Линклар

logo-print

O‘zbek ishi TeliaSonera prezidenti iste‘fosiga olib keldi


TeliaSonera boshqaruv kengashi Mannheimer Swartling hisoboti taqdim qilinishi ortidan Lars Nyuyebrgga ishonchsizlik bildirdi.

TeliaSonera boshqaruv kengashi Mannheimer Swartling hisoboti taqdim qilinishi ortidan Lars Nyuyebrgga ishonchsizlik bildirdi.

TeliaSonera bosh ijrochi direktori Lars Nyuberg iste‘fo berdi. O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar miqdorida pora berganlikda gumon qilinayotgan TeliaSonera o‘tkazgan ichki tekshiruv natijalari juma kuni e‘lon qilindi. Unda aytilishicha, katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera O‘zbekistonda pora berganini tasdiqlovchi dalillar topilmagan bo‘lsa-da, 2007 yilda shirkat vakillari Gulnora Karimova bilan aloqa o‘rnatishga uringani korruptsiya ro‘y bergani ehtimoli borligini ham inkor qilib bo‘lmaydi.

Lars Nyuberg TeliaSonera buyurtmasiga ko‘ra Mannheimer Swartling advokatlik firmasi o‘tkazgan ichki tekshiruv natijalari ochiqlanishi ortidan iste‘foga chiqdi.

Sobiq prezident e‘lon qilgan bayonotda “Mannheimer Swartling TeliaSonera pora berish va pul yuvishga aralashganiga oid iddaolarni tasdiqlovchi faktlarni topmaganidan mamnunman”, deyiladi.

“Lekin shu bilan birgalikda Mannheimer Swartling xulosalarida TeliaSonera shirkati O‘zbekistonga sarmoya kiritishdan avval mahalliy hamkor kimligi va TeliaSonera undan sotib olgan aktivlarni qayerdan olgani borasida sinchkovlik bilan tekshirmaganlikda tanqid qilingan. Bu oldi-berdi qonuniy bo‘lgan bo‘lsa-da, biz mahalliy hamkor to‘g‘risida ko‘proq ma‘lumotni qo‘lga kiritmasdan, aktivlarni sotib olmasligimiz kerak edi. Men bundan afsusdaman”, deya bildirdi yana Lars Nyuberg.

Bayonotda aytilishicha, TeliaSonera boshqaruv kengashiga Mannheimer Swartling hisoboti taqdim qilinishi ortidan kengash a‘zolari Lars Nyubergga ishonchsizlik bildirgani oqibatida, u ketishga qaror qilgan.

Ayni paytda, TeliaSonera boshqaruv kengashiga hisobotni taqdim qilgan Mannheimer Swartling vakili Byorn Risedan iqtibos keltirilgan press-relizda, TeliaSonera asosiy aktsiyador bo‘lgan Fintur Holdings shirkati Gulnora Karimova bilan aloqa o‘rnatishga uringani va korruptsiya ro‘y berganiga ishora qiluvchi dalillar bo‘lmasa-da, buni to‘la ishonch bilan inkor etib bo‘lmasligi ham e‘tirof etiladi.

“Korruptsiyalashgan mamlakatda biznes yuritar ekansiz, TeliaSonera dan ko‘ra ehtiyotkorroq va sinchkovroq bo‘lishingiz kerak. Agar mahalliy hamkor kimligini bilmasangiz, boz ustiga, undan sotib olayotganingiz aktivlarni hamkoringiz qayerdan olganini ham bilmasangiz, bu yerda korruptsiya aralashmaganiga to‘la ishonch hosil qila olishingiz ham qiyin bo‘ladi”, deya ta‘kidladi Mannheimer Swartling tekshiruvini boshqargan Byorn Rise.

Hisobot xulosalariga ko‘ra, “TeliaSonera aloqa to‘lqinlari va raqamlar seriyasini sotib olishga kelishib olagan paytda, mahalliy hamkor, keyinchalik Takilant va uning sho‘‘basi Teleson Mobile bu aktivlarni qayerdan olganidan bexabar bo‘lgan”.

TeliaSonera 2007 yil iyul oyida O‘zbekistondagi Coscom uyali aloqa operatori ulushlarining 74 foizini qariyb yarim milliard AQSh dollariga sotib olgan. Keyinchalik Ucell deya nomi o‘zgartirilgan shirkatning 26 foiziga egalik qilgan Takilant Ltd. shirkati yana 20 foizlik ulushni 2010 yilda 320 million AQSh dollariga sotgan.

Shvetsiya prokuraturasi dekabr oyida ochiqlagan imeyl yozishmalariga ko‘ra, Takilant Ucell shirkatining qolgan 6 foiz ulushini o‘tgan yilning aprelida 85 million AQSh dollariga sotishga uringan. Lekin o‘sha paytda Shvetsiyada Ucell mobil operatori O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga o‘z mijozlariga oid ma‘lumotlarni bergani bilan bog‘liq janjalning chiqishi ortidan bu amalga oshmay qoladi.

Takilant firmasining xo‘jayini Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan Shvetsiya prokuraturasi tomonidan TeliaSoneradan pora olganlikda gumon qilinib, tergov qilinmoqda.

TeliaSonera ijrochilari o‘rtasidagi 2007 yilga doir imeyl yozishmalariga ko‘ra, o‘sha paytda Takilant nomidan shvedlar bilan raqib shirkat bosh direktori Behzod Ahmedov muzokara qilgan. Yarim yildan beri qayerdaligi noma‘lum qolayotgan Ahmedovning ham Gulnora Karimovaga yaqin aloqasi bo‘lgani bois Takilant ortida O‘zbekiston prezidentining qizi turgani aytiladi.

Shvetsiya prokraturasi bu ish bo‘yicha olib borayotgan tergovda Behzod Ahmedov, Gayane Avakyandan tashqari, Gulnora Karimovaga yaqin aloqasi borligi aytiladigan yana bir O‘zbekiston fuqarosi Alisher Ergashev ham gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

Shvetsiya prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Gunnar Stetler TeliaSonera ichki tekshiruvi xulosalari yuzasidan bunday munosabat bildirdi.

- Tushunishimcha, ichki tergov yetakchisi jinoyat sodir etilganini tasdiqlay olmasligini aytgan. Lekin boshqa tomondan, u jinoyat sodir etilganini inkor eta olmasligini ham aytmoqda. Men boshidanoq jinoyat sodir etilgan, degan xulosani berganim yo‘q. Jinoyat sodir etilganiga ishora qiluvchi jiddiy gumonlar borligini aytib kelganman, dedi Gunnar Stetler.

22 yanvar kuni Stokholm mintaqaviy sudi Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytilayotgan va TeliaSoneradan yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora olganlikda gumon qilinayotgan Takilant Ltd. firmasining 1,8 milliard shved kronasiga (275 million AQSh dollari) teng mablag‘ini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

O‘tgan oyda Shvetsiya Oliy appelyatsion sudi TeliaSonera mobil shirkati O‘zbekistonda pora bergani bilan bog‘liq ishning Shvetsiya huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov qilinishiga ruxsat berdi. Ayni qarorga binoan Shvetsiya prokuraturasi xorijliklarni ham bu ish doirasida tergov qilishi mumkin. Ozodlik muxbirining pora olganlikda gumon qilinayotgan Gayane Avakyan, Behzod Ahmedov va Alisher Ergashev Shvetsiya prokuraturasi tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinmi, degan savoliga Shvetsiya prokuraturasi “ha”, deb javob berdi.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun prezident Islom Karimovga yaqin shaxslar, xususan Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganiga oid ayblovlar ilk bor o‘tgan yilning sentyabr oyida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi namoyish qilgan “TeliaSonera – o‘zbek ishi” nomli hujjatli filmda ilgari surildi.

Dekabr oyida shved jurnalistlari “TeliaSonera va Diktatorning qizi” nomli navbatdagi surishtiruv reportajini efirga berdi.

Bundan tashqari Shveytsariyada ham bu ishga bevosita aloqasi bo‘lgan pul yuvish va pora olish jinoyat bo‘yicha tergov ketmoqda. Shveytsariyadagi jinoyat ishida ham Behzod Ahmedov, Gayane Avakyan va Alisher Ergashev figurant sifatida o‘tmoqda.
XS
SM
MD
LG