Линклар

O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopildi


Ipak yo‘li bankining ham deyarli barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopildi.

Ipak yo‘li bankining ham deyarli barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopildi.

1 fevraldan boshlab O‘zbekistondagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarining deyarli barchasi yopildi. Ular o‘rniga banklarda valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi konversion operatsiyalar bo‘limlari tashkil qilindi.


Valyuta almashtirish shoxobchalari endi yo‘q


5 fevral kuni O‘zbekistondagi vakolatli banklarga qarashli bo‘lgan valyutani ayirboshlash shoxobchalarining deyarli barchasi yopilib, faqat ayrim banklarning bosh idoralaridagina bunday shoxobchalar qoldirildi.

Toshkentdagi Savdogar bankning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, bugungi kunda bankning barcha bo‘limlaridagi valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopilgan.

“Bizda Toshkent shahridagi va viloyatlardagi bo‘limlarimizga qarashli bo‘lgan barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopildi. Bizda bitta ham valyuta ayirboshlash shoxobchasi qolmadi”, dedi bank xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Poytaxtdagi Agrobank bosh ofisidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mazkur bankka qarashli valyuta ayirboshlash shoxobchalarining barchasi yopilgan.

“Biz Markaziy bank raisi Fayzulla Mullajonovning qaroridan kelib chiqib, valyuta ayirboshlash shoxobchalarimizni yopdik. Hozir birorta ham shoxobcha faoliyat ko‘rsatmayapti” dedi Agrobankning ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 30 yanvardagi “Xorijiy valyutani jismoniy shaxslarga sotish tartibini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bundan keyin chet el valyutasini sotish faqat banklar orqali pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Mazkur qaror 1 fevraldan boshlab kuchga kirganidan so‘ng mamlakatdagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarini yopish jarayoni boshlandi.

Hozirda mamlakat bo‘ylab qancha valyuta ayirboshlash shoxobchasi yopilgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q.

Sanoat-qurilish bankining bosh ofisidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bankning Toshkent shahri tumanlaridagi bo‘limlarida 5 tadan 10 tagacha valyuta ayirboshlash shoxobchalari bo‘lgan.

Milliy bank, Asaka bank singari qator banklarning bosh idoralari va viloyatlardagi asosiy idoralaridagina valyuta ayirboshlash shoxobchalari saqlanib qolgan.

Milliy bankning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, bu shoxobchalarda xorijiy valyuta faqat sotib olinadi, lekin naqd ko‘rinishda sotilmaydi.


Dollar oldi-sotdisi uchun yangi bo‘lim


Endilikda valyuta oldi-sotdisini naqd pulsiz ko‘rinishda amalga oshirish uchun yangi bo‘lim - konversion operatsiyalar bo‘limlari tashkil qilindi.

Bu bo‘limlar faqat xorijiy valyuta operatsiyalarni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan banklardagina ochilgan bo‘lib, bular Milliy bank, Asaka bank, Savdogar bank, Agrobank, Ipak yo‘li banki kabi jami 23 ta vakolatli bankdir.

Yangi bo‘limlar fuqarolarning milliy valyutadagi bank kartalarida bo‘lgan pullarini naqd pulsiz shaklda dollarga ayirboshlab, xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib berish bilan shug‘ullanadi.


Banklarda ishdan bo‘shatish va ishga olish jarayoni ketayapti


Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Toshkent shahridagi bank xodimlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yopilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalarining xodimlari yoppasiga ishdan bo‘shatilgan.

Har bir shoxobchada ikki-uch nafardan xodim ishlagan bo‘lib, bugungi kunda ayrim banklarda ularning deyarli barchasi “ko‘chaga haydalgan”.

Ayrim banklar jumladan, Sanoat-qurilish bankida valyuta ayirboshlash shoxobchalarida ishlagan xodimlarga bankning boshqa bo‘limlaridan ish berilayotgani aytilmoqda.

Ba‘zi banklarda valyuta ayirboshlash shoxobchalarida ishlagan xodimlar konversion operatsiyalar bo‘limiga ishga olinmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Fayzulla Mullajonovning maxsus qaroriga ko‘ra, yangi ochilgan bo‘limlarga oliy iqtisodiy ma‘lumotga ega, bank tizimida kamida ikki yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxasislar ishga qabul qilinishi lozim.
XS
SM
MD
LG