Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:20

NYT: O‘zbekiston NATO qurollarining bir qismiga ega bo‘lish istagida


Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar 2014 yil oxirigacha bu mamlakatdan olib chiqilishi rejalangan. O‘zbekiston G‘arb harbiy yuklari o‘z hududi orqali o‘tishi evaziga NATOdan transport va harbiy texnikaning bir qismini O‘zbekistonda qoldirib ketish haqida kelishuvga erishishni istamoqda. Ayni paytda bu Rossiyani tashvishga solmoqda.

Nyu York Tayms gazetasida Afg‘onistondagi G‘arb kuchlari O‘zbekiston orqali olib chiqilishi evaziga Toshkent NATOdan ortiqcha transport va harbiy texnikani O‘zbekistonda qoldirib ketishi haqida kelishuvga erishishni istayotgani haqida maqola e‘lon qilindi.

“NATO Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda O‘zbekiston rasmiylari ortiqcha transport va boshqa harbiy uskunalarni qoldirib ketsangiz, chiqib ketish uchun yo‘l beramiz, qabilida kelishuvga erishishni xohlamoqda”, deyiladi muallif Endryu Kramerning Nyu York Tayms gazetasida 31 yanvar kuni chop etilgan maqolasida.

Jahon bo‘ylab korruptsiya bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boruvchi Transparancy International tashkiloti O‘zbekistonni dunyodagi korpuptsiyalashgan oltinchi davlat sifatida e‘tirof qilgan.

Maqolada qayd etilishicha, o‘zbek qamoqxonalarida siyosiy mahbuslar nobud bo‘lgani va mamlakatda inson huquqlari ahvoli yomon bo‘lgani bois AQSh va Yevropa davlatlari O‘zbekistonga qurollar sotishga embargo joriy qilgan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistonda o‘z qo‘shinlarini olib chiqayotgan AQSh, Britaniya va Germaniyaga maxfiy tarzda murojaat qilib, zirhli mashinalar, mina detektorlari, vertolyotlar, navigatsiya qurilmalari va tunda ko‘rish uskunalarini qoldirishni taklif qilgan.

Muallif Endryu Kramer fikricha, G‘arb davlatlari O‘zbekistonning bu taklifiga e‘tibor qaratgani Rossiyani g‘ijintirgan.

Rossiyada chiqadigan "Nezavisimaya gazeta"ning harbiy masalalar bo‘yicha sharhlovchisi Vladimir Muxin Ozodlik bilan suhbatda buning sababini quyidagicha izohladi.

- Bu haqda 1,5-2 yildan beri gapirilayapti. Bu NATO va AQShning Markaziy Osiyoda o‘z manfaatlarini mustahkamlash yo‘lidagi siyosatining bir qismidir. Harbiy texnikani qoldirib ketish NATO tomonidan puxta o‘ylangan yurish. Albatta, bu Rossiya manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois bunga Moskvaning rashk nazari bilan qarashini tushunsa bo‘ladi, - deydi rossiyalik tahlilchi.

Kelasi ikki yil davomida NATO kuchlari Afg‘onistondan 70 ming avtomobil va zirhli texnika hamda 120 ming dona yuk konteynerlari olib chiqishni rejalagan.

Buncha miqdordagi texnika va yuk konteynerlarini olib chiqish uchun temir yo‘l va avtomobil yo‘llari zarur.

O‘zbekiston o‘z hududi orqali yuklar tranzit o‘tishi evaziga G‘arbdan qurollar va harbiy texnikaning bir qismini qoldirish taklifini ilgari sura boshlagan.

Vladimir Muxin, agar G‘arb davlatlari harbiy texnikasining bir qismini O‘zbekistonda qoldirsa, bu Rossiya harbiy sanoati uchun yo‘qotish bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

- Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar kabi O‘zbekiston ham asosan Sovet Ittifoqi va Rossiyada ishlab chiqarilgan harbiy texnikaga ega. Agar NATO bu respublikalarni qurollar bilan ta‘minlasa, Rossiya uchun yo‘qotish bo‘ladi, harbiy-texnikaviy hamkorlikka putur yetadi. Shu sababli Rossiya bu masalaga salbiy munosabatda bo‘lishi asosli, - deydi Rossiyada chiqadigan "Nezavisimaya gazeta"ning harbiy masalalar bo‘yicha sharhlovchisi Vladimir Muxin.

O‘zbekiston G‘arb qurollariga ega bo‘lish yo‘lidagi urinishiga javoban Rossiya Qirg‘iziston bilan bir milliard dollarlik harbiy shartnoma imzolash harakatini boshlagan.

O‘zbekiston MDH doirasida tuzilgan Kollektiv xafvsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) a‘zo davlatlar rahbarlarining 2012 yil 19 dekabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan sammitida tashkilotga a‘zoligini rasman to‘xtgan.

1 fevral kuni KXShT Bosh kotibi Nikolay Bordyuja Novosti-Kazaxstan axborot agentligiga KXShTga a‘zoligi to‘xtatilganidan keyin O‘zbekistonda Amerika harbiy bazasi paydo bo‘lishi haqida ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Bordyuja O‘zbekiston tashkilotdagi muhim a‘zolardan biri bo‘lgani va bu mamlakat ishtirokisiz u yoki bu dasturlarni amalga oshirish qiyin ekanini urg‘uladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z a‘zoligini to‘xtatgani tashkilot faoliyatiga jiddiy ta‘sir etmaydi.

KXShT 1992 yil 15 mayda imzolangan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi asosida tuzilgan.

Kollektiv xafvsizlik shartnomasi tashkilotiga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a‘zo bo‘lib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG