Линклар

Toshkent viloyatining tog‘li hududlaridagi qishloqlarda bo‘rilar gala-gala bo‘lib, aholining qo‘y va otlariga hujum qilayapti.

Qibraylik Botir akaningi aytishicha, o‘tgan hafta Qibray bilan Chirchiq tumanlari chegarasidagi qishloqlarda yashovchi aholining chorvasiga bo‘rilar hujum qilib, qo‘y va otlarni bo‘g‘izlab ketgan.

- O‘zbekiston bilan Qozog‘iston chegarasiga yaqin yerda Turkvo degan joy bor. Mayskiy postdan o‘tgandan keyin Oqqum degan joy bor o‘shatda. Men eshitganim bo‘yicha, bittasining 15 ta qo‘yini, bittasining 80 ta qo‘yini bo‘g‘izlab ketibdi. Hammasining qornini yorib ketgan deydi. Katta-katta bo‘rilar tog‘dan tushayapti deyapti. Endi u yerlar ochiq joyda. Cho‘l. Tomorqaning o‘rtasida qo‘ra qurib qo‘yadi. Hamma yoq ochiq, deydi qibraylik Botir aka.

Toshkent viloyat Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimi bu xabarni tasdiqladi.

Mulozimning aytishicha, qishloqlardagi aholining qarovsiz qolgan chorva mollariga bo‘rilar galasi hujum qilayotgani holatlar kuzatilayapti. Biroq mulozim talofotlar ko‘lami borasida aniq raqamlar yo‘qligini ta‘kidladi.

"Bo‘rilarning aholi chorvasiga hujum qilishi kuzdan buyon davom etayapti. Kuzda bir kunda bitta qishloqda uchta otni bo‘g‘izlagan holati qayd qilindi. Lekin barcha talofotlarni sizga aniq ayta olmayman. Buning uchun barcha qishloqlardan ma‘lumotlarni yig‘ib chiqib, hisob-kitob qilishimiz kerak", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda mulozim.

Uning aytishicha, bo‘rilar hujumi ayniqsa Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududlaridagi tog‘li qishloqlarda ko‘proq kuzatiladi.

Uzmetronom.com sayti ham Toshkent viloyatining Qibray tumani Nayman qishlog‘idagi aholi chorvasiga bo‘rilar hujum qilgani haqida xabar qildi.

Sayt xabariga ko‘ra, 17 yanvar kuni Nayman qishlog‘ida bo‘rilar galasi 7 ta ot va 14 ta qo‘yni bo‘g‘izlagan.

Ozodlik muxbiri Toshkent viloyatining tog‘li hududlaridan bo‘lgan Bo‘stonliq, Chirchiq va Qibray tumanlaridagi militsiya bo‘limlari bilan bog‘langanida, uchala tuman IIB xodimlari ham aholi chorvasiga bo‘rilar hujumi bo‘layotganini inkor qilishdi.

Qibraylik militsiya xodimi agar “qishloqlarga bo‘ri oralasa ularga qarshi birinchi bo‘lib militsiya xodimlari kurashishini aytib, hozircha aholidan bo‘ri hujumi borasida shikoyat tushmagani”ni ta‘kidladi.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkent viloyat Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining mulozimiga ko‘ra, chorvasini bo‘ri bo‘g‘izlagan aholiga davlat tomonidan hech qanday moddiy yordam berilmaydi.

Mulozimga ko‘ra, aynan shuning uchun ham aholi bo‘rilar hujumi borasida militsiyaga murojaat qilmaydi.

Shuningdek, suhbatdoshga ko‘ra, hozirda bo‘rilar galasiga qarshi kurashish uchun deyarli hech narsa qilinmayapti.

“Bo‘rini ovlash juda qimmatga tushadi. Avvallari bitta bo‘ri otgan ovchiga bitta qo‘y va pul berilardi. Hozir bunaqa narsalar yo‘q. Agar fermerlar mukofot berishni yo‘lga qo‘ysa yaxshi bo‘lardi. Qo‘lida ovchilik hujjati borlarga davlat bio nazorati tashkiloti bo‘rilarni ovlashga ruxsat berishi mumkin. Lekin o‘q-dorining narxi, yo‘l harajatlarini hech kim inobatga olmayapti. Bo‘ri ovlash juda harajatli ish. Hozir bu harajatni qoplaydigan tashkilotning o‘zi yo‘q”, dedi mulozim.

Ozodlik muxbiri Qibray,Chirchiq va Bo‘stonliq tuman hokimliklariga ham murojaat qildi. Chirchiq va Qibray tuman hokimliklari xodimlari bo‘rilar hujumi borasida hech qanday ma‘lumot yo‘qligini aytishdi.

Bo‘stonliq tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi esa, aholi chorvasiga bo‘ri hujumi masalasi bo‘yicha nazorat hokimning birinchi o‘rinbosari Elmurod Po‘latovning zimmasida ekanini aytdi. Biroq Po‘latov selektor yig‘ilishida bo‘lgani bois u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Adliya vazirligining rasmiy nashri “Inson va qonun” gazetasining joriy yil 8 yanvardagi sonida ham Jizzaxning G‘allaorol va Forish tumanlarida bo‘ri va tulkilar ko‘paygani haqida xabar qilingan edi.

Lekin Jizzax viloyat hokimligi, G‘allaorol va Forish tumanlari hokimliklari bo‘rilar ko‘paygani haqidagi xabarni rad qilishgan edi.
XS
SM
MD
LG