Линклар

“O‘zbekiston havo yo‘llari”da ichish taqiqlandi


O‘zbekistonliklan samolyot bortida ichkilik taqiqlanishiga turlicha munosabat bildirmoqda.

O‘zbekistonliklan samolyot bortida ichkilik taqiqlanishiga turlicha munosabat bildirmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi o‘z yo‘lovchilarining Duty-free do‘konlaridan sotib olingan spirtli ichimliklarni parvoz vaqtida ichishini taqiqladi.

Shu oy boshidan kuchga kirgan taqiq O‘zbekiston Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspetsiyasining o‘tgan yil dekabr oyidagi buyrug‘iga asosan joriy etilmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy shirkatining o‘zini tanishtirishni istamagan vakili Ozodlik bilan suhbatda mazkur qarorni izohlab berdi.

– Bu yerda gap Duty-free do‘konlaridan sotib olingan va yelimlangan spirtli ichimliklarni uchqich bortida ochmaslik va ichmaslik haqida ketyapti. Yo‘lovchilar Duty free do‘konlaridan alkogolli ichimliklarni sotib olib, samolyot bortiga olib kirishlari mumkin, lekin yelimlangan paketni ochmasliklari kerak bo‘ladi, - dedi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xodimi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi reyslarida elektron sigareta va nos chekish ham taqiqlanadi. O‘zbekistonning barcha aeroportlari hududida chekish o‘tgan yildan shundoq ham taqiqlangan.

Duty-free do‘konlarida (chegara nazorati ortida boj to‘lovlarisiz savdo qiladigan do‘konlar-tahr.) sotib olingan alkogol mahsulotlarini uchqich bortiga olib chiqishni taqiqlash tashabbusi so‘nggi vaqtlarda mast yo‘lovchilar tomonidan samolyotlar bortida to‘polon va jandallarni keltirib chiqarishi holatlari ko‘paygani bilan bog‘liqdir, deydi "O‘zbekiston havo yo‘llari” vakili.

– Parvoz vaqti alkogol ta‘siri kuchli bo‘ladi. Masalan yerda ichilgan 100 gram aroqning parvoz vaqti ta‘siri ikki-uch baravar kuchliroq bo‘ladi. Buni ayrim yo‘lovchilar ba‘zida unitib qo‘yishadi,- deydi "O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xodimi.

O‘tgan hafta Moskvadan Tailandga uchayotgan “Aeroflot” samolyotida yo‘lovchilardan biri ichib olib janjal qilgani sabab uchqich favqulodda Toshkent aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘ldi.



(“Aeroflot” samolyotidagi janjal tasvirga olingan video Youtube saytidan olindi)

Ayni paytda, Rossiyadagi boshqa aviashirkatlar ham shunday chora qo‘llash masalasini muxokama etmoqda.

Uchqich bortida spirtli ichimlik iste‘moliga taqiq bo‘yicha o‘zbekistonliklar turlicha munosabat bildirishadi. Toshkentlik Bahodir aka, samolyot bortida ichkilikbozlik taqiqlanishi tarafdori.

– To‘g‘ri qilishibdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” musulmonlar yashaydigan bir mamlakatning aviashirkati ekanini ham unutmaslik kerak-da,- deydi toshkentlik Bahodir aka.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining doimiy mijozlaridan yana biri Arslon aka esa bunday taqiq tarafdori emas:

– Har kim o‘z me‘yorini bilsa yaxshi. Hamma narsani taqiqlayverish ham yaxshi emas, bunaqada havo yo‘llari, ayniqsa, rossiyalik mijozlarini yo‘qotadi,- deydi tez-tez uchib turadigan Arslon aka.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” O‘zbekistonda monopol aviatashuvchi shirkati hisoblanadi va to‘laligicha davlatga tegishlidir. U Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq, Osiyo mamlakatlaridagi 21 shaharga, MDH hududidagi 22 shaharga, shuningdek, 11ta mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi.

2012 yil yakunlariga ko‘ra, aviakompaniya 2,6 million yo‘lovchini manziliga yetkazgan. Bu undan avvalgi yildagiga qaraganda 13,5 foizga ko‘proqdir.
XS
SM
MD
LG