Линклар

Internet foydalanuvchilari orasida ancha tanilib qolgan Olam.uz yangiliklar portali muassisi – “Mobile Mass Media” mas‘uliyati cheklangan jamiyati vakili saytning 10 kundan ziyod vaqtdan buyon ishlamayotganini texnik nosozliklar bilan izohladi. U ba‘zi axborot vositalarining sayt muassisi bo‘lgan shirkat va uning bosh muharririga nisbatan qator ayblovlar ilgari surilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni inkor etdi.

Olam.uz saytiga oid xabar paydo bo‘lishi bilanoq Ozodlik radiosi sayt muassisi “Mobile Mass Media” mas‘uliyati cheklangan jamiyati bilan bog‘landi.

O‘zini shirkat rahbariyatidan ekanligini pisanda qilgan, lekin ismini aytishni istamagan vakili Olam.uz saytining “texnik nosozliklar tufayli ishlamayotganini” bildirdi.

Olam.uzning Facebookdagi sahifasida esa mana bu xabar paydo bo‘ldi:

“Mobile Mass Media” MChJ (O‘zbekistonning OLAM.uz portali egasi) xabar qiladiki, hozirda saytning vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lgan va o‘z yechimini talab qilayotgan muammolari mavjud. Nosozliklar bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan muddatni hozir aniqlash imkonsizdir”.

Bu qisqa xabar Olam.uzning Facebookdagi sahifasida 29 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 13.00 atrofida, Olam.uz to‘g‘risida CA-NEWS axborot agentligi xabari e‘lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach paydo bo‘ldi.

CA-NEWS axborot agentligi o‘z manbasidan olingan ma‘lumotga tayanib, portal muassisi bo‘lgan shirkat va uning bosh muharriri ustidan o‘tgan yilning noyabrida jinoyat ishi ochilganini xabar qildi.

Agentlik o‘z xabarida shirkat va uning bosh muharririga nisbatan qanday ayblovlar ilgari surilayotganini ham birma-bir sanab o‘tgan.

Biroq Olam.uz sayti muassisi - “Mobile Mass Media” Ozodlik savollariga javob berar ekan, bu xabarni inkor etdi va “shu paytgacha hukumat tomonidan bizga e‘tiroz bo‘lmagan”, dedi.

Lekin u shirkat rahbarining kim ekanligi to‘g‘risidagi savolga “Buni ayta olmayman, bizda hozir rahbar yo‘q”, degan mavhum javob bilan cheklandi.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning fikricha, Olam.uz keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda faoliyat boshlagan, mundarijasi bilan bir-biriga o‘xshab ketadigan va nisbatan dadilligi bilan diqqatni o‘ziga torta boshlagan yangiliklar yorituvchi bir necha saytdan biridir.

-Men, avvalo, bu saytlarning tezkorligini ta‘kidlab o‘tgan bo‘lardim. Bular o‘z boshlariga o‘zlari ish oshirib olishdan qochib, informatsiyani imkoni boricha xolis yoritishga harakat qilsalar ham, odatda u yoki bu muhim mavzuni doim kuzatib borishga urinadi. Masalan, MTS shirkati bilan bog‘liq mojaroni yoritar ekan, mojaro ortidagi turli sabablarni tilga olishdi, shunga o‘xshash boshqa mojarolarni ham yoritishga urinishdi. Bundan tashqari bu saytlarda mushtariylar sharhlariga juda keng o‘rin berishdi. Albatta, bu kenglikni tashqaridagi erkin saytlar kengligi bilan qiyoslash qiyin, lekin O‘zbekiston uchun bu saytlarda bosilgan sharhlarni ancha dadil, deyish mumkin, deydi Aleksey Volosevich.

Toshkentlik jurnalist aytayotgan saytlar qatoriga Gazeta.uz, Anons.uz, Podrobno.uz, Kun.uz kabilarni kiritish mumkin.

O‘zbekistonda media sohasidagi eng so‘nggi shov-shuvli ish 2012 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan edi.

26 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi (Toshkent shahri) “ORIAT” teleradiokompaniyasi direktori Alisher Xoldorov va uning ikki hamkasbini turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilgan edi.
XS
SM
MD
LG