Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:50

TeliaSonera aybdor qidirmoqda?


Shvetsiyaning TeliaSonera telekommunikatsiya shirkati prezidenti Lars Nyuberg 2007 yilda shirkat nomidan O‘zbekistonda muzokaralarda qatnashgan Serkan Eldendan kechirim so‘radi. Turkiyalik biznesmen Elden 2007 yilda TeliaSonera asosiy aktsiyadori bo‘lgan Fintur Holdings shirkatining bosh ijrochi direktori lavozimini egallagan. Yaqinda Shvetsiya prokuraturasi oshkor qilgan imeyl yozishmalariga ko‘ra, Elden TeliaSonera O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun Gulnora Karimova odamlari bilan muzokaralar olib borgan.

Serkan Eldin - "gunoh echkisi"?


Shvetsiya rasmiylari tomonidan O‘zbekistonda yuzlab million dollar pora berganlikda ayblanayotgan TeliaSonera oy boshida press-reliz e‘lon qilib, Serkan Elden 2007 yilning iyun oyida Fintur Holdings bosh ijrochi direktori lavozimidan bo‘shatilganini ma‘lum qildi.

2013 yil 8 yanvar kuni ochiqlangan press-relizda TeliaSonera janob Eldenning ishdan olinishiga unga nisbatan “ishonchning yo‘qolgani” sabab bo‘lgani ta‘kidlanadi.

TeliaSonera rasmiylari “ishonchning yo‘qolgani” deganda nima nazarda tutilganini izohlashmadi, lekin ko‘pchilik buni “O‘zbekistonda noo‘rin ishlar qilingan bo‘lsa, asosiy javobgar Serkan Elden”, degan mujda deb qabul qildi.

Lekin Serkan Eldenning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, TeliaSonera prezidenti Lars Nyuberg 22 yanvar kuni undan rasman uzr so‘rab maktub yo‘llagan.


Noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligini tushunamiz, lekin...


Janob Elden Ozodlikka 28 yanvar kuni yuborgan imeyl maktubiga Lars Nyuberg nomidan bitilgan uzr xatini ham ilova qildi. Unda TeliaSonera boshlig‘i 8 yanvar kungi xabarnomadagi so‘zlar “noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligini tushunishi” va shirkatning “bunday niyati yo‘qligi”ni ta‘kidlaydi. Fintur Holdings shirkati ham Eldenning bosh direktor lavozimidagi faoliyatini yuqori baholagani qayd etiladi rasmiy uzrnomada.

Lekin TeliaSonera rahbari o‘z maktubida Serkan Elden “ishonchning yo‘qolgani” bois ishdan olinganini aniq-tiniq rad etmaydi. TeliaSonera rasmiy sayti e‘lon qilingan press-relizdan bunga oid fikrlar ham olib tashlanmagan.

TeliaSonera birinchi vitse prezidenti Sesiliya Edstrom, Ozodlik bilan suhbatda, 58 foizidan ortig‘i shved shirkatiga tegishli Fintur Holdings sobiq bosh ijrochi direktori Serkan Eldenning unga nisbatan “ishonchning yo‘qolgani” sababidan ishdan olinganiga oid bayonot TeliaSonera tomonidan rasman rad qilinmagani, hamda Lars Nyubergning uzrnomasi e‘lon qilinmaganini bunday izohladi.

- Biz uzr maktubini e‘lon qilmadik. Biz janob Serkan Eldenga bu haqda maktub jo‘natdik. Siz tilga olgan 8 yanvar kungi press-relizdagi ma‘lumot, shunchaki, masala tarixiga bir nazar tashlash maqsadida berilgan edi. Lekin shu bilan birga janob Elden 2007 yilda ishdan ketayotgan paytda o‘zaro kelishuvimiz bo‘lgani, lekin press-relizda bu kelishuvga amal qilmaginizni tushunamiz va tan olamiz, deya mujmal javob qaytardi TeliaSonera vitse prezidenti.

Ozodlikning “demak, buni TeliaSonera Serkan Eldenning 2007 yilda “ishonchning yo‘qolgani” vajidan ishdan olinganini inkor qilmaydi deb tushunsa bo‘ladimi?”, va agar shunday bo‘lsa “unga nisbatan “ishonchning yo‘qolgani” 2007 O‘zbekistondagi muzokaralar chog‘ida uning nomaqbul hatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganini anglatadimi?”, degan savollariga Sesiliya Edstrom javob berishdan bosh tortdi. Lekin shu bilan birga TeliaSonera rasmiysi Serkan Elden 2007 yilda Fintur Holdings boshlig‘i sifatida O‘zbekistondagi muzokaralarga yetakchilik qilganini tasdiqladi.

- U o‘sha paytda Fintur Holdings rahbari bo‘lgan va bu jarayonni boshqargan. U muzokaralar uchun javobgar bo‘lgan. Lekin O‘zbekistonda nomaqbul harakatlar haqida hozir izoh bera olmayman, aytib o‘tganimdek janob Elden bilan kelishuvimiz bo‘lgani va bu kelishuvga amal qilmaganimizni tan olishimizni aytishim mumkin, dedi TeliaSonera vitse prezidenti.

Sesiliya Edstrom, seshanba kungi suhbat davomida, Shvetsiya bosh prokuraturasi ochiqlagan imeyl yozishmalarini ham izohlamadi. Bu imeyllar TeliaSonera shu paytgacha ilgari surib kelgan, shirkat O‘zbekistondagi faoliyati davomida Gulnora Karimova bilan aloqa qilmaganiga oid iddaolarni inkor qiladi.

Ayni paytda 8 yanvar kungi press-relizda TeliaSonera 2007 yilda O‘zbekistonda mobil operatorini sotib olish masalasini raqib shirkat – MTS bosh direktori Bexzod Ahmedov bilan muzokara qilganini tan olgan. Shuningdek, press-relizga ko‘ra, mahalliy hamkor Takilant firmasi bilan kelishuv 2007 yilning dekabrida imzolanganda uning yagona xo‘jayini Gayane Avakyan bo‘lgan. Bu firmaning ortida Gulnora Karimova turganiga oid gaplar “mish-mish” darajasida bo‘lgani va bu iddaolar TeliaSonera tarafidan tekshirilib, o‘z tasdig‘ini topmagani ham ta‘kidlanadi xabarnomada.

Edstrom xonim, Ozodlikning “raqib shirkat bo‘lgan MTS bosh direktori Behzod Ahmedov bilan, unga aloqasi bo‘lmagan mobil operatorini sotib olish borasida muzokara qilish qanchalik mantiqqa to‘g‘ri kelgan?”, “TeliaSonera ijrochilarida bu borada shubhalar tug‘ilmaganmi?”, degan savolini ham javobsiz qoldirdi.

- Hozir bu haqda taxminlarni ilgari surishni istamayman. Hozirda biz bu borada ichki tergovni yakunladik va uning natijalari juma kuni e‘lon qilinadi. O‘shangacha, bu haqda hech narsa demagan bo‘lardim, dedi TeliaSonera shirkati birinchi vitse prezidenti Sesiliya Edstrom.

Katta qismi Shvetsiya hukumatiga tegishli bo‘lgan TeliaSonera O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish imkoni evaziga prezident Islom Karimovga yaqin shaxslar, xususan Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganlikda ayblanmoqda. TeliaSonera bu ayblovlarni inkor qilib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG