Линклар

O‘zbekistonda majburiy mehnat Stalindan qolgan meros sifatida qaraladi. Hukumat tepasida o‘tirganlar bu an‘anani Katta Farg‘ona kanalidek mashaqqatli loyihani yoshu qarini tekinga ishlatib amalga oshirgan Stalindan o‘rgangan.

Bu yil minglab o‘zbek ziyolilarini qatag‘on qilgan Iosif Stalin vafot etganiga 60 yil to‘ladi. Sobiq sovet kommunistlarining stalinizmdan rasman voz kechganiga 57 yil bo‘ldi.

Rasmiy bayonot va va‘zlarida voz kechganlari bilan kommunistlar amalda stalinizmdan voz kecholmadilar va Stalin lagerlarida o‘lgan-o‘ldirilgan millionlab aristonning suyaklari ustiga qurilgan Sovet davlati oxir-oqibat parchalanib bitdi.

Bu parchalanish stalinizmdan batamom qutulishning tarixiy imkoniyati edi.

O‘zbeklar 67 yil burun bu tarixiy imkoniyatdan foydalana oldilarmi¸ bugungi o‘zbek jamiyati tiynatida totalitarizm¸ repressiya timsoli sifatida ko‘riladigan stalinizmning ulushi qancha?

Nega Stalin tug‘ilgan yurtda bekor bo‘lgan taqiq va cheklashlar O‘zbekistonda hanuz amalda?

Navbatdagi hikoya O‘zbekistondagi Stalin davrida joriy qilingan majburiy mexnat mahsuli bo‘lgan qurilishlar haqida.


45 kunlik jahannam


Iosif Stalin nomidagi Katta Farg‘ona kanali (hozir Usmon Yusupov nomida) 1939 yili 45 kun ichida qurilgan.

O‘sha davr targ‘ibot matbuotida “kolxozchilar tashabbusi bilan qurildi” deya aytilgan bu kanal Stalin buyrug‘iga ko‘ra 160 ming kishining majburiy mehnati evaziga barpo qilindi.

45 kun ichida 160 ming kishi maosh olmasdan¸ ochin-to‘qin holda o‘z shaxsiy ketmoni bilan 270 kilometr trassadan 17¸8 million kubometr tuproq qazib chiqardi.

42¸2 ming kubometr beton qo‘lda qorilib qo‘lda quyuldi. 45 ta kattav a 275 mayda gidroinshootlar tiklandi.

Sovet davrida siyosiy mahbus sifatida jazo o‘tagan 72 yashar Mirtemir Mirabdullayevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ bu kanal Stalin tarafidan o‘zbeklarni majburan qulday ishlatish evaziga qurilgan:

- Suyaklar ustiga qurilgan kanal bu. Odamlarni gala-gala qilib majburan olib kelib ishlatishgan. Har bir mahalla¸ har bir guzar raznaryadka asosida kanal qurilishiga qul yetkazib turish majburiyatini olgan. Kim qarshi bo‘lsa xalq dushmani deb otilgan. Qancha-qancha odam kanal qazish chog‘ida sillasi qurib o‘lgan. Brigadirlar urib o‘ldirgan holatlari ham bo‘lgan. Nimasini aytasiz¸ o‘sha paytda barcha qurilishlar majburiy mehnat evaziga barpo etilgan¸ deydi Mirtemir Mirabdullayev.

Suhbatdoshga ko‘ra Katta farg‘ona kanali Belomorkanal tajribasi asosida qurilgan.

Stalin nomini tashigan Belomorkanal (Belomórsko-Baltíyskiy kanál) 1931 yilda rekord qisqa muddatda qurilgan edi.

Stalinparast narkom Genrix Yagoda va qamoqxonalar boshlig‘i Matvey Berman rahbarligida Belomorkanal mahbuslarning majburiy mehnati asosida qurildi.

120 ming mahbus tarafidan qazilgan Belomorkanal¸ Katta Farg‘ona kanali qurilishi uchun namuna bo‘ldi.

Faqat O‘zbekistonda kanal qazishga loyiq shuncha mahbus yo‘q edi¸ ammo buning ham yo‘lini topishdi deydi Mirtemir Mirabdullayev:

-O‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbarlari butun o‘zbek xalqini qamoqdagi mahbusdan ham past ko‘rishgan. Butun Farg‘ona aholisi qul kabi kanal qazishga tashlangan. Maxsus instruktsiyaga ko‘ra faqat o‘ta zarur hollarda texnika ishlatilgan¸ deydi Mirtemir Mirabdullayev.

Katta Farg‘ona kanali mardikorlari ixtiyorida o‘zlari bilan olib kelgan 160 ming ketmon¸ 1500 dan ziyod ot, 11881 ta arava, 7205 ta ko‘tarma zambil g‘altak bor edi.

Asosiy mehnat quroli esa ketmon edi. Mardikorlarning kuchi yetmagan joylardagina maxsus texnika ishlatilgan.

245 ta traktor¸14 ekskavator va 420 avtomobil maxsus nazorat ostida avaylab ishlatilgan.

