Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:31

O‘zbekistonda qaysi smartfon “moda”da?


OzodJavobning navbatdagi sonida O‘zbekistonda bugungi kunda urf bo‘lgan smartfonlar haqida suhbatlashamiz.

Rossiyaning Novokuznetsk shahrida mehnat qilayotgan namanganlik Shavkat ismli yigit smartfonlar mavzusida murojaat qildi.

“Menda hech smartfon telefon bo‘lmagan. Bu yerda bir ikki tanishlarim smartfon telefon olishgan. Ular rosa maqtashdi. Men ham bahorda Namanganga qaytsam, smartfon olmoqchiman. O‘zbekistonda o‘zi qaysi smartfonni olish mumkin? Eng modniy smartfon qay biri? Keyin anchagina qimmat ekan. Hozir pul yig‘ayapman. O‘zbekistonda smartfonni qanchaga olsa bo‘ladi? Iltimos shularni bilib bersangiz” deya Skype orqali murojaat qildi namanganlik Shavkat.

Toshkentda mobil telefonlar bilan savdo qiluvchi do‘konlarning sotuvchilari yordamida bugungi kunda ommabop telefonlar qaysilar ekanini aniqlashga harakat qildik.

Murod ismli sotuvchi yigitga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonliklar orasida smratfonga qiziqish bildirayotganlar ko‘paymoqda.

- Hozir eng populyarniysi (ommabop demoqchi - tahr.) Galaxy. Samsung Galaxy Note, Galaxy 3, Galaxy 2 bor. Keyin iPhone 4, iPhone 5 ana shular hozir juda populyarniy. Nokia bilan Sony ham bor. Ularning sensorniylari chiqqan. Lekin talab Galaxy bilan iPhone ga ko‘proq, - dedi Murod.

O‘zini Anvar deb tanishtirgan boshqa bir sotuvchisi yigit esa, o‘z xaridorlari orasida boshqa firma ishlab chiqargan smartfonlarga talab ko‘proqligini aytadi.

- Yangi chiqqan HTC One X ga qiziqish ko‘proq. Keyin o‘zi HTC ning turli modellari tez sotiladi. HTC Sensation XE va HTC One V-S lar ham juda xaridorgir, - dedi mikrofonsiz suhbatda toshkentlik sotuvchi yigit.

Ilk suhbatlashganimiz Murod ismli sotuvchi ayrim smartfonlarning narxiga ham to‘xtaldi.

- Samsung Galaxy 1 million 600 ming so‘m, 1 million 200 ming so‘mligi bor. 1 million so‘mligi ham bor. iPhone- 4 narxi 500 dollar, iPhone- 4S narxi 600 dollar, iPhone 5 narxi 800 dollar, - dedi Murod.

Anvar ismli sotuvchi yigit ham do‘konidagi smartfonlar narxi haqida ma‘lumot berdi.

- iPhone-5 narxi 2 million 380 ming so‘m, iPhone-4 narxi 2 million 235 ming 200 so‘m, Smartfon Nokia Lumia 800 narxi 1 million 955 ming 800 so‘m, HTC Sensation XE – 1 million 450 ming so‘m, - dedi Anvar.

MobInfo.uz sayti O‘zbekistonda eng xaridorgir bo‘lgan 10 xil smartfonning narxlarini e‘lon qilgan:

1) HTC One X - 1, 856, 000 so‘m
2) HTC Sensation XE - 1, 450, 000 so‘m
3) Sony Xperia S - 1, 682, 000 so‘m
4) HTC One V - 957, 000 so‘m
5) HTC One S - 1, 769, 000 so‘m
6) HTC EVO 3D - 1, 261, 500 so‘m
7) Samsung Galaxy Note - 1, 595, 000 so‘m
8) HTC Explorer - 493, 000 so‘m
9) Sony Ericsson Xperia mini pro - 609, 000 so‘m
10) Apple iPhone 4S - 2, 117, 000 so‘m


Toshkentlik sotuvchi yigitlarga ko‘ra, poytaxt do‘konlarida asosan, Xitoyda ishlab chiqarilgan smartfonlar sotiladi.

Anvarning aytishicha, Xitoyda ishlab chiqarilgan qalbaki smartfonlar ham ayrim do‘konlarda savdoga qo‘yilgan bo‘lib, ularning narxi juda arzon, masalan qalbaki iPhone telefonlarini 100-300 dollarga xarid qilish mumkin.

Yaqin orada O‘zbekistonning Artel kompaniyasida ishlab chiqarilgan Android telefonlari savdoga chiqariladi. Bu haqda Ozodlikka gapirgan kompaniya vakiliga ko‘ra, yangi telefonlar xorijiy analoglaridan qolishmaydi va ularga nisbatan 30 foiz arzonroqdir.

Shuningdek, joriy yilda O‘zbekistonda Xitoyning ZTE kompaniyasi ham smartfonlar va planshetlarni yig‘ishni yo‘lga qo‘yishi xabar qilingan.

Mahalliy matbuot ma‘lumotiga ko‘ra, ZTE kompaniyasi Peng Sheng shirkati bilan hamkorlikda UZTE qo‘shma korxonasini tashkil etgan.

Strategy Analytics tadqiqot markazi o‘tgan hafta e‘lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2012 yilda dunyo bo‘ylab 1,575 milliard dona mobil telefon sotilgan bo‘lib, bu 2011 yilga nisbatan 1,9 foizga ko‘proqdir.

2012 yilda sotilgan smartfonlar soni esa, dunyo bo‘ylab 700 million donani tashkil qiladi. Strategy Analytics ma‘lumotiga ko‘ra, bu oldingi yilga nisbatan 43 foizga ko‘proq demakdir.

O‘zbekistonda o‘tgan yili sotilgan mobil telefon va smartfonlar haqida aniq ma‘lumot biror joyda e‘lon qilingani yo‘q. Lekin toshkentlik savdogarlar bilan suhbatimizdan o‘zbekistonliklar orasida ham smartfonlar ommabopligi oshib borayotganini ko‘rish mumkin.

Toshkentdagi “Uzinfokom” kompyuter va informatsion texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish markazining ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisiga ko‘ra, O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 9 milliondan ziyod bo‘lib, ulardan 5,2 millioni mobil internet foydalanuvchilari hisoblanadi.

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype ëki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG