Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:05

Qirg‘iz rasmiylari O‘shda yirik narkobaron ushlanganini iddao qilmoqda


Giyohvand moddalar savdosi va boshqa jinoyatlarda gumonlangan Xayrullo Mamatxonov shu yilning 6 fevral kuni O‘sh shahrida qo‘lga olingani 11 fevralda ochiqlandi.

- Bu odam giyohvand moddalar savdosi bilan ko‘p yildan beri shug‘ullanib yurgan. U avval bir necha bor militsiya va boshqa organlar tomonidan qo‘lga olingan bo‘lishiga qaramay, doim suddan chiqib ketgan. Hozir u Rossiyada qo‘zg‘algan jinoiy ish asosida qo‘lga olinib, uyida tintuv o‘tkazildi. Bu safar uzoqroq ushlab turiladi, deb umid qilayapmiz. Uning ishlari bo‘yicha yetarli ma‘lumotlar bor, - dedi Giyohvand moddalarni nazorat qilish xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari Gulamjan Anarbayev.

Qo‘lga olingan 49 yoshli Xayrullo Mamatxanov jinoiy guruh rahbari sifatida ham gumonlanmoqda. Tergov jarayonida uning 2009 yili Rossiyaning Irkutsk viloyatiga 133 kilogrammdan ortiq qoradori yuborgani ham ma‘lum bo‘lgan.

Gulamjan Anarbayev qo‘lga olingan Xayrullo Mamatxanovni “O‘shning 1-raqamli giyohvand moddalar baroni” deb atadi va u bu ishni o‘z yaqinlari bilan birga amalga oshirishini aytdi:

- U O‘shning 1-raqamli giyohvand moddalar baroni. Giyohvand moddalarni asosan Rossiyaga yuborgan. 2000 yilda u va uning jiyani 800 kilogramm bilan qoradori bilan qo‘lga olingan. Bu odamning jiyanlariga nisbatan ham jinoyat ishlari bor. Biroq barcha jinoyat ishlarining yakuniy xulosalari yo‘q, natijasi chiqmay qolgan. Barcha ishlarni tergov jarayonidayoq qisqartirib tashlashgan, - dedi Gulamjan Anarbayev.

Giyohvand moddalarni nazorat qilish xizmatining ma‘lum qilishicha, Mamatxonov 2010 yilgi O‘sh voqealariga aloqadorlikda gumonlanib ham qidiruvda bo‘lgan. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘sh voqealaridan so‘ng uning uyida o‘tkazilgan tintuvda 40 kilogramm giyohvand modda, o‘qlari bilan qurol, qurolli to‘qnashuv uchun mo‘ljallangan uchta KAMAZ mashinasi topilgan. Shu yilning 17 yanvar kuni esa u militsiya tomonidan qo‘lga olingan, biroq sud uni hech qayerga ketmaslik to‘g‘risidagi tilxat asosida ozod qilgan. Uning boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirilgan 40 dan ziyod turar-joy va o‘nlab avtomashina egasi ekani ham aytiladi.

Ismi oshkor etilishi va ovozi yozib olinishini istamagan o‘shliklardan biriga ko‘ra, iyun voqealari chog‘ida Xayrullo Mamatxonov O‘shning Kalinin mavzei yaqinida joylashgan Otxona nomi bilan mashhur joyda va o‘z uyida o‘zbek millatiga mansub ko‘plab ayollar va bolalarni yashirib o‘tirgan. O‘sh voqealari chog‘ida Otxonada u 500 ga yaqin odamni boqib, shu yerda jon saqlashiga ko‘maklashgan. O‘shliklarga uning 2000 yilda giyohvand moddalar savdosida gumonlanib, qamalib chiqqani ma‘lum, xolos.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarining sobiq o‘rinbosari, general Artur Medetbekovning aytishicha, O‘sh shahri afg‘on afyunining tarqalishida asosiy nuqtalardan sifatida ma‘lum.

- Dunyodagi giyohvand moddalarga qarshi kurash ma‘lumotlariga asosan, O‘sh shahri narkoyo‘lak sifatida asosiy vazifani bajaradi. Afg‘onistonda 7 ming tonnaga yaqin giyohvand modda yetishtirilsa, uning 20 foizi Qirg‘iziston orqali o‘tadi. Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlar orasida qirg‘iz ham, tojik ham, o‘zbek ham bor. Biroq ularning barchasi Qirg‘iziston fuqarolari, - dedi Artur Medetbekov.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, giyohvand moddalar savdosidan yiliga 65 milliard dollar foyda kelsa, Qirg‘iziston orqali o‘tgan giyohvand modda savdosidan tushgan pul 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Afg‘onistondan kelayotgan afyun Qirg‘iziston orqali Qozog‘iston, Rossiya, undan nari esa Yevropaga o‘tib ketadi. Bugungi kunda Qirg‘izistonda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi o‘ttizga yaqin guruh borligi aytiladi.
XS
SM
MD
LG