Линклар

O‘zbekistondagi “Ipoteka-bank” banki rahbarlari hibsga olindi. Bank rahbarlari g‘ayriqonuniy valyuta operatsiyalarini amalga oshirganlikda ayblanmoqda. Ayni paytda norasmiy manbalar Ozodlikka O‘zbekiston Xalq banki bir necha rahbarining xorijga qochib ketgani haqida xabar qildi.

O‘zbekistondagi “Ipoteka-bank” ning bir necha rahbari hibsga olindi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan “Ipoteka-bank” mijozlaridan biri, toshkentlik iqtisodchi Mirkomil Toshkandiyning aytishicha, bank rahbarlari valyuta g‘ayriqonuniy oldi-sotdisiga oid jinoyatlarda ayblanmoqda:

- Men o‘zim shu bankning mijoziman. Bir-ikki haftacha bo‘ldi, bankning bir qancha rahbarlarini qamashibdi, deb eshitdim. Ular valyutani noqonuniy aylantirishgan ekan, deydi Mirkomil Toshkandiy.

“Ipoteka-bank” aktsiyadorlik tijorat ipoteka banki qabulxonasidagi rais yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda, bank rahbarlari hibsga olinganini tasdiqladi, biroq bu haqda boshqa ma‘lumot bera olmasligini aytdi.

Podrobno.uz axborot agentligining yozishicha, joriy yil fevral oyida Toshkent shahar prokuraturasining Valyuta, soliq jinoyatlariga qarshi kurash Departamenti va boshqa kuch ishlatar organlarining birgalikdagi harakati natijasida, “Ipoteka-bank” xodimlari va “qora bozor”dagi “valyutchiklar” deb nomlanuvchi shaxslar ishtirokidagi katta jinoiy guruh fosh etilgan.

Ayni manbaga ko‘ra, bu guruh a‘zolaridan “Ipoteka-bank” raisi o‘rinbosari Muzaffar Ermatov, shu bankning Toshkent shahar bo‘limi raisi Alisher Usmonov, Yunusobod tumani bo‘limi rahbari Qodir Abdullayev, Toshkent viloyati bo‘limi raisi Adham Tojixo‘jayev, Ohangaron shahar bo‘limi raisi Ulug‘bek Hotamov va Angren shahar bo‘limi raisi Ulug‘bek Haydarovlar Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining 1-tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Orif Hoshimovning aytishicha, “Ipoteka-bank” rahbarlarining hibsga olingani haqidagi xabar, mamlakatdagi barcha bankrahbar-xodimlarini besaranjom qilib qo‘ygan:

- Hozir deyarli barcha banklarda hamma hammadan qo‘rqib, hadiksirab yuribdi. Chunki, eng tepadagi odamning “nega bunday bo‘layapti, nega o‘zbek so‘mi qadri tushib ketayapti”, degan savollariga javob berish uchun shunday “qurbon”lar kerak edi. Hozir bir yarim oydan buyon shunday jarayon ketyapti.Bu jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan tashqari, hozir ishdan olinganlar juda ko‘p. Har bir davlat tijorat bankidan 10-15tadan boshqaruvchi, shu sohani nazorat qiladigan rais o‘rinbosarlari va shunga o‘xshash o‘z ishiga “sovuqqonlik” bilan qaragan mulozimlar guruh-guruh ishdan olinyapti.

Bu ishlarning hammasi yuqoriga hisobot berish uchun qilinayapti. “Mana xo‘jayin, hammasini tartibga soldik, mana bu kazzoblarni qamadik”, deb hisobot beriladi, bir oydan keyin. Lekin reallik bunday bo‘lmaydi, deydi iqtisodchi Orif Hoshimov.

RIA-Novosti axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekiston Xalq bankining bir qancha yuqori lavozimli mulozimlari o‘z boshlari ustida qora bulutlar to‘planganini sezib¸ ehtimoliy tazyiqlardan qochish uchun xorijga chiqib ketgan.

Biroq Ozodlik bilan suhbatlashgan O‘zbekiston Xalq banki mulozimi bu iddaoni rad etdi.

O‘zbekistonda 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyuta ayirboshlash taqiqlandi. O‘zbekiston rezidentlari valyuta almashtirishni faqat banklar orqali naqd bo‘lmagan holda amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.

Naqd valyuta almashmasligi xabari O‘zbekistondagi “qora bozorlar”ni junbushga keltirdi .
XS
SM
MD
LG