Линклар

Yevropadagi 13 davlat politsiyachilari birgalikda olib borgan tekshiruv natijasida kelishilgan futbol o‘yinlarni uyushtirgan tarmoq fosh etilgani xabar qilindi. Hozircha kelishilgan futbol o‘yinlari o‘tkazilgan davlatlar nomi oshkor qilinmadi.

Yevropa Ittifoqining qonunni muhofaza qiluvchi agentligi Yevropolning Internetdagi rasmiy saytida 6 fevral kuni e‘lon qilingan bayonotga ko‘ra, 15 dan ortiq davlatdagi futbol klublarining 425 nafar rasmiysi, o‘yinchilar va jinoiy guruh vakillari 380 dan ortiq kelishilgan futbol o‘yini uyushtirishga uringanlikda gumonlanmoqda.

Hujjatda ko‘p tarmoqli uyushgan jinoiy operatsiyalarda kelishilgan o‘yinlarda sakkiz million yevrodan ko‘p daromad olingani va bu pulning ikki million yevrodan ko‘prog‘i kelishilgan o‘yinlar tashkilotchilariga to‘langani bildirilgan.

Yevropol olib borgan tekshiruvda kelishilgan futbol o‘yinlari o‘tkazilgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham bormi¸ degan Ozodlik savoliga Yevropol matbuot xizmati xodimi o‘z tashkiloti tekshiruv borasida hozircha hech qanday sharh bermacligini aytdi:

- Men faqat Yevropol nomidan gapira olaman. Afsuski, bu masalada hozircha hech qanday sharh bermaymiz, dedi Yevropol rasmiysi.

4 fevral kuni Haaga shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yevropol rasmiylari VETO operatsiyasi shartli nomi ostida Qo‘shma tekshiruv guruhi (QTG) 2011 yil iyulidan 2013 yil yanvar oyiga qadar tekshiruv olib borilganini ma‘lum qildi.

Yevropol rasmiylariga ko‘ra, Germaniya, Finlyandiya, Vengriya, Avstriya va Sloveniya politsiyasi olib borgan tekshiruv jarayonini Yevrojast, Interpol va Yevropaning sakkiz davlati qo‘llab-quvvatlagan.

Tekshiruv jarayonida kelishilgan futbol o‘yinlari uyushtirilishiga aloqadorlikda gumonlangan shaxslar o‘rtasidagi 13 mingdan ortiq elektron pochta yozishmasi va boshqa materiallar tahlil qilingan.

Tekshiruv natijasida ayrim davlatlarda kelishilgan futbol o‘yinlari uyushtirishga aloqadar bo‘lgan shaxslar ustidan jinoiy ish ochilgan

Xususan, Germaniyada 14 shaxs javobgarlikka tortilib¸ jami 39 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Kelishuv asosida o‘tkazilgani taxmin qilingan 380 ta futbol o‘yini orasida jahon va Yevropa chempionatiga yo‘llanma olish uchun bo‘lgan saralash o‘yinlari, ikkita UYEFA chempionlar ligasi o‘yinlari ham bor.

Yevropol bayonotiga ko‘ra, aksar kelishilgan futbol o‘yinlarini uyushtirgan jinoiy guruh Osiyo bozorida faoliyat yuritgan. Guruh rahbarlari osiyolik bo‘lgan va ular yevropaliklar bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

Yevropol tekshiruvi davomida kelishilgan o‘yinlar uyushtirgan shaxslarning rus tilida so‘zlashuvchi va boshqa jinoiy guruhlar bilan ham aloqasi bo‘lgani ham aniqlangan.

Ayrim kuzatuvchilar¸ Yevropol ro‘yxatidagi davlatlar orasida Markaziy Osiyoda eng kuchli futbolga ega bo‘lgan O‘zbekiston ham borligini taxmin qilmoqda.

Biroq O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayev Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda kelishilgan o‘yinlar muammosi yo‘qligini ta‘kidladi:

- Bunday muammo har bir mintaqada futbol taraqqiyotiga jiddiy ta‘sir etib kelgan. Lekin 2005 yilda Mirabror Zufarovich Usmonov federatsiya rahbari bo‘lib kelganida o‘sha yilda ishni avvalo adolatli hamkamlikni ta‘minlash va adolatsiz hakamlikka qarshi ayovsiz kurashishdan boshlagan.

O‘shanda bir nechta hakamlar muayyan bir o‘yinlarda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun bir necha o‘yinga, bir necha mavsumga yoki umrbod hakamlikdan chetlatilgan. Bundan tashqari hakamlikka to‘lanadigan haq bir necha barobar ko‘tarilgan. Bugungi kungacha shu siyosat saqlanib kelyapti va o‘z samarasini berayapti.

Kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq muammolar, men aytishim mumkin, O‘zbekistonda hozirgi kunda bu narsa umuman yo‘q, dedi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot kotibi.

Sanjar Rizayevning eslatishicha¸ O‘zbekiston Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi – FIFAning o‘tgan yilgi mavsumda ko‘rsatgan yaxshi o‘yinlari uchun "Fair Play", ya‘ni "Halol o‘yin uchun" mukofotiga sazovor bo‘lgan. 2013 yil 7 yanvar kuni Tsyurix shahrida o‘tkazilgan tantanali marosimda mukofotni O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov qabul qilib olgan.

Yevropol ma‘lumotiga ko‘ra, kelishilgan futbol o‘yinlarining xalqaro miqyosda amalga oshirilgani tekshiruv olib borgan rasmiylar va prokurorlar uchun qiyinchilik yaratgan. Boisi bitta kelishilgan o‘yinini uyushtirish uchun o‘nta davlatdan ellikka yaqin odam ishtirok etgan.

Yevropol e‘lon qilgan bayonotda tashkilotning Narkotiklar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Gianni Baldi kelishilgan o‘yinlar uyushtirilishiga barham berish uchun xalqaro miqyosda hamkorlikka chaqirgan:

- Kelishilgan futbol o‘yinlari uyushtirish global muammo. Bunday o‘yinlardan millionlab noqonuniy daromad ko‘rayotgan jinoiy tarmoqni nishonga olish va uni yo‘q qilish milliy, regional va xalqaro darajada mustahkam hamkorlikni talab qiladi, dedi Gianni Baldi.

Yevropol elektron pochta orqali Ozodlikka yo‘llagan maktubda kelishilgan futbol o‘yinlari uyushtirilgani haqidagi tafsilotlarni ommaga oshkor qilish Yevropol emas, balki tegishli davlatlar prokuraturalari vakolatida ekani bildirilgan.


Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG