Линклар

logo-print
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining diplom olish uchun majburiy ravishda topshirayotgan ishga joylashganlik haqidagi ma‘lumotnomalarini tekshirishni boshladi.

12.uz nashri bergan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh prokuraturasida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda aholi bandligini ta‘minlash bo‘yicha hukumat dasturining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish qarori olingan.

Xabarda bundan buyon viloyat prokurorlariga aholining bandligi va bu haqda berilayotgan ma‘lumotnomalarning naqadar haqiqiyligini tekshirish vazifasi yuklatilgani aytilgan.

O‘zbekiston hukumati har yili 1 millionga yaqin yap-yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, xususan oliy va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta‘limi muassasalarini bitirayotgan yosh kadrlarning ish bilan ta‘minlanayotgani haqida hisobotlar berib kelmoqda.

O‘zbekiston hukumatining 2012 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida prezident Islom Karimov ana shu hisobotlarni shubha ostiga oldi va yiliga 1 millionga yaqin ish o‘rinlari yaratilayotgan mamlakatning yoshlari Rossiyada nega mardikorlik qilib yurgani bilan qiziqdi.

Prezident Karimov hukumat yig‘ilishida, kutilmaganda Rossiyada farroshlik qilib yurgan yoshlardan birining vafotiga to‘xtaldi va buning uchun ijro hokimiyatidagi amaldorlarga qattiq dakki berdi hamda O‘zbekiston Bosh prokuroriga aholi bandligi ustidan nazoratni kuchaytirish, ayniqsa, kollejni bitirayotgan yoshlarni ish bilan to‘liq ta‘minlash vazifasini yuklatdi.

Rossiya migratsiya xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mamlakatda 2,4 millionga yaqin o‘zbeksitonlik mehnart muhojiri bor.

Norasmiy kuzatuvlarga ko‘ra, hozir 5 milliondan 8 millionga qadar o‘zbekistonlik mamlakat tashqarisida mehnat qilayotgani aytiladi, ularning aksariyat qismini 16-18 yoshdan 25-30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi.

O‘zbekistonda, odatan 15-16 yoshdan 17-18 yoshga qadar davom etadigan o‘rta maxsus va o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘lim muassasalarida o‘qish majburiydir.

Toshkent shahri va viloyatidagi bir necha kasb-hunar kollejlari rahbarlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, shu hafta boshidan Bosh prokuratura nazoratni kuchaytirish qarori ijrosiga kirishgan.

Mahalliy hokimiyatlarda kollej rahbarlari ishtirokida majlis o‘tkazilgan va bundan buyon bitiruvchilarning ishga joylashganlik haqida keltirayotgan ma‘lumntnomalar ustidan tekshiruv bo‘lishidan ogohlantirilgan.

- Tekshiruv boshlandi, deb aytishyapti. Agar bilib qolishsa, shunaqa quruq spravka bergan muassasaniyam javobgarlikka tortishadi, deb aytishyapti. Lekin hali birorta kollejni shunaqa tekshirib, topishibdi, deb eshitmadik, dedi Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlaridan birining xodimi.

Poytaxtdagi yana bir necha kollej rahbariyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bilim dargohini bitirganlik haqidagi diplom va unga ilovani olish uchun, avvalgidek ishlayotganlik haqidagi ma‘lumotnoma topshirish shartligicha qolmoqda.

- Spravkani olib kelmasa, diplom ham, ilova ham berilmaydi. Shunaqa spravka bo‘lsa bo‘ldi, uni o‘quv bo‘limiga olib kelib topshiradi, keyin diplomini olib ketaveradi, dedi poytaxtdagi yana bir kollejning xodimi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, har yili O‘zbekistondagi umumiy ta‘lim maktablarini 520 mingdan ziyod o‘quvchi tamomlaydi.

Ularning qariyb 500 mingga yaqini mavjud 1400 ta kasb-hunar kollejiga, qolgani esa 135 ta akademik-litseyga o‘qishga joylashtiriladi.

Majburiy ta‘lim doirasida nisbatan ko‘proq afzal ko‘rilayotgan kasb-hunar kollejlarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomni olish uchun esa ishga joylashganlik to‘g‘risidagi ma‘lumotnomani taqdim qilish majburiyatdir.

17-18 yoshli kollej bitiruvchisi biror tashkilotga ish so‘rab borsa, unga ish berishga rozi bo‘ladigan mutasaddining ozligini kollejlarning rahbarlari ham tan olmoqdalar.

Shu bois, diplomni olish uchun keltiriladigan ma‘lumotnomalarning, ko‘p hollarda, pora evaziga tamg‘a bosib berilgan soxta hujjat ekanidan ta‘lim muassasalarining rahbarilari bilvosita xabardor ekanligini yashirmaydi.

- Endi men nima qilishim kerak, aytingda menga?! Sparvka bo‘lmasa, diplomni bermalaring, deyishgan. Mengayam kerakmas o‘sha spravka, bolalarimni qiynagim kelmaydi meniyam, bor ish topib kel, debda. Lekin talab shu, bajarishim shart, dedi Ozodlik muxbiriga mikrofonsiz so‘zlagan Toshkent viloyatidagi kasb-hunar kollejlaridan birining rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ma‘lumotnomaning nusxalari Oliy va kasb-hunar ta‘limi vazirligi hamda mahalliy hokimiyatlarga taqdim qilinadi.

Kollej rahbari buning O‘zbekistonda har yili 1 million ish o‘rni yaratilishi to‘g‘risidagi rasmiy hisobotga tirkalishidan xabardorligini aytar ekan: "Bunaqa masalalarga bizni aralashtirmang, iltimos. Biz vazifamizni bajarayapmiz!" deb javob berdi.

Ayni paytda, kasb-hunar kollejlariga ushbu o‘quv yili yakunida ham bitiruvchilarining ishga joylangani haqidagi ma‘lumotnomalarni taqdim qilish majburiyati yuklatilgan.

12.uz nashrida berilgan xabarga ko‘ra, 2013 yilda O‘zbekistonda yana 972 ming 700 dona yangi ish o‘rnini yaratish rejalangan.

Mahalliy hukumatlarga kasanachilik va oilaviy tadbirkorlik hisobiga 280 mingdan ortiq odam, kichik biznes va tadbirkorlik sohasida esa yana 500 mingga yaqin odamni ishlik qilish vazifasi qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG