Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:24

O‘zbekistonda 526 kilometr yo‘l quriladi va ta‘mirlanadi


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 526 kilometr masofadagi avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruktsiya qilish uchun 1,2 trillion so‘m sarflanadi. Bu rasmiy kursda 602 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Biroq yo‘l qurilishida qatnashayotgan o‘zbekistonlik quruvchilar fikricha, qurilishga sarflanayotgan mablag‘ning asosiy qismi o‘g‘irlanayotgani bois, mamlakatdagi yo‘llar xarob ahvolda qolmoqda.

O‘zbekistonda 2013 yilda xalqaro standartlarga javob beradigan 526 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruktsiya qilish, Qamchiq dovonida 71 kilometrlik avtomobil yo‘li uchastkasida rekonstruktsiya ishlarini yakunlash, shuningdek, qator ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarni barpo etish rejalashtirilmoqda.

Ushbu maqsadlar uchun 1 trillion 200 milliard so‘m, shu jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 870 milliard so‘mdan ortiq hamda xalqaro moliya institutlari – Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Arab Muvofiqlashtirish guruhining qariyb 120 million dollarga teng mablag‘larini yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2012 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida aytdi.

“O‘zavtoyo‘l” davlat hissadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, asosiy mablag‘ yo‘llarni rekonstruktsiya qilish uchun sarflanadi:

- Yo‘l rekonstruktsiyasi deganda yo‘lning kategoriyasi o‘zgaradi. Masalan bizning yo‘llar birinchi kategoriyada qurilgan bo‘lsa, endi 1 “A”, 1 “B” kategoriyalar chiqdi. Agar avtomobil yo‘lllari bu yangi kategoriyalar bo‘yicha qoplansa yanada mustahkam bo‘ladi, -deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat hissadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Uning aytishicha, quriladigan va rekonstruktsiya qilinadigan yo‘llarning tannarxi ularga ketgan xarajatga qarab har xil bo‘ladi. Bu borada aniq bir narxni aytish juda qiyin, deydi mulozim.

O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishiga har yili mamlakat byudjetidan va xorijiy tashkilotlardan juda katta mablag‘lar ajratiladi. Biroq, avtomobil haydovchilariga ko‘ra, mamlakat yo‘llari hanuz xalqaro standartlar talabiga javob bermaydi.

“O‘zavtoyo‘l” DAKning Buxoro viloyati bo‘limida ishlayotgan, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan quruvchiga ko‘ra, agar yo‘llar qurilishi va rekonstruktsiyasi uchun ajratilgan barcha mablag‘ maqsadli sarflanganda edi, bu yo‘llar Yevropa yo‘llaridan qolishmagan bo‘lardi:

- Bu juda murakkab jarayon. Masalan, avval yo‘l qurilishidagi tenderni yutib olish uchun, tender bahosidan 20 foiz otkat berish kerak. Bo‘lmasa sizning qurilish tashkilotingiz bu tenderni yutib ololmaydi. Agar yuqoriga 20 foiz berilsa, endi pastdagilari 40 foizini yeydi. Agar 25 santimetr asfalt bosish kerak bo‘lsa, 15 santimetr bosiladi. Shunday qilib, yuqorida ajratilgan mablag‘ yuqoridan kamirilishni boshlaydi. Ko‘ribsizki, natijada yo‘l sifatsiz quriladi yoki remont qilinadi.

Men bu gaplarni aytayotib yomonlayotganga o‘xshab qolyapman. Lekin ichim achiydi, chunki bu bizni vatanimiz, bizning yo‘llarimiz. Axir men ham yo‘lda yuraman, shoferlar mendan so‘raydi, “sen ham shu yo‘lda ishlaysan, har yili yo‘l solig‘i to‘laymiz, hukumat yana shuncha pul ajratadi, nega yo‘llar xarob”, deb so‘raydi. Men ham gap eshitamanda oddiy odamlardan, shunga yuragim achiydi, deydi “O‘zavtoyo‘l” DAKning Buxoro viloyati bo‘limida ishlaydigan quruvchi.
XS
SM
MD
LG