Линклар

logo-print
Toshkentda qoidasiz janglar o‘tkaziladigan yashirin klublar gullab-yashnamoqda. Britaniyadagi Urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR) tarqatgan xabarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston poytaxtida shafqatsiz va murosasiz qonli janglar o‘tkaziladigan kamida o‘nta xufiya ring mavjud.

O‘zbekistonda bedana, xo‘roz, it, qo‘chqor urushtirish azaldan mavjud. So‘nggi yillarda esa Toshkentda odam urishtirish, ya‘ni qoidasiz janglar tashkil etila boshlandi.

O‘zbekistonda sportning bu turiga taqiq qo‘yilganiga qaramay, Toshkentdagi mahfiy ringlarda o‘nlab baquvvat yosh yigitlar "gladiatorlar" kabi jonini garovga qo‘yib, qoidasiz jang qilishadi, sog‘ligi va hatto hayotlarini tikishadi.

Ishsizlik va mamlakat aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekistonda qoidasiz olishuvlarning ommalashayotgani, bejiz emas.

Ruslan Chagayev, Muxammadqodir Abdullayev, Artur Grigoryan kabi mashxur bokschilarni yetishtirib chiqargan bu mamlakatda iqtidorli kurashchi sportchilar qashshoqlikdan qutilish va yaxshi daromad, kelajakda yaxshiroq ish topish istiqboli evaziga maxfiy ringlarda qoidasiz jang qilishni afzal bilmoqda.

- Sababi qoidasiz janglarda qatnashadigan kurashchilarga katta miqdorda gonorar to‘lanadi, ularga kelajakda kuch ishlatar tizimlarida ish va‘da qilinadi,- deydi o‘z ismini aytmagan toshkentlik jurnalistlardan biri.

Bunday shafqatsiz va murosasiz qonli janglarda qatnashadigan sportchilar oyiga 1000-1500 dollar topishlari mumkin. Bu O‘zbekiston o‘lchamida oz oylik emas.


Sportchilar pul va karyera uchun jonini tikishga tayyor


Urush va tinchlikni yoritish instituti muxbiriga ko‘ra, 22 yashar andijonlik bokschi Behzod o‘tgan yil sportdagi karyerasini tiklash o‘yida Toshkentga kelgan. Lekin, uzoq yil boks bilan shug‘ullangan va ko‘plab xalqaro musoboqalarda qatnashgan sportchiga katta gonorar evaziga nolegal ringdagi qoidasiz jangda qatnashishni taklif qilishgan, Behzod bunga rozi bo‘lgan.

O‘z ismini aytmagan boshqa bir sportchi esa qoidasiz janglar qilib sog‘ligini yo‘qotgani, jigari va bo‘yragini mayib qilganini aytadi.

"Rossiyaga ketishdan ko‘ra, bu yerda hayotimni tikib bo‘lsa ham, pul ishlashni afzal bildim", deydi u IWPR muxbiriga.

O‘zbekistonda qoidasiz janglar rasman taqiqlangan. Shu bois Toshkentda murosasiz olishuvlar ko‘zlardan nari, chekka hududlarida, turar joy binolari yerto‘lasi yoki maxsus ijaraga olingan joylarda o‘tkaziladi.

- Jangda qatnashadigan sportchilar o‘z ismlari bilan chiqishmaydi. Ular, har xil laqablar, masalan “Buqa”, “Oq ayiq” kabi nomlar bilan ringga tushishadi. Olishuvlar bo‘ladigan joy maxsus qo‘riqlanadi, u yerga hamma-hamma ham kiritilmaydi, faqat maxsus odamlar uchun ochiq u yer,- deydi toshkentlik jurnalist.


Bizda qoidasiz jang taqiqlanganku


Toshkentdagi Sharqiy yakka kurash markazi bosh kotibi Eduard Li O‘zbekistonda murosasiz janglar o‘tkaziladigan xufiya klublar mavjudligini rad etdi.

- Bizda qoidasiz jang taqiqlanganku. Bunday klublar bo‘lsa, darhol yopishadi,- deydi Eduard Li.

O‘zbekiston Txekvondo uyushmasi vakillari ham Toshkentda qoidasiz janglar o‘tkaziladigan ringlar borligidan bexabar ekanliklarini aytishdi.

Txekvondo uyushmasining o‘z ismini aytmagan murabbiylaridan biri murosasiz jang o‘tkazilishiga qarshi ekanini aytadi.

- Bunaqa bespredelni hach keragi yo‘q bizga. Sport bu jang emas, sport bu sog‘omlashtirish, san‘at, bu mahorat. Bir birini qonga belatib, urish yaxshi emas. Eng zo‘ri o‘zimizni txekvondo. Bizda elektron protektorlar bor, oyoq sal tegsa bo‘ldi, chiroq yonadi, ochko hisoblanadi o‘sha. Bir birovni tepib, ozor berish kerak emas,- deydi O‘zbekiston Txekvando uyushmasi murabbiysi.

Ammo, Toshkentdagi Kikboksing uyushmasining o‘z ismini aytmagan mas‘ullaridan biri O‘zbekistonda qoidasiz jang qila oladigan kurashchilar ko‘p ekani va ular xalqaro musboqalarda qatnashayotganini e‘tirof etadi.

- Qoidasiz jang O‘zbekistonda taqiqlangan. Lekin o‘zbekistonliklar boshqa davlatlarda bo‘ladigan murosasiz janglarda qatnashishadi. MMA bo‘yicha sportchilarimiz bor, chunki ular kikboks bilan ham, tayland boksi bilan ham, jangovor sambo bilan ham shug‘ullanishadi. Bu janglarni qoilmaqom qiladigan kamida 20-25 nafar yigitlarimiz bor,- dedi Kikboksing uyushmasining vakili.

O‘zbekistonliklar orasida qoidasiz jang bo‘yicha chempionlar ham chiqqan.

Samarqandlik Sunnat Ilyosov 2003 yilda sportning bu turi bo‘yicha jahon chempioni titulini qo‘lga kiritgan.
XS
SM
MD
LG