Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:41

Valyuta bozori ustidan o‘zbekcha tajriba ketmoqda


11 fevral kuni AQSh dollarining O‘zbekiston "qora bozor"idagi kursi 2300 so‘mga tushdi. Bu O‘zbekiston Markaziy banki 1 fevraldan naqd ko‘rinishda valyuta ayirboshlashni taqiqlaganidan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatgichdir.


“Takomillashtirish”dan maqsad - valyuta qora bozorini yo‘qotish”


Bu - Toshkentdagi banklardan birining mutasaddisi Orif Hoshimovning fikri.

- Davlat kursi, davlat kursi demaylik endi, Markaziy bank kursi yuzaga kelgan alternativ kurs o‘rtasidagi farqni yo‘qqa chiqarish uchun qilinayotga hatti-harakatlar hammasi, deydi Orif Hoshimov.

O‘zbekiston boshqaruv tizimlarida ishlagan iqtisodchi – ekspert Saodat Nishonova Orif Hoshimovning fikriga qo‘shiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning maqsadi, bir tomondan, rasmiy kurs bo‘yicha sotiladigan valyuta chayqovidan foyda ko‘rayotganlar payini qirqish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, “qora bozorni yo‘q qilish va valyutaning rasmiy va qora bozor kurslarini yaqinlashtirishga urinishdir”.



Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, asli o‘zbekistonlik iqtisodchi olim Saparboy Jubayev ham, o‘zidan oldingi ikki ekspertnikiga o‘xshash fikrni aytdi.

Jubayevga ko‘ra, shu paytgacha, O‘zbekiston hukumati nazdida mamlakat valyuta bozorida tartibsizlik hukmron edi va endi tartib o‘rnatmoqchi.

- Tartibga solish deganda maqsad men bunaqa tushunaman: davlatning rasmiy kursi bor 1950 so‘m 1 dollarga. Keyin birja kursi bor, 3100-3700 birjada. Shu ikkalasini davlat ushlab turishga harakat qilayapti. Masalan xalqning hojatiga kerak borlari, hojat qiladigan odamlar, chet elga chiqadiganlar 1950dan olib, chet elga chiqishi kerakda. Chet eldan kelgan odamlar, bizning muhojirlar, chet elda ishlayotganlar 1950dan, obmenniy punkt yo‘q endi, bankka topshirib, so‘mda olishi kerak. Tartib shu, deydi Saparboy Jubayev.


Markaziy bank maqsadi yetib bo‘ladigan maqsadmi?


Iqtisodchi olim Saparboy Jubayevning fikricha, bir qarashda, agar Markaziy bank chindan ham rasmiy kurs bilan qora bozor kursi orasidagi farqni yo‘q qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa, buni, albatta, olqishlash kerak, chunki “valyutaning kurslari farqidan foyda topadigan odamlar yo‘q bo‘ladi”.

Lekin, deb davom etadi, iqtisodchi olim, bunday maqsadga ma‘muriy choralar bilan erishib bo‘lmaydi.

“Markaziy bank maqsadi yetib bo‘ladigan maqsadmi?” degan savolga javoban, bank mutasaddisi Orif Hoshimov dadil “Ha”, deya olmadi.

- Bu narsani prognoz qilish qiyin hozirgi kunda. Lekin keyingi kunda, oxirgi kunlarda yuz berayotgan spekulyantlarga qarshi kurash, valyuta bo‘yicha operatsiyalarni O‘zbekiston respublikasi ichiga cheklovlarni amalga oshirish, bu bo‘yicha nazoratni kuchaytirish ishlari keyingi uch-to‘rt yil ichida natija berayotgandek. Lekin uni doimiy ravishda bosim ostida ushlab turish imkoniyati yo‘q, deydi Orif Hoshimov.

Toshkentlik iqtisodchi - ekspert Saodat Nishonovaning qat‘iy ishonch bilan aytishicha, Markaziy bank o‘z oldiga qo‘ygan maqsad yetib bo‘ladigan maqsad emas, chunki,

- Valyutaning rasmiy kursi bilan qora bozor kursi o‘rtasidagi farq sababi ma‘muriy usullar bilan hal qilinadigan tashkiliy choralarda emas. Valyuta kursi qay darajada bo‘lishi kerakligi iqtisodiyotning fundamental masalalaridan biridir, deydi u.


Qora bozorni quvish o‘rniga rasmiy kursni “qo‘yib” yuborsa bo‘lmaydimi?


Iqtisodchi – ekspert Saodat Nishonovaning fikricha, shunday qilsa bo‘lardi. Lekin

- Gap bunday chora qo‘llanilganidan so‘ng yuz beradigan devalьvatsiyaning kimning manfaatiga zid kelib qolishida. Bu holatda so‘mning qadri tushib ketadi va bu birinchi navbatda davlat qarzini qaytarishni o‘ylashi kerak bo‘lgan moliya vazirligiga yuk bo‘lib tushadi. Ikkinchidan, bu valyuta kurslari farqidan pul qiladigan, import bilan shug‘ullanadigan guruhlar manfaatiga ziddir. Bu guruhlar siyosiy jihatdan kuchli o‘yinchilardirki, ularning o‘yinini to‘xata oladigan boshqa bir siyosiy kuchning o‘zi yo‘q, dedi Saodat Nishonova.

Iqtisodchi olim Saparboy Jubayev ham Saodat Nishonova tilga olgan “guruhlar”ga to‘xtaldi.

- Boshida gaplashdikku, bugungi kursdan kim foyda ko‘radi? Bir korxonalar bor, masalan savdo korxonasi. Tasavvur qiling yuz millionlab almashtiradi pulini. 195 millioniga bir million dollar oladi. Tushundingiz-a? 1 millionlik tovarini olib keladi. Ertaga 195 millionni sarflagan savdo korxonasi 250 millionlik qilib chiqarib sotadi. Chunki bu qora bozorda 250 million. Bir savdo qilganning o‘zida, masalan bir oy deylik, 35 foiz rentabelnost bilan foyda ko‘radi. Bunaqa foyda dunyoda yo‘q.

Ozodlik: Bundan nazorat qilayotgan davlat amaldorlari ham foyda ko‘radi.

- Endi shunaqa desa bo‘ladi. Amaldorlarning ichida valyutani konvertatsiya qilishga qo‘li yetadiganlari deylik. Faqat obmenniy punktdan topadigan hamma tushunib turibdiyu. Haligi opalar borar ekan, ular olar ekan, hech kimni qo‘ymas ekan, ular shuni ertaga qora bozorda sotar ekan, u yavno ko‘rinib turibdi. Lekin ularning qismi juda oz. Uni men 10-15 foiz deb aytishim mumkin. asosiy qism u yoqdan ketayapti, deydi Saparboy Jubayev.

Saparboy Jubayevning so‘nggi gaplari hukumatning valyuta ayirboshlashning yangi tartibi joriy etilishi bilan bir vaqtda kuchga kirgan yana bir qarori zamiridagi mantiqni tushunishga yo‘l ochadi.


Barcha preferentsiyalar “guruhlar”gami?


O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 29 yanvar kuni “Mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarning mamlakatga noqonuniy olib qirilishiga qarshi kurashni kuchaytirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Ba‘zi ma‘lumotlarga qaraganda, bozoridagi kundalik iste‘mol mollari — oziq-ovqat, kiyim-kechak, hatto tish cho‘tkayu, kir yuvish pastasiga qadar eng zarur mahsulotlarning 70 foizdan ortig‘i import tovarlardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda 29 yanvar kungi qaror bu yo‘nalishdagi dastlabki hujjat emas.


Taqiqlar tarixi


Hukumat bundan 13 yil muqaddam – 2000 yili jismoniy shaxslarga chet eldan tovar tashib sotishni taqiqlab qo‘ygan, o‘shanda O‘zbekiston shaharlari ko‘chalarida kattaroq sumka bilan yurish xavfli bo‘lib qolgan edi.

Keyinroq – 2009 yili jismoniy shaxslar uchun import “eshigi” mutlaqo toraydi: har bir kishi chet eldan boj to‘lamay olib kiradigan tovarlar umumiy qiymati 10 dollardan ortmasligi kerak.


Hisob-kitob xom edimi?


O‘zbekiston hukumatining valyuta bozorini “tartibga solish”ga qaratilgan choralari va shu choralar bilan bog‘liq boshqa qarorlari, yumshoqroq aytganda, puxta o‘ylangan qarorlar ekanligiga mustaqil ekspertlar u yoqda tursin, eshittirishimizda ishtirok etayotgan bank xodimi Orif Hoshimov ham ishonmaydi.

- Qaysidir bir paytga kelgandan keyin bozor metodlarini ham qo‘llashga o‘tishga to‘g‘ri keladi. Kursni muvofiqlashtirish uchun bozor yo‘llari degani devalvatsiya deganida. Bu bo‘yicha na hukumat rasmiysidan, na Markaziy bank rasmiysidan aniq bir prognozni hozirgi kunda ololmaysiz. Vaziyatga qarab ish tutilayapti o‘ylab aytganda. Har bir keyingi qadam vaziyatning qanday rivojlanayotganidan kelib chiqib qabul qilinayapti. O‘sha variantlarga qarab turib bank muddat kelganda, vaqt kelganda qisqa muddat ichida ko‘ramiz, balki bozor metodlari ham ishga tushib ketar, dedi Toshkentdagi banklardan birining mutasaddisi Orif Hoshimov.
XS
SM
MD
LG