Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:38

O‘zbekistonda oltin qazib chiqarish kamaydi


2012 yil O‘zbekistonda oltin qazib chiqarish 1,1 foizga kamaydi. AQSh Geologiya xizmati e‘lon qilgan yangi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil O‘zbekistonda 2011 yilga nisbatan bir tonna kam, jami 90 tonna oltin qazib chiqargan. Bu bilan O‘zbekiston oltin qazib chiqarish bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallagan.

AQSh Geologiya xizmati e‘lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2012 yilda dunyo bo‘yicha oltin qazib chiqarish 2011 yilga nisbatan 1,5 foizga ko‘payib¸ 2700 tonnaga yetgan.

O‘tgan yil Xitoy dunyo bo‘yicha eng ko‘p 370 tonna (+2,2 foiz) oltin qazib chiqarib birinchi o‘rinni egallagan. Ikkinchi o‘rinni Avstraliya 250 tonna (-3,1 foiz), uchinchi o‘rinni AQSh 230 tonna (-1,7 foiz), to‘rtinchi o‘rinni Rossiya (205 tonna), beshinchi o‘rinni Janubiy Afrika Respublikasi 170 tonna (-6,1), oltinchi o‘rinni Peru (165 tonna), yettinchi o‘rinni Kanada (102 tonna), sakkizinchi o‘rinni Indoneziya (95 tonna) va to‘qqizinchi o‘rinni O‘zbekiston (90 tonna, -1,1 foiz) egallagan.

AQSh Geologiya xizmati hisobotida O‘zbekiston va boshqa davlatlarda oltin qazib chiqarish kamaygani sabablari ma‘lum qilinmagan.

Oltin qazib chiqarish bo‘yicha o‘zbekistonlik mutahassis Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan yil O‘zbekistonda oltin qazib chiqarishning 1,1 foizga kamaygani soha uchun normal hol ekani¸ zotan oltin ishlab chiqarish hajmining ma‘dan tarkibiga bog‘liq ekanini bildirdi:

- Har xil vaziyat bo‘ladi. Ishlab chiqarish kamayishiga bir tonna ma‘dan tarkibida oltin miqdori kamligi sabab bo‘lishi mumkin. Keyingi yil qazilgan ma‘dan tarkibi boyroq bo‘lishi mumkin. Ishlab chiqarish asosan qazib chiqarilgan ma‘dan tarkibiga bog‘liq, dedi o‘z ismini aytmaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik mutaxassis.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yangi konlarni ishga tushirish va sohaga ko‘proq investitsiya jalb qilish lozim:

- Yangi konlarni, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish mumkin, deydi o‘zbekistonlik mutaxassis.

Hozir O‘zbekistonda Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatida oltin qo‘ymalari tayyorlanadi.

2013 yil 6 fevral kuni jahon bozorida bir untsiya, ya‘ni 31,1 gramm oltinning narxi 1670 dollarni tashkil etdi.

Jahon oltin kengashining Londondagi hamkori Joys Jilefs Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston o‘tgan yilda qazib chiqargan 90 tonna oltinning narxi 6 fevral kungi narxi bilan hisoblaganda to‘rt yarim milliard dollardan oshishini aytdi.

- AQSh dollari qiymatida bugungi bozor narxida hisoblaganda 90 tonna oltin narxi 4,832 milliard dollarni tashkil etadi, dedi Joys Jilefs.

Jahon bozorida oltin narxi oshib borayotgani bois O‘zbekiston ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun yangi konlar ochmoqda.

Xususan 2013 yil 2 fevral kuni Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati Toshkent viloyatida oltin qazib chiqaradigan yangi kon qurilishi ishlarini boshladi.

Mahalliy axborot agentliklari xabariga ko‘ra, qiymati 74 million AQSh dollariga teng ekani aytilayotgan loyiha "Qizilolma" koni bazasida “Samarchuk” yer osti koni qurishni nazarda tutadi.

Yiliga 200 ming tonna ma‘dan qazib chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi kon qurilishining 2015 yilgacha tugatilishi rejalangan.

AQSh Geologiya xizmati hisobotiga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda aniqlangan oltin zahiralari miqdori 1700 tonnani tashkil etadi.

O‘zbekistonda yangi oltin konlarini ishga tushirish ishlari boshlangan bir paytda 1 fevral kuni Navoiy viloyat xo‘jalik sudi oltin qazib olish bilan shug‘ullangan O‘zbekiston-Britaniya o‘rtasida tuzilgan “Amantaytau goldfilds” qo‘shma korxonasini bankrot deb e‘lon qildi.

Sud qo‘shma korxonani tugatish ishlari uchun uch oylik muhlat belgiladi.

“Amantaytau goldfilds” korxonasi prezident Islom Karimovning 1994 yil 22 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida tashkil etilgan.

O‘tgan yilning yanvar oyida O‘zbekiston hukumati “Amantaytau goldfilds” korxonasini oltin qazib olishda yaxshi natijalarga erishmayotgani uchun uni tugatish haqida qaror qabul qilgan.

Ushbu korxona aktsiyalarining 50 foiz ulushi Britaniyaning Oxus Gold shirkatiga tegishli bo‘lgan.

O‘tgan yilnining 17 sentyabrida Britaniyaning Oxus Gold "Amantaytau goldfilds" qo‘shma korxonasi va Handiza konlariga yotqizgan investitsiyalari O‘zbekistonda ekspropriatsiya qilingani yuzasidan da‘volarini xalqaro arbitraj sudiga taqdim etdi.

Oxus Gold shirkati da‘vosiga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan shirkatga 400 million AQSh dollari miqdorida zarar yetkazilgan.

Oxus Gold va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida kelishmovchilik 2011 yilning yozida shirkatda o‘tkazilgan kompleks tekshiruvlar chog‘ida Britan shirkati iqtisodiy qonunbuzarlikda ayblangaidan keyin paydo bo‘lgan edi.

O‘z navbatida O‘zbekiston tomoni o‘tgan yili Oxus Gold shirkati ustidan Angliya Oliy mahkamasiga shikoyat qilib, shirkatdan 10,84 million dollar miqdoridagi maxsus dividendni undirib berishni talab qilgan.
XS
SM
MD
LG