Линклар

"TeliaSonera pora berganini ehtimoldan soqit qila olmaymiz"


Byorn Rise Mannheimer Swartling advokatlik firmasi rahbarlaridan biri sifatida surishtiruv guruhiga yetakchilik qildi.

Byorn Rise Mannheimer Swartling advokatlik firmasi rahbarlaridan biri sifatida surishtiruv guruhiga yetakchilik qildi.

1 fevral kuni Shvetsiyadagi Mannheimer Swartling advokatlik firmasi TeliaSonera telekom shirkati buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazgan ichki tekshiruv natijalarini ochiqladi. Surishtiruv TeliaSonera O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun bu mamlakat prezidenti oilasiga, xususan Gulnora Karimovaga yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid iddaolar paydo bo‘lishi ortidan o‘tkazildi. Mannheimer Swartling katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera O‘zbekistonda pora berganini tasdiqlovchi dalillar topilmaganini xulosa qilgan bo‘lsa-da, o‘tgan juma kuni e‘lon qilingan hisobot TeliaSonera prezidenti Lars Nyubergning iste‘fo berishiga sabab bo‘ldi.

Ichki tergov guruhiga yetakchilik qilgan Mannheimer Swartling advokatlik firmasi rahbarlaridan biri Byorn Rise Ozodlikka bergan intervyusida TeliaSonera mas‘ullari 2007 yilda O‘zbekistonda ish boshlashi arafasida Gulnora Karimova bilan aloqa o‘rnatishga uringani korruptsiya holati ro‘y bergani ehtimolini inkor qilib bo‘lmaligini ham bildirdi.

Janob Risedan avval, ichki tergov xulosalari qaysi manbalardan olingan ko‘rsatma va ma‘lumotlarga asoslangani haqida so‘radik.

Byorn Rise: Biz taxminan 35 kishini intervyu qildik. Ular orasida TeliaSonerada xodimlari va sobiq xodimlari, bu shirkatga aloqador boshqa odamlar ham bor. Bundan tashqari juda ko‘plab yozma materiallar, jumladan 40 mingga yaqin imeyl yozishmalari, kengash majlislari va kelishuvlarga oid hujjatlarni o‘rgandik. Shuningdek, O‘zbekistonda litsenziya beruvchi rasmiy idora (O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish davlat qo‘mitasi nazarda tutilmoqda-tahr.) va O‘zbekiston hukumatining Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligiga yuborgan notalarni ham e‘tiborga oldik. O‘zbekiston hukumati ham, litsenziya beruvchi rasmiy idora ham, o‘z bildirishnomalarida hammasi qonunga ko‘ra amalga oshirilganini bildirishgan.

TeliaSonera ijrochilari 2007 yilda yozgan imeyllardan birida Gulnora Karimova odamlari bilan aloqa o‘rnatilgani yozilgan.

TeliaSonera ijrochilari 2007 yilda yozgan imeyllardan birida Gulnora Karimova odamlari bilan aloqa o‘rnatilgani yozilgan.

Ozodlik: Janob Rise, ko‘plab hujjatlarni o‘rgandik deyapsiz. Xususan, imeyllar haqida gapiradigan bo‘lsak, TeliaSonera pora berganiga oid iddaolarni tergov qilayotgan Shvetsiya Bosh prokuraturasi dekabr oyida mamlakat oliy appelyatsiya sudiga, shirkat ijrochilari 2007 yilda o‘zaro yozgan imeyllarni taqdim qilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak, albatta. Bu imeyl yozishmalarida TeliaSonera O‘zbekistonda biznes boshlashdan avval O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilganini ko‘rish mumkin. Bu imeyllardan birida, hatto, Gulnora Karimova odamlari bilan aloqa o‘rnatilgani ham aniq yozilgan. Bu faktlar TeliaSonera shubhali ishlarga aralshganiga ishora qilmaydimi?

Byorn Rise: Tergov davomida bu harakatlar (O‘zbekistondagi Coscom shirkatini sotib olish harakatlari nazarda tutilmoqda-tahr.) boshida TeliaSonera shirkatiga qarashli Fintur tomonidan boshqarilgan paytda asl niyat Gulnora Karimova bilan, mahalliy hamkor sifatida, kelishuvga erishish bo‘lganini aniqladik. Bu 2007 yil yoz oylaridagi gap. Lekin keyinroq 2007 yilning qish oylarida yakuni kelishuv Takilant nomli shirkat bilan tuzildi. Bu Gibraltarda ro‘xatga olingan shirkatdir. Takilant shirkatining yagona hissadori va direktori Gayane Avakyandir.

Ozodlik: Tergov davomida Gayane Avkyan Gulnora Karimovaning xos yordamchisi, unga yaqin kishilardan biri ekanini inobatga oldingizmi?

Byorn Rise: Ha, bunga oid mish-mishlardan xabarimiz bor. Tergov davomida buni tasdiqlay olmadik, lekin bunga oid mish-mishlarga duch keldik.

Ozodlik: Lekin bu shunchaki mish-mish emas. Masalan, Gayane Avakyanning Gulnora Karimova yetakchiligidagi tashkilot bo‘limlaridan birini boshqarishi ochiq manbalardan ma‘lumku?

Byorn Rise: Ha, bunga oid xabarlarni ko‘rganmiz. Bundan tashqari O‘zbekistondagi bu ishlar markazida turgan yana bir muhim shaxs Behzod Ahmedov ekanidan ham xabarimiz bor. Uning ham bu shaxslarga (Gulnora Karimova va Gayane Avakyan nazarda tutilmoqda-tahr.) aloqasi bo‘lgan. U TeliaSonera O‘zbekistonda kirishgan kelishuvlarda asosiy o‘rin tutgan shaxsdir.

Ozodlik: Aynan ana shu faktlar, ya‘ni Gayane Avakyanning Gulnora Karimovaga yaqin ekanini ma‘lum ishonch bilan aytish mumkinligi, hamda Behzod Ahmedovning nafaqat Gulnora Karimovaga yaqinligi, balki uning raqib shirkat bo‘lgan MTS bosh ijrochi direktori bo‘la turib, O‘zbekiston rasmiylari yoki boshqa uchinchi tomon nomidan muzokara qilganining o‘zi shubhali emasmi?

Byorn Rise: To‘g‘ri aytasiz, aynan shu holat mazkur ishning hisobotimizda qayd etilgan alohida e‘tiborga molik jihatlardan biridir. Lekin afsuski, janob Behzod Ahmedov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Albatta, u kishi mazkur tergov uchun o‘ta muhim shaxs ekanini aytib o‘tirshning hojati bo‘lmasa kerak.

Ozodlik: Janob Rise, Shved jamoatchilik televideniyesi dekabrda efirga bergan “TeliaSonera va diktatorning qizi” nomli hujjatli filmda, TeliaSonera shirkati mas‘ullari ekani aytilgan ikki shaxsning intervьyulari bor. Ular film davomida TeliaSonera O‘zbekistonda 3G litsenziyalari va aloqa to‘lqinlari eavziga Gulnora Karimova nazorat qiladigan Takilnat shirkatiga korxonaning 26 foiz ulushini bergani, hamda litsenziyalarni sotgan shirkat o‘shanda ikki hafta avval tashkil qilinganiga oid iddaolarni ilgari usrishgan. Bu iddaolarni ham tekshirdingizmi?

Byorn Rise: Albatta, bu iddaolarni inobatga olganmiz. Menimcha, siz Teleson nomli shirkatni nazarda tutyapsiz. Bu korxona Takilantning sho‘‘basi bo‘lgan. Bu korxona TeliaSonera sotib olgan litsenziyalarning aksariga egalik qilgan. Bunga oid turli manbalardan olingan hujjatlarni o‘rgandik, albatta. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu yerda gap korruptsiyalashgan mamlakatda bir narsa sotib olish va korruptsiya yo‘li bilan bir narsa sotib olish o‘rtasidagi farq haqida ketmoqda. Jinoyat haqida gap ketganda esa, ob‘ektiv vaziyatdan tashqari, sub‘ektiv vaziyatni ham ko‘rsata olish muhim ahamiyatga egadir. Hisobotimizda ko‘rgan bo‘lsangiz, biz tergov davomida to‘play olganimiz barcha faktlarni bayon qilganmiz. Yana bir narsani nazarda tutishimiz kerak, biz o‘tkazgan tergov xususiy xarakterga egadir va bizda prokurorlar yoki politsiya ixtiyoridagi vositalar yo‘q. Ular, masalan, bank o‘tkazmalari va shunga o‘xshash muhim ma‘lumotlarni topish imkoniga ega. Xususiy tergovda esa, siz faqatgina odamlardan so‘rab-surishtirib olgan ma‘lumotlarga tayanishingiz mumkin xolos. 150 sahifalik hisobotimizda biz to‘play olgan ma‘lumotlar xulosasini berdik. Bu ma‘lumotlar esa pora bersh yoki pul yuvish jinoyatlari sodir etilganini tasdiqlay olishimiz uchun ma‘lumotlar yetarli emasligini xulosa qilishdan boshqa choramiz yo‘q edi. Shu bilan birga, shirkat vakillari bu ishni qay tarzda amalga oshirganini keskin tanqid qildik, chunki agar siz kim bilan hamkorlik qilayotganingizni aniq bilmay turib, korruptsiyaga aralashib qolmasligingizga kafolat bera olmaysiz.

Ozodlik: Janob Rise, bu ishni tergov qilayotgan Shvetsiya prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Gunnar Stetler, Ozodlikka bergan intervьyusida “Bu ishda Jinoyat sodir etilganiga ishora qiluvchi jiddiy gumonlar bor”, deya ta‘kidladi. Bu bayonotni asosli, deb hisoblaysizmi.

Byorn Rise: Menimcha, biz o‘z ixtiyorimizdagi ma‘lumotlarga asoslanib, jinoyat sodir etilganini tasdiqlay olmasligimizni bildirdik. Lekin shu bilan birgalikda, ixtiyorimizdagi ma‘lumotlarga tayanib, buni inkor qila olmasligimizni ham, ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, aytib kelmoqdaman. Bu ham juda muhimdir, chunki pora berish yoki pul yuvish holati sodir etilganini tasdiqlay olmasak-da, jinoyat sodir etilganiga oid matbuot va Shvetsiya prokuraturasi ilgari surayotgan gumonlarni ham to‘la inkor qila olmaymiz. Menimcha, shuning o‘zi jiddiy pozitsiyadir. Bundan tashqari Shvetsiya prokuraturasi olib borayotgan tergovdan tashqari, boshqa davlatlarda ham tergovlar davom etayotganini yodda tutishimiz kerak.
XS
SM
MD
LG