Katta Farg‘ona kanalida ishlagan mahalliy aholi tuganmas resurs sifatida ko‘rildi.

Katta Farg‘ona kanali qurilishi haqida Malik Qayumov suratga olgan kinokadrlarda yarim yalang‘och tarzda ketmon chopayotgan minglab mehnatkashlar armiyasi aks etgan.

O‘zbek Sovet Ensiklopediyasining Katta Farg‘ona kanali haqidagi maqolasida to‘rtta surat ketma-ket berilgan.

Birinchi suratda ketmon ko‘targan minglab yarim yalang‘och erkaklar tasvirlangan.

Ikkinchi suratda zambilda tuproq tashiyotgan minglab xotin qizlar aks etgan.

Uchinchi suratda esa ishchilar ustida karnay chalayotgan musiqachi tasviri muxrlangan.

1964 yil Toshkentda vafot etgan Fathiddin qorining nevarasi o‘z bobosidan eshitganlarini Ozodlik muxbiriga gapirib berdi.

O‘sha paytda qamoqda jazo o‘tagan Fathiddin qori boshqa mahbuslar qatori kanal qazishga majburlangan. Kanal qazib sillasi qurigan mehnatkashlar ochlikdan ildizlarni yeyishganini Fathiddin qori o‘z nevarasiga hikoya qilib bergan.


Egri karnay ostidagi mashaqqat


Kanal qurilishi O‘zbekistonda ulkan targ‘ibot kampaniyasi vositasida ulug‘landi.

“Pravda” va “Izvestiya” kabi ittifoq ¸“Qizil O‘zbekiston” kabi respublika gazetalari kanal qurilishini ulug‘lovchi maqola va ketmon ushlab do‘ppi kiygan mehnatkashlar surati bilan to‘ldi.

Tamaraxonim boshchiligidagi o‘zbek san‘atkorlari ketmonchilar hordig‘ini chiqarishga safarbar qilindi.

Farg‘onalik qiziqchi Yusufjon qiziqning eslashicha¸ o‘sha paytda ketmonchilar ustida simfonik orkestr klassik kuylar chalib turgan.

O‘shanda Yusufjon qiziqning” osh yo‘q¸ non yo‘q egri karnayingdan o‘rguldim¸” deb hazil qilgani eslanadi.

"Katta Farg‘ona kanali xalqning o‘z ixtiyoriga ko‘ra qazilgan muhtasham loyiha" degan afsona sovet davrida parvarishlanib bizning kunlarimizgacha yetib keldi.

Katta Farg‘ona kanali qurilishini pushti rang afsonaga aylantirganlardan biri yozuvchi Said Ahmad bo‘ladi.

Said Ahmad o‘zining “Ufq”¸ “Qirqbesh kun” asarlarida sovet kishilarining o‘z azmi ixtiyori bilan kanal qazigani madh qildi.

Albatta umrining oxirida Said Ahmad bu borada pushaymonlik satrlarini ham yozdi:

“Biz hammamiz, jami ijodkorlar oftobda kuyib, kechalari chivinga talanib, qum bo‘ronlarida yuz-ko‘zini doka bilan o‘rab ishlayotgan yupun odamlarni yurak amri bilan vatanparvarlik burchini ado etgani kelgan, chinakam fidoyi, ongli, ilg‘or sovet grajdanlari deb ta‘rifladik”. degan adib maqola davomida : “Aslida shundaymikin?” degan savol qo‘yadi va shunday alamli mushohadalarni o‘rtaga tashlaydi: “Bu to‘g‘rida biron daqiqa bo‘lsin o‘ylab ko‘rmadik. Qaytaga ularni baxtiyor, to‘kin sovet oilasi, deb ta‘rifladik. Hatto, cho‘l shamollaridan qorayib sopolga o‘xshab ketgan yuzlarini go‘zallik timsoli, deb tasvirladik. Ketmondan qadoq bo‘lib ketgan qo‘llarini “oltin qo‘llar” dedik”. Eng achinarlisi, “Ichingda shuncha gap bor ekan, nega miq etmay yuribsan, deb hech kim so‘ramadi...”

Said Ahmad bu misralarni yozgan mustaqillik davri hali Stalinizm asoratlaridan qutulish va tazarru davri emas edi.

Shu bois mustaqillik davri matbuoti Katta Farg‘ona kanali tagida qolgan o‘zbek mehnatkashlatrining suyaklari haqida bir satr ham yozmadi..

- Agar 1937 yilda minglab o‘zbek ziyolilalar Stalin buyrug‘iga ko‘ra otilgan bo‘lsa¸ 1939 yilda minglab mehnatkashlar Stalin irodasi mahsuli bo‘lgan kanal qurilishida azob chekdilar. Ko‘p mehnatkashlar o‘sha yerda o‘ldi. Ularni xotirlash va Stalindan meros majburiy mehnatga barham berish kerak¸ deydi sobiq siyosiy mahbus¸ dissident Mirtemir Mirabdullayev.

Davomi bor
XS
SM
MD
LG