ega “Turonbank”ka 10 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan 38 yoshli Doniyor Orifjonov bank boshqaruvi raisligidan olindi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston bank tizimidagi voqealardan yaxshi xabardor manba ma‘lum qildi.

“Turonbank” raisining yordamchisi bu xabarni tasdiqladi.

- Doniyor Bahtiyorovich hozir ishlamayapti. U kishi ishdan ketgan. Raisimiz o‘zgargan. Hozir Farhod Dilmurodovich Olimov rais bo‘lgan, dedi o‘zini rais yordamchisi deb tanishtirgan yigit.

Suhbatdosh Doniyor Orifjonovning ishdan ketish sabablarini ochiqlamadi.

Ozodlik manbasi Doniyor Orifjonovning endilikda "Turonbank"ning Hissadorlar kengashi raisligiga “ko‘tarilgan”i haqida yozgan.

Biroq “Turonbank” raisi yordamchisi buni inkor qildi.

- Yo‘q, bizda bunaqa ma‘lumot yo‘q. U kishi biror joyga o‘tgan bo‘lsa, aytardim o‘sha yerga o‘tdi deb. Lekin hozircha bunaqa ma‘lumot yo‘q,- dedi o‘zini rais yordamchisi deb tanishtirgan yigit.

Nizom kapitali 23,8 milliard so‘mni tashkil etuvchi “Turonbank” O‘zbekistonda ilk ochilgan tijorat banklaridan biri hisoblanadi. Bankning rasmiy saytida yozilishicha, 1990 yilning 6 noyabrida davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Turonbank”ning bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 18 ta filiali, 150 dan ziyod qo‘shimcha bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.


“Ipak yo‘li” bankining 15 yillik raisi hibsga olingan”


Ozodlik manbasi “Ipak yo‘li” banki boshqaruv raisi lavozimida 15 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelgan Rustambek Rahimbekovning ham ishdan olingani haqida xabar qildi.

O‘zini “Ipak yo‘li” banki raisining yordamchisi deb tanishtirgan ayol Rustambek Rahimbekovning ishdan bo‘shaganinini inkor qildi.

- Rustambek Rahmonbekovich hozir davolanishda. Bizda yaqinda attestatsiya bo‘ldi. Rustambek Rahmonbekovichning sog‘ligi yaxshi emas edi. Attestatsiyadan keyin ko‘rinmay qolganiga shunaqa gap qilishdi. Bir haftadan keyin qo‘ng‘iroq qiling. O‘zi bilan gaplashasiz,- dedi o‘zini rais yordamchisi deb tanishtirgan ayol.

Ayni paytda Centrasia.ru saytida Rustambek Rahimbekovning hibsga olingani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Mazkur xabarda aytilishicha, “Ipak yo‘li” bankining Rustambek Rahimbekovdan tashqari yana bir qancha mulozimlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Nizom kapitali 29 milliard so‘mni tashkil qiluvchi “Ipak yo‘li” banki ham 1990 yilda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib ochilgan tijorat banklaridan biri hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG