Линклар

Nyu Yorkda joylashgan Ochiq jamiyat guruhi e‘lon qilgan hisobotga ko‘ra¸ AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining 11 sentyabr terror xurujiga aloqadorlikda gumonlangan shaxslarni maxfiy tergov qilish jarayonida qatnashgan 54 davlat orasida O‘zbekiston ham bor.

Inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Ochiq jamiyat tashkiloti e‘lon qilgan yangi hisobot¸ AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining 2001 yil 11 sentyabr kuni Amerika hududida amalga oshirilgan terror hujumlariga aloqadorlikda gumonlangan shaxslarni qo‘lga olish va tergov qilishga qaratilgan o‘ta maxfiy dasturini taftish qiluvchi eng jiddiy urinishdir.

Mazkur hisobot xulosalari AQSh razvedka idorasi tomonidan Nyu York va Vashingtonda amalga oshirilgan terror hujumlariga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan 136 nafar jabrlanuvchi taqdiriga asoslanadi. Bu gumonlanuvchilar taqdiri esa¸ AQSh maxfiy dasturi davomida ushlanganlarning hech bir huquqiy asossiz davlat chegaralaridan olib o‘tilganlari¸ tergov davomida qiynoq qo‘llash oddiy hol bo‘lgan hukumatlar ixtiyoriga berilganlari va Markaziy razvedka boshqarmasiga mansub yashirin joylarda saqlanganlariga guvohlik beradi.

2001 yilgi terror hujumlaridan qariyb 12 yil o‘tib e‘lon qilingan bu hisobot¸ Markaziy razvedka boshqarmasini terrorchilikda gumonlanganlarni qonun qo‘li yetmas joyda saqlash va bu mahbuslar haqlarini toptashda ayblaydi.

Hisobot muallifi Amrit Singh¸ Markaziy razvedka boshqarmasining bu maxfiy dasturida qatnashgan hukumatlarning barchasi¸ noqonuniy hatti-harakatlar uchun mas‘uliyatga sherik ekanlarini aytadi:

- Hisobot davomida 54 davlat hukumatining Markaziy razvedka boshqarmasi maxfiy dasturida turli shaklda ishtirok etgani aniqlandi. Bu hukumatlar o‘z hududlarida MRB maxfiy qamoqxonalariga joy bergan¸ gumonlanganlarni ushlab bergan¸ ularni boshqa joyga ko‘chirishga yordam bergan¸ qo‘lga olishga eltuvchi axborot bilan ta‘minlagan va hokazo. Bu kabi hamkorlik orqali ular MRB butun dunyo bo‘ylab tashkil etgan qiynoq amaliyotlari to‘riga tortilgan¸ deydi hisobot muallifi Singh.

Ochiq jamiyat nohukumat tashkilotining bildirishicha¸ MRB maxfiy dasturida hamkorlik qilgan davlatlarning 25 tasi Yevropada¸ 14 tasi Osiyoda va 13 tasi Afrikada joylashgan. Ayni paytda¸ bu dasturga ko‘mak berganlar orasida Kanada va Avstraliya ham bor.

Bu ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston¸Ozarbayjon¸ Xorvatiya va Chexiya kabi hukumatlar terrorchilikda gumonlanganlarning o‘z hududlari orqali olib o‘tilishiga ruxsat bergan.

Ozarbayjon¸ Gruziya¸ Eron va Makedoniya kabi davlatlar esa¸ 11 sentyabr terror xurujlariga aloqadorlikda gumonlangan shaxslarni ushlab¸ ularni bevosita yoki bilvosita AQSh Markaziy razvedka boshqarmasiga topshirgan.

Ochiq jamiyat tashkiloti e‘lon qilgan bu hisobot mualliflari AQSh maxfiy dasturida qatnashgan hukumatlarni hozirga qadar bunday hamkorlik orqali jabrlanuvchilar haqlari toptalishida ishtirok etganlarini tan olmayotganlikda ayblaydilar:

- Qonun nuqtai nazaridan¸ qolaversa¸ axloqiy majburiyatlar jihatidan haqiqatni to‘liq aytish va inson haqlarini toptash borasida qilingan ishlarga iqror bo‘lish AQSh va uning hamkorlari zimmasida qolayotgan mas‘uliyatdir. Bu ishni qilish nafaqat adolat qaror topishi¸ balki bunday ishlarning boshqa takrorlanmasligini ta‘minlash uchun ham o‘ta muhimdir¸ deydi Amrit Singh.

AQSh MRBning 11 sentyabr terror xurujlariga aloqadorlikda gumonlangan shaxslarni qo‘lga olish va ularni tergov qilish maxfiy dasturi nafaqat nohukumat tashkilotlari¸ balki Kongress tomonidan ham taftish qilinmoqda.

Ammo hozircha bu taftishga oid xulosalar jamoatchilikka oshkor qilinganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG