Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:28

"Musht ketdi": Qora bozorni melisa bosdi, import tovar cheklandi


Bir tarafdan valyutani naqd pulda ayirboshlash va plastik kartochkada istalgan miqdorda xorijiy valyutani saqlash imkonidan mahrum qolgan o‘zbekistonlik tadbirkorlarning aksari yana bir yangilik - 1 fevraldan xorijdan keladigan tovar-mahsulotlar importiga ham cheklov joriy etilganidan hali bexabar ekanini aytmoqda.


Qora bozorda dollar narxi 3 minggacha qimmatladi


O‘zbekistonda 1 fevraldan boshlab, dollar ayirboshlash shohobchalarida naqd pulda valyuta ayirboshlash to‘xtagani ortidan dollarning Toshkent qora bozorlardagi savdosi rasman to‘xtadi.

Ammo, imi-jimida yurib turgan savdoda AQSh dollarining narxi 1-2 fevral kunlari 3 ming o‘zbek so‘miga qadar ko‘tarilib ketdi.

- Shohobchalarning ba‘zilari yopiq. Dollar esa rosa qimmatlab ketdi. Juma-shanba kunlari 3 mingacha chiqib ketdi. Bozor kuni 2 ming 950 so‘mga tushdi, xolos, dedi Ozodlikning Toshkentdagi Chinni bozorda savdo qiladigan manbasi.

Toshkent shahrining Qo‘yliq, Farhod, Oloy va boshqa bir qator yirik bozorlari tegrasida hukm surgan valyuta ayirboshlash qora bozorlarida odam siyraklashib qoldi, valyuta ayirboshlash shohobchalari tegrasida yuradigan "mustaqil sarrof"lar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Hukumat qarori ortidan ilk kunlardagi alg‘ov-dalg‘ov sal bosilgach esa dollar narxi yana arzonlay boshladi va 4 fevral kungi ma‘lumotlarga ko‘ra, bir AQSh dollarining endilikda mutlaqo panaga kirgan qora bozoridagi narxi 2775 o‘zbek so‘miga baholandi.

Darvoqe, 1 AQSh dollarining O‘zbekiston Markaziy bankidagi rasmiy kursi hamon o‘zgarishsiz - 1795 so‘mligicha qolmoqda.


Sarroflar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, ammo imi-jimida savdo bo‘layapti


Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, qora bozorga Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Soliq qo‘mitasi xodimlari hamda bozor ma‘muriyati vakillaridan iborat maxsus guruh tashlangan va so‘nggi bir necha kundan buyon qora bozordagi sarroflar ortidan kuzatuv, tekshiruv, qidiruv boshlangan.

Toshkent shahridagi bozorlardan birida valyuta sotib kelgan va ismi sir qolishini so‘ragan sarroflardan biri 1 fevraldan buyon ishga chiqmaganini aytdi.

- Bozor notinchku singlim, ish qilmayapmiz hozir. Notinchku bozor. Tekshirishyaptiku, shunga qo‘rqib turibmiz, dedi Qo‘yliqda valyuta sotgan sarrof.

Oloy bozoridagi sarrof ham ishni to‘xtatib turgani, ammo imi-jimida savdo davom etayotganini aytdi.

- Faqat kliyentlarga ishlayapmizda. Begonalardan qo‘rqib turibmiz, ushlasa uje sotganga ham, olganga ham statya borda, qo‘rqyapmiz, dedi Oloy bozorida valyutani emin-erkin ayirboshlab kelgan va 1 fevraldan bunday qulay imkondan mahrum bo‘lgan sarrof.

Bu sarrof dollarning davlat muassasalaridan tashqaridagi savdosini to‘xtatib bo‘lmasligi, mijozlar plastik kartochkalari bilan bankka emas, katmonlari bilan sarrofga borishda davom etishiga ishonch bildirdi.


Ushlangan sarrofning tovari (dollarlari) musodara qilinmoqda


Toshkentlik sarroflar va Ozodlikka 4 fevral kuni xabar yo‘llagan mustaqil manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Toshkentda yirik sarroflarni qo‘lga olish amaliyotlari ham boshlanib ulgurgan.

Xabarlarda shaharda nomi chiqqan Halima ismli sarrofning kuni kecha qo‘lga olingani va uning uyidan 600 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ musodara qilingani aytilmoqda.

Ozodlik bu sarrofning shaxsiga doir ma‘lumotlarni aniqlash va hozircha gap-so‘z darajasidagi bu xabarga aniqlik kiritishga urinmoqda.

Ammo, bu xabarni tasdiqlayotgan toshkentlik 3 sarrofning so‘zlariga ko‘ra, Halima huquq-tartibot idoralari hozirgacha qo‘lga olib yoki jinoiy ish ochib ulgurgan o‘nlarning biri bo‘lishi mumkin, xolos.

Shuningdek, O‘zbekiston televideniyesi va gazetalarida ham valyutaning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganlarni qoralashga qaratilgan chiqishlar boshlanib ketgani aytilmoqda.


Buning ustiga, banklarda ham tekshir-tekshir bormoqda


Ozodlik manbalari Toshkentning qator tijorat banklarida ham xorijiy valyuta bilan ishlash bo‘limlari ustidan qattiq tekshiruv boshlangani, ayrim banklarda ushbu bo‘limda ishlab kelgan xodimlarning ishdan olinayotganini xabar qilmoqda.

Toshkentdagi tijorat banklaridan birida ishlovchi, uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng ishga qaytgani bois kursisini saqlab qolganini taxmin qilgan bank xodimiga ko‘ra, valyuta bilan ishlash bo‘limlari xodimlariga O‘zbekistonda xorijiy valyuta muomalasiga oid qonunchilikni buzganlik aybi qo‘yilmoqda.

Ismini oshkor qilmayotganimiz ayni xodim kuni kecha Toshkent aeroportida xorijdan mol olib kelish uchun yo‘lga chiqqan tadbikorlardan biri to‘xtatilgani va uning yonidan o‘zi hamda boshqa shaxslar nomiga ochilgan 80 ga yaqin plastik kartochka topilganini aytdi. Unga ko‘ra, kartochkalarning aksariyati u ishlaydigan bank tomonidan berilgan.

Shu tariqa so‘nggi kecha-kunduzda Toshkentdagi turli manbalardan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, 1 fevraldan O‘zbekistonda naqd ko‘rinishdagi xorijiy valyuta, aniq aytilsa AQSh dollaridagi muomalaga u yoki bu ko‘rinishda aloqador bo‘lgan barcha muassasalar – valyuta ayirboshlash shohobchalari, banklar, bojxona xizmatlari va hokazo idoralarda huquq-tartibot, soliq idoralari xodimlaridan iborat maxsus guruhning ayovsiz tekshiruvi ketmoqda.


Hali bu hammasi emas: Importga ham cheklov joriy qilindi


Bir tarafdan, valyutani naqd pulda olish va plastik kartochkada istalgan miqdorda xorijiy valyutani saqlash imkonidan mahrum tadbirkorlarning aksariyati yana bir yangilik - xorijdan keladigan tovar-mahsulotlar importiga ham cheklov joriy etilganidan hali bexabarligini aytmoqda.

Chinni bozordagi savdogarlardan biri bu haqdagi xabarimizga javoban: "Yo... yoyoyo, nima qivotti bular-a?!" dediyu, jim qoldi.

4 fevral kuni CA-News nashrida paydo bo‘lgan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov mamlakatdagi tadbirkorlik va ishlab chiqarish sohasini himoya qilish, ichkarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosini rivojlantirish niyatida 29 yanvar kuni yana bir qarorga imzo chekkan.

“Mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarning mamlakatga noqonuniy olib qirilishiga qarshi kurashni kuchaytirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi mazkur qarorning ijrosi esa davlat bojxona va soliq qo‘mitalariga topshirilgan.

Ozodlik muxbirining importi cheklangan mahsulotlar ro‘yxatini olish uchun qilgan urinishlari hozircha samara bermadi.

Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Davlat Bojxona xizmatning respublika boshqarmasi, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istondagi hududiy bo‘limlari mutasaddilari 1 fevraldan shunday cheklov kuchga kirgani haqidagi xabarni bilvosita tasdiqladi. Ammo cheklangan mahsulotlar ro‘yxatini Ozodlik radiosiga berishdan bosh tortdi.

