Линклар

logo-print
Taniqli rejissyor Yusuf Roziqov 3 - 4 yil oldin suratga olgan “Gastarbayter” nomli filmini tomosha qilgach, g astarbayterning yurtdoshