Линклар

O‘zbekistonda xorijiy valyuta ayirboshlashga joriy etilgan cheklovlar chet eldan dollarda pul jo‘natuvchi o‘zbekistonliklarni tashvishga solib qo‘ydi. Xususan¸ Rossiyadagi muhojirlarning aksari uyga dollar yuborsak dollarda berarmikan, degan o‘yda pul jo‘natishga ikkilanib turganliklarini aytishmoqda.

Rossiyaning Kaluga shahridagi zavodlarning birida ishlovchi farg‘onalik 37 yashar Akbarjon va u bilan birga ishlayotgan hamyurtlari O‘zbekistonga pul jo‘natishga ikkilanib turganini aytadi:

- Hayron bo‘lib turibmiz. Yuborgan pulimizni davlat kursida beradigan yoki almashtirib beradigan bo‘lsa bu bizga ma‘qul bo‘maydi-da. Yonimda turganlar ham hayron bo‘lib turibdi, jo‘nataylikmi, jo‘natmaylikmi, nima bo‘lar ekan, deb. Chunki, O‘zbekistonda ertaga quyosh chiqib turib, qor yog‘ivorishi mumkin. Davlat kursida beradigan bo‘lsa, pulni bu yerda to‘plaganimiz ma‘qul, deydi Akbarjon.

Sankt-Peterburg shahrida mehnat qilayotgan xorazmlik Azamat ham yangi tartib joriy qilinganidan buyon O‘zbekistonga pul jo‘natishga qo‘rqayotganini aytadi:

- Shu yangi tartib chiqdiyu, pul jo‘natishga o‘ylanib qoldim. Hozir oyligimni yubormay, o‘zim bilan ushlab turibman. Nima bo‘lishini bilmaymiz, hech kim aniq gapni aytmayapti, deydi Azamat.

Moskvada ishlaydigan andijonlik Suhrobjon esa O‘zbekistonga jo‘natilgan dollarni u yerdagi banklar dollarda berish-bermasligini sinab ko‘rish uchun oilasiga 200 AQSh dollari jo‘natib ko‘rganini aytadi:

- Biz ham oz-moz o‘ylandik. Keyin ozroq “Zolotaya karona” orqali jo‘natib ko‘rdik. 200 AQSh dollari yuboruvdim, O‘zbekistondagi bank dollarda berdi. Endi hozir berayapti ekan, lekin ertaga nima bo‘lishi qorong‘u. Og‘ir mehnat bilan topilgan pulni kim ham endi O‘zbekiston so‘miga rasmiy kurs bilan almashtirar edi, “qora bozor”ga qaraganda davlatni kursi ancha past-da, deydi Moskvada ishlaydigan Suhrobjon.


Xavotirlarga asos yo‘q


Rossiyadagi yetakchi pul o‘tkazish tizimlaridan biri hisoblangan “Zolotaya korona” shirkati vakillari O‘zbekistonga pul qaysi valyutada jo‘natilsa shu valyutada berilishini kafolatlashlari haqida ma‘lum qilishdi.

- Juda ko‘p o‘zbekistonlik mijozlarimiz shu haqda so‘rashayapti, yana bir bor aytamiz O‘zbekistonga qanaqa valyuta jo‘natilsa shu valyutada berilishi kerak. Biz buni Toshkentdagi hamkorlarimizga bog‘lanib aniqlashtirdik. Hech qanaqa muammo yo‘q, deyishdi. Dollarda yuborilgan bo‘lsa dollarda berishadi, rublda bo‘lsa rublda, deydi “Zolotaya karona” shirkati xodimasi Yulya Belkovskaya.

Rossiyadagi “Kontakt” pul o‘tkazish tizimi vakillari ham o‘zbekistonlik mijozlarini hech ikkilanmay pul jo‘natishni tavsiya qilmoqda:

- Dollarda yuborsak, dollarda olishadimi, deb ko‘p so‘rashayapti. Albatta, dollarda olishadi. O‘zbekistonda biron o‘zgarish bo‘lsa biz mijozlarimizni o‘zimiz xabardor qilamiz, dedi “Kontakt” xodimi Svetlana Dolmatova.

O‘zbekistondagi “Kapitalbank” hamda “Uzpromstroybank” rasmiylari ham chetdan yuborilgan pullar egalariga qanday valyutada bo‘lsa¸ shu valyutada berilayotganini tasdiqlashdi.

Bugungi kunda Markaziy bank bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymatini 2004.36 so‘m qilib belgilagan. “Qora bozor”da esa bir dollarni 2650 so‘mga almashtirish mumkin.


O‘zbekistonga pul jo‘natmalari kamaygani yo‘q


Rossiyadagi yetakchi pul o‘tkazish tizimlaridan biri hisoblangan “Zolotaya korona” shirkati vakillari O‘zbekistonda joriy etilgan xorijiy valyuta ayirboshlashga doir o‘zgarishlarga qaramay¸ bu mamlakatga pul jo‘natmalari miqdori kamaymaganini aytishmoqda:

- Hozir so‘nggi o‘n kunlik bo‘yicha aniq statistik ma‘lumotlarni bera olmayman. Lekin O‘zbekistonga pul jo‘natish kamaygani yo‘q. Har kungiday, kelishayapti, yuborishayapti. Chunki O‘zbekistonga pul jo‘natish tartibi o‘zgarishsiz qolmoqda, dollar yuborsa dollarda oladi, rubl bo‘lsa rublda, dedi “Zolotaya korona” shirkati xodimasi Yulya Belkovskaya.

O‘tgan yil davomida “Zolotaya korona” pul o‘tkazmalari bo‘yicha Rossiyadan O‘zbekistonga 2 milliard dollardan ortiqroq pul mablag‘i o‘tkazilgan.

“Zolotaya korona” pul o‘tkazmalari tizimi O‘zbekistonning 170 dan ziyod aholi punktlarida 1000 ga yaqin shoxobchaga ega.

Rossiyadagi “Kontakt” pul o‘tkazish tizimi vakillari ham O‘zbekistonga pul jo‘natish sur‘ati pasaymaganini aytishdi.
XS
SM
MD
LG