Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:55

O‘zbekistonlik tadbirkor 8 yashar qizchani o‘ldirganlikda ayblanmoqda


Vasilisa g‘oyib bo‘lganidan so‘ng Tatariston bo‘ylab tarqatilgan varaqalardan biri.
Vasilisa g‘oyib bo‘lganidan so‘ng Tatariston bo‘ylab tarqatilgan varaqalardan biri.
Tataristonning Naberejniye Chelni shahrida 8 yashar qizchani o‘ldirganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi. Ayblanuvchi 2 fevraldan beri minglab Ichki ishlar qo‘shinlari xodimlari, qutqaruvchi va ko‘ngillilar yordamida qidirilgan qizchaning murdasini qayerga ko‘mgani haqida ko‘rsatma bergan.

Naberejniye Chelni shahrida shu yilning 2 fevralida maktabdan uyiga qaytayotib yo‘qolib qolgan 2-sinf o‘quvchisi Vasilisa Galitsinani o‘ldirganlikda ayblanib 30 yashar Farrux ismli shaxs hibsga olindi.

Ichki ishlar xodimlari tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra¸ gumonlanuvchi tergov davomida qizchaning jasadini Naberejniye Chelni shahridan 73 kilometr masofada joylashgan Zainskiy tumanidagi yo‘l chekkasiga qalin qor ostiga ko‘mganiga iqror bo‘lgan.

Йўқолган қизнинг жасади топилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:20 0:00

(Video Tatariston IIV Axborot markazi tomonidan taqdim qilindi)

Tatariston Ichki ishlar vazirligi Axborot markazi rahbari Irina Nijelskayaning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ yo‘qolgan qizaloqning maktab kundaligida qoldirilgan barmoq izlari ayblanuvchi shaxsi aniqlanishiga yordam bergan. Aytilishicha¸ hibsga olingan shaxs ilgari ham ma‘muriy javobgarlikka tortilgani bois politsiya arxivida uning barmoq izlari saqlangan:

- Bu izlar Ichki ishlar vazirligining ma‘lumotlar bazasi bo‘yicha tekshirilib ayblanuvchi aniqlandi. Aytish joizki, ayblanuvchi qidiruv ishlari qanday borayotganini yangiliklardan kuzatib borgan. U oynalari qoraytirilgan qo‘shimcha g‘ildiraksiz qora “Niva Shevrole” qidirilayotganini bilib, mashinaga g‘ildirak osib mashina qoraytirgichlarini olib tashlagan, deydi Irina Nijelьskaya.

Tatariston Ichki ishlar vazirligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, oiladagi yetti farzandning biri bo‘lgan 8 yashar Vasilisa Galitsina 2 fevral kuni maktabga ketib¸ soat 16:00 dagi xoreografiya darsidan chiqib uyga qaytib kelmagan.

Uni oxirgi marotaba ko‘rganlar “Niva Shevrole” egasi qizchani mashinaga mindirib, Tilanchi-Tomoq qishlog‘i tomon ketganini xabar qilishgan. Vasilisani qidirishda¸ rasmiy manbalarning yozishicha¸ 900 nafar politsiya xodimi¸ 70 nafar qutqaruvchi, yana 5-6 ming ko‘ngilli fuqaro ishtirok etdi. Shuningdek, qidiruv ishlariga 18 dona maxsus texnika va 30 dan ziyod snegoxodlar jalb qilindi.

Shaharda Vasilisa Galitsina haqidagi ma‘lumotlarni jamlash uchun maxsus qidiruv shtabi ham tashkil etildi.

3 fevral kuni shahardan chiqishdagi M-7 yo‘li yoqasida yo‘qolib qolgan qizchaning ryukzagi, shapkasi va kiyimlari topildi. Bu joydan nariroqda ko‘ngillilar qizchaning qonga belangan kiyimi va o‘qituvchisi tomonidan yozilgan dastxatni topib¸ qidiruv shtabiga topshirishdi.

5 fevral kuni guvohlar bergan ko‘rsatma va olingan ma‘lumotlar asosida Naberejniye Chelni shahrida o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan va o‘zini Farid deb tanishtirib yuradigan Farrux T.(tergov yakunlanmaguniga qadar Ozodlik bu shaxs ismini oshkor etmayotir- tahr.) qo‘lga olindi.

1982 yilda tug‘ilgan bu shaxs shahardagi reklama sohasidagi tadbirkorlik firmalaridan birida ishlab kelgan. Avvaliga Farrux tergovchilarga jinoyatga aloqasi yo‘qligi, qizchani haqiqatan mashinada o‘zi aytgan joygacha eltib qo‘ygani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

“Ammo barmoq izlari, guvohlar ko‘rsatmalari va uning mashinasidan tivtuv paytida topilgan Vasilisa Golitsinaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan bir tola soch kabi isbot-dallilar bosimi ostida u o‘z aybiga iqror bo‘ldi”, deydi Tatariston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot markazi rahbari Irina Nijelskaya:

- Hozirda u o‘ldirilgan bolaning murdasi qayerda ko‘milganini oshkor qildi. Qizcha Sarmanovskiy va Zainskiy tumanlari chegarasidagi yo‘l yoqasiga ko‘milgan ekan, dedi politsiya rasmiysi.

Aybiga iqror bo‘lib? bolaning murdasi ko‘milgan joyni ko‘rsatganiga qaramasdan, Farrux nima uchun bolani o‘ldirgani sabablarini tushuntirishdan bosh tortmoqda. Life News Internet nashri xabariga ko‘ra, Farruxni o‘z aybiga iqror bo‘lishga 2012 yilning o‘rtalarigacha Tatariston Ichki ishlar vazirligida ishlab kelgan uning Anvar ismli tug‘ishgan akasi ko‘ndirgan.

7 fevral kuni Farrux T. ga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksning 105- moddasi 2-qismi “v” bandi (voyaga yetmagan shaxsni o‘ldirish) asosida jinoiy ish ochildi, u hibsga olindi.

Politsiya va tergovchilar to‘rt kun davomida Tataristonning oltita tumanida olib borilgan muttasil tergov-qidiruv ishlari va qo‘shni o‘lkalarga ovoza bo‘lgan mazkur qotillik yuzasidan sud-tibbiy, daktiloskopiya, trassologiya ekspertizalari tayinlandi.

Mazkur ishni tergov qilayotgan mutaxassislar¸ hozircha qotillik motivlari haqidagi taxminlarni jamoatchilikka e‘lon qilmadi. Tergovchilardan birining Rossiya matbuotiga bildirishicha¸ qizchani o‘ldirishdan avval ayblanuvchi uni zo‘rlagani taxmin qilinmoqda. Bu haqda uzil-kesil ma‘lumot tarqatish uchun¸ tergov tizimlari¸ ekspertiza xulosalarini kutish lozimligini ta‘kidlashmoqda.
XS
SM
MD
LG