Линклар

1 fevraldan boshlab xorijga safar qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bankdan so‘mga sotib olgan dollarini naqd emas¸ VISA kartasida olib chiqib ketmoqda. Fuqarolarning VISA kartasi xorijda ishlamayoganiga oid shikoyatlari O‘zbekistondagi bank xodimlari tomonidan rad etilmoqda.

2013 yil 1 fevralidan boshlab O‘zbekiston banklarida jismoniy shaxslarga naqd pul ko‘rinishda xorijiy valyuta sotish taqiqlandi.

Yangi tartibga muvofiq o‘zbekistonliklar so‘mga almashtiradigan xorijiy valyuta ularning VISA bank kartalariga o‘tkazib berilmoqda.

Shu kunga qadar xorijga safar qilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar o‘zlari bilan 2000 AQSh dollari miqdorida naqd pul olib chiqish huquqiga ega edi. Endi fuqarolar xorijga valyutani faqat VISA kartasida olib chiqmoqda.

O‘zbekiston Markaziy bankiga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha tijorat banklari “VISA International”, “MasterCard” va boshqa xalqaro to‘lov tizimlarining to‘laqonli a‘zosi hisoblanadi va ular real vaqt rejimidagi banklararo to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi “SVIFT” xalqaro tizimiga ulangan.

Biroq VISA kartasi bilan xorijga borgan ayrim fuqarolar VISA kartasining ayni kunlarda ishlamayotganidan shikoyat qilmoqda.

Xususan¸ 5 fevral kuni Uzmetronom.com Internet gazetasi Rossiyaning Yekaterinburg shahriga borgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar VISA kartasi bilan samolyotga chipta sotib ololmaganlarini xabar qildi.

Xalqaro miqyosda katta nufuzga ega bo‘lgan VISA kartasining qanday hollarda ishlamay qolishi sababini bilish uchun VISA shirkatining Londondagi bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildik.

Telefon go‘shagini ko‘targan xodim VISA kartasi ishlamagan shaxs buning sababini faqat karta berilgan bankdan bilishi mumkinligini aytdi:

- VISA kartasi ishlamay qolgani yoki karta bilan bog‘liq muammo haqidagi ishonchli ma‘lumotni faqat o‘z bankingizning mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limidan olishingiz mumkin. Chunki aynan shu bank sizga tegishli ma‘lumotlarni nazorat qiladi, dedi VISA shirkati xodimi.

Uning maslahatiga ko‘ra Toshkentdagi "Agrobank" bo‘limlaridan biriga qo‘ng‘iroq qilib, VISA kartasi qanday hollarda ishlamay qolishi mumkinligini tushuntirib berishni so‘radik:

- Har bir holatda qanday xatolik bo‘lgani alohida ko‘rib chiqilishi kerak. Umumiy qilib aytganda, karta ishlamasligining sabablari ko‘p. Masalan, ularda terminal ishlamayotgan bo‘lishi mumkin. Balki o‘sha bankda aloqa muammosi bo‘lishi mumkin. Parol noto‘g‘ri yozilgan bo‘lishi mumkin. Karta nomeri noto‘g‘ri kiritilgan bo‘lishi mumkin. Xatolar ko‘p bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir holat alohida ko‘rilishi kerak, dedi Agrobank xodimi.

O‘z ismi oshkor etilishini xohlamagan "Hamkorbank" xodimi Ozodlik bilan suhbatda VISA kartasi ishlamasligiga uning sohibi yo‘l qo‘ygan xatolik ham sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi:

- Masalan, parol uch marta noto‘g‘ri terilganda, karta ishlamaydi, avtomaticheskiy blokirovka bo‘ladi. VISA ochilgan kundan boshlab uch yilgacha aktiv turadi. Ishlaydi karta. Faqat ichida pul bo‘lishi kerak. Ichida puli bo‘lmasa, lyuboy bankomatga kirsangiz, otkaz beradi, dedi bu suhbatdosh.

"Hamkorbank" xodimi ikki yildan beri bankning plastik kartalar bo‘limida ishlayotgan bo‘lsa¸ shu paytgacha “VISA ishlamadi” degan gapni eshitmaganini aytadi:

- Ishga kelganimga ikki yil bo‘lgan bo‘lsa, ikki yildan beri hali “mening vizam ishlamay qoldi, unaqa bo‘lib qoldi” degan narsani eshitmadim, dedi "Hamkorbank" xodimi.

Ayni paytda, "Agrobank" xodimi hozir O‘zbekiston banklaridan 2000 dollarni so‘mga sotib olib xorijga VISA kartasi bilan sayohat qilayotgan fuqarolar chet davlat bankomatlarida hozircha naqd pul chiqarib ololmasliklarini bildirdi.

Unga ko‘ra¸ VISA kartasi orqali mehmonxona, do‘konlar, restoran va boshqa xizmatlar uchun naqd pulsiz haq to‘lash imkoni saqlanib qoladi.
XS
SM
MD
LG