Qizig‘i, bunday cheklov haqida O‘zbekistondagi qonunchilik va yangi huquqiy hujjatlar haqida ma‘lumot berib keluvchi rasmiy nashrlar ham 4 fevral kuni xabar bermadi.

Ammo Uzmetronom nashrining xabar qilishicha, bu o‘rinda gap shaxsiy gigiyena ashyolaridan tortib, qurilish materiallari va maishiy texnikagacha bo‘lgan tovarlar importi haqida ketmoqda.

Prezident qaroriga ko‘ra, noqonuniy tarzda mamlakatga olib kirilgan tovarlar bozorda paydo bo‘lgan taqdirda, bojxona mulozimlariga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilishi nazarda tutilgan.

Biroq, kuzatuvchilar bunday cheklov ortidan mamlakatda kundalik iste‘mol mollari defitsitiga olib kelib, narx-navoning oshishiga turtki bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Zero, O‘zbekiston bozoridagi kundalik iste‘mol mollari — yemoq-ichmoq, kiyim-kechak, hatto tish cho‘tkayu, kir yuvish poroshogiga qadar va hokazo eng zarur mahsulotlarning 70 foizdan ortig‘i import tovardan iborat ekani aytiladi.


Hammasi 1-fevralgi taqiqdan boshlandi


O‘zbekistonda 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga naqd ko‘rinishda xorijiy valyuta ayirboshlash taqiqlandi va xorijiy valyutani banklar orqali fuqarolarning plastik kartochkalariga o‘tkazib berish tartibi ishga tushdi.

Markaziy bank rasmiylaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, tijorat banklari “VISA International”, “MasterCard” kabi xalqaro to‘lov tizimlarining to‘laqonli a‘zosi hisoblanib, ular real vaqt rejimidagi banklararo to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi “SWIFT” xalqaro tizimiga ulangan.

30 yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki rasmiy gazetalarda maxsus baënot tarqatib, 2013 yilning 1 fevralidan yanada takomillashtirilgan shaklda joriy etilgan tajriba aslida O‘zbekistonda 1994 yildan buyon muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilganini ma‘lum qildi va bilvosita, bu ortga qaytmas jarayonligini yana bir karra uqdirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi tarkibida savdo muassasalari va xizmat ko‘rsatish sohasida naqd xorijiy valyuta bilan oldi-sotdiga qarshi kurashadigan maxsus boshqarma tashkil etishga qaror qilingani ham ma‘lum qilindi.


18 yillik qora bozorning kuni bitdimi?


O‘zbekistonda valyutaning "qora bozori" mamlakat o‘zining pul birligini muomalaga kiritgan 1994 yildan buyon mavjud. Natijada, O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy va norasmiy kursi shakllangan.

Shu kunga qadar emin-erkin dollar savodosi bilan shug‘ullangan, hatto arzon bo‘lgan davlat kursida dollar savdosiga mone‘lik qilish uchun qora bozordagi sarroflar, valyuta ayirboshlash shohobchalari va militsiya xodimlari ishtirokidagi yirik jinoiy guruhlar shakllangani, ularni esa o‘z navbatida qora bozordagi savdodan manfaatdor bo‘lgan yuqori lavozimli hukumat amaldorlari himoya qilib kelgani kuzatilgan edi.

Soyadagi iqtisodning butun boshli tarmog‘iga aylangan bu tizimning shu tariqa kutilmaganda, Markaziy Bankning rahbariyatining to‘satdan kiritgan tashabbusi ortidan yo‘qolishiga ishonch bildirayotganlar esa ozchilik.

Xususan, orqasida ishonchli himoyachilari bo‘lgan sarroflarning o‘zi quvdi-quvdi, qama-qama bitib, sarroflaru ularni himoya qilib kelgan shaxslardan ma‘lum miqdordagi mablag‘lar undirilgach, shu vaqtgacha shakllangan ko‘rinishda bo‘lmasada, boshqa ko‘rinishda AQSh dollarining qora bozori savdosi yana tiklanishiga umid qilmoqdalar.

Har holda 4 fevral kuni Ozodlikka so‘zlagan toshkentlik sarroflarning hammasi: "Hozircha ishni to‘xtatib turibmiz", dedi.
XS
SM
MD
LG