Линклар

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o'tayotgan Hamdo'stlik kubogi-2013 musobaqasida qatnashayotgan futbol bo'yicha O'zbekiston yoshlar terma jamoasi guruh bosqichi 3-tur uchrashuvida Qirg'iziston bilan 2:2 hisobida durang o'ynadi.

Muddatidan avval chorak finalga chiqib bo'lgan O'zbekiston jamoasi Qirg'izistonga qarshi o'yinni ikkinchi tarkib bilan boshladi. Shunga qaramay o'yinning 25-daqiqasida Ahmadjon Musayev shogirdlari hisobda oldinga chiqib olishdi.

Biroq qirg'izistonlik yoshlar birinchi bo'limning 41-daqiqasida hisobni tenglashtirishdi. Ikkinchi bo'limning 57-daqiqasida esa, kutilmaganda, Qirg'iziston jamoasi hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob 2:1.

Qirg'izsitonliklarning ikkinchi golidan so'ng Ahmadjon Musayev birdaniga maydondagi 6ta o'yinchini almashtirdi. O'yinchilar almashganidan 10 daqiqa o'tib o'zbekistonlik yoshlar hisobni tenglashtirishdi. Golga Temur Hakimov mualliflik qildi.

O'yin so'nggigacha hisob o'zgarmadi - 2:2.

Shunday qilib, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi uch turda 5 ochko to'plagan holda "B" guruhida ikkinchi bo'ldi. Birinchi o'rinni 5 ochko to'plagan, biroq gollar nisbatiga ko'ra O'zbekistondan oldinda bo'lgan Rossiya jamoasi egalladi. O'zbekistonning chorak finaldagi raqibi bugun aniqlanadi.
XS
SM
MD
LG