Линклар

logo-print
O‘tgan hafta O‘zbekiston “qora bozori”da 2900 so‘mgacha sotilgan bir AQSh dollari kursi 6 fevral kuni 2500 so‘mgacha tushdi. Bunday pastlashga 1 fevraldan valyuta ayirboshlash shoxobchalarining yopilishi va "qora bozor"dagi valyutafurushlarning hibsga olinishi sabab sifatida ko‘rilmoqda.

6 fevral kuni ertalab Qo‘yliqdagi valyuta "qora bozori"da bir AQSh dollari 2650 so‘mdan sotib olindi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbasiga ko‘ra, bir AQSh dollari 2700 so‘mdan sotilgan:

- Ertalab bozorga tushgan edim. Valyutafurushlar bemalol ishlayapti. O‘shanday qo‘llarida dasta so‘m, dollar bormi deb so‘rashyapti, deydi Ozodlik manbasi.

Parkent bozoridagi "qora bozor"ida valyuta oldi-sottisi bilan shug‘ullanuvchi sarrofning o‘z ovozi yozib olinmaslik sharti bilan aytishicha, 6 fevral kuni tushdan so‘ng bir AQSh dollari narxi Chilonzor buyum bozorida 2500 so‘mgacha, Parkent dehqon bozorida esa 2600 so‘mgacha pastlagan:

- Biz valyuta ayirboshlash shoxobchalarining yopilishi ortidan "qora bozor"da dollar narxi ko‘tarilib ketadi, deb o‘ylagandik. Bir oz ko‘tarildi ham, bugun esa rezko tushib ketdi. Buning sababini bilmayman, lekin biz sarroflar bu naqd o‘zbek so‘mining kamligi bilan bog‘liq deb o‘ylayapmiz, dedi bu manba.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan sarrof, ayni paytda valyuta "qora bozor"idagi oldi-sottining nihoyatda ehtiyotkorlik bilan davom etaëtganini ta‘kidladi.

5 fevral kuni Toshkentning Chorsu bozoriga tushgan 36 yoshli tadbirkor Botir, bir-ikki kun ko‘rinmay qolgan valyutafurushlarning bu yerda yana erkin savdo qilaëtganini aytadi:

- Kecha 2700 so‘mdan olamiz deb turishgandi, bugun yana tushgan bo‘lsa kerak. Bemalol, “dollar olovuz, dollar olovuz” deb baqirib turishibdi. Hammasi avvalgiday, deydi tadbirkor Botir.

Uning aytishicha, atrofdagi valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopiq va ularning oldida doim to‘planib turadigan ayollar to‘dasi ham ko‘rinmaydi.

Qoraqalpog‘istonning Taqiyatosh tumanida yashayotgan, ismi sir qolishini so‘ragan tinglovchining aytishicha, shu kunlarda Nukus shahrida va tumanlarda "qora bozor" valyutafurushlariga "ov" boshlangan:

- Nukusda, Xo‘jaylida, Taqiyatoshda valyutafurushlar ushlanyapti, ekan. Bizning Taqiyatoshda ham Baxtigul degan nomi chiqqan valyutchik bor edi. O‘shani ham ushlab olib ketishibdi. Hozir odamlar dollarlarini qayerda almashtirishni bilmay garang bo‘lib qolgan. Bankka boraylik desa, kurs 2000 so‘m, bormay desa pul kerak. Shuning uchun Rossiyadagi yigitlarimiz ham hozircha pul jo‘natmay turishibdi,- deydi taqiyatoshlik tinglovchi.

O‘zbekistonda 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyuta ayirboshlash taqiqlandi. O‘zbekiston rezidentlari valyuta almashtirishni faqat banklar orqali naqd bo‘lmagan holda amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.

Naqd valyuta almashmasligi xabari O‘zbekistondagi “qora bozorlar”ni junbushga keltirdi.

Yangi yil boshida 100 AQSh dollari 264 000 so‘mga xarid qilingan bo‘lsa, 30 yanvar kuni bu ko‘rsatkich 290 000 so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma‘lumotiga ko‘ra, 6 fevral kuni bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 2004.36 so‘mni tashkil qildi.
XS
SM
MD
LG