Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 15:56

Chechenistonga Muhammad alayhissalomga oid atiqalar keltirildi


Maxsus qutilardagi atiqalarni aeroportdan Grozniy markazidagi Hoji Ahmad masjidiga eltish vazifasini Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov va o‘zbekistonlik taniqli shayx¸ sobiq muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ado qildi.

Grozniyga keltirilgan atiqalar ichida Islom payg‘ambari Muhammad (s.a.v)ga oid kokil¸ mo‘yi muborak va ichki kiyim parchasi bor.

Shuningdek¸ payg‘ambarning ikki nevarasi Hasan va Husaynlarning sochi¸ payg‘ambarning qizi Fotimaniki deb bilingan oyoq kiyimining tag charmi doxil 13 eksponat Birlashgan Arab Amirliklaridan keltirilib¸ bir yil mobaynida Grozniyda namoyish qilinadigan bo‘ldi.


Mavlud tadbiridagi aziz mehmon


Payg‘ambar mavludi munosabati bilan Grozniyda bu osori-atiqalar namoyishi va mushakbozlik bo‘lib o‘tdi.

Bu bayram kuni Grozniyda jamoat transporti tekin qilib qo‘yilgan. Elga osh tortilgan. Mavlud o‘qilgan masjid ahliga payg‘ambarimiz ichgan tosh kosadan quyilgan suv ehson qilindi¸ deydi Ozodlik muxbiri Aslanbek.



Grozniydagi Ozodlik muxbiri Aslanbekning aytishicha¸ o‘zbekistonlik taniqli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bu tadbirlarning asosiy mehmonlaridan biri bo‘lgan.

Rossiya muftiylar kengashi raisdoshi¸ musulmonlar idorasining sharqiy Rossiya bo‘yicha bosh muftiysi Nasrullo Ashraf hazratlarining Ozodlik muxbiriga bildirishicha¸ Islom payg‘ambari bilan bog‘liq bebaho osori-atiqalarning aeroportdan masjidga keltirish vazifasi katta hurmat bilan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga loyiq ko‘rilgan:

- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf postsovet hududidagi yirik din arboblaridan biri. 90-yillarda musulmonlar orasida katta e‘tiborga ega bo‘lgan. Ikkinchidan¸ u Checheniston prezidenti Ramzan Ahmadovichning otasi¸ marhum Ahmad hojiga ustozlik qilgan. Shayx hazratlari Qodirovlar oilasi bilan eskidan yaqin. Shu bois shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Chechen respublikasi prezidentining va butun chechen xalqining aziz do‘sti sifatida bu vazifaga loyiq ko‘rildi¸ deydi Rossiya muftiylar kengashi raisdoshi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra¸ Abu Dabidan keltirilgan eksponatlar Rossiya hududidagi ilk islomiy qadriyatlar muzeyida bir yil mobaynida saqlanadi. Bir yildan keyin esa bu eksponatlar o‘rnini boshqasi egallaydi.

Checheniston rahbari Ramazon Qodirov o‘tgan yili Rasululloh kosasi deya bilingan osori-atiqani Londondan Grozniyga olib kelgan edi.

Kosa bilan birga Payg‘ambar alayhissalomning muborak ravzalari ustiga uzoq yillar davomida yopib qo‘yilgan ikki qadimiy gilam ham keltirilgan bo‘lib, bu muborak osori-atiqalar Chechenistonda abadiy saqlanadigan bo‘ldi.


Shirkmi yo madaniy yodgorlik?


- 1400 yillik tarixga ega bu osori-atiqalar Islom tarixining bir qismidir. Bu osori-atiqalarning Grozniyda namoyish qilinishi xayrli ishdir¸ dedi musulmonlar idorasining sharqiy Rossiya bo‘yicha bosh muftiysi Nasrullo Ashraf hazratlari Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Payg‘ambarga oid buyumlarning alohida izzat-ikrom qilinishi taqvosi kuchli musulmonlar nazarida islom arkonlariga zid kelib¸ butparastlik ko‘rinishi degan e‘tirozlar bor.

Bu e‘tirozga javob bergan muftiy Nasrullo Ashraf bu eksponatlarning but emas, balki yodgorlik ekanligini ta‘kidlab¸ o‘z gapini hadis billan quvvatladi:

- Inna mal a‘malu bin niyat¸ degan sahih hadis bor. Odamning har hatti-harakati uning niyati bilan o‘lchanadi. Agar kimdir buyumga topinsa¸ albatta, bu johiliyat alomatidir. Ammo men payg‘ambarimiz sochi yoki u kishiga oid libos parchasi sig‘inish ob‘ekti deb o‘ylamayman. Bunga madaniy merosni asrash deb qarash kerak¸ deydi muftiy Nasrullo Ashraf.
XS
SM
MD
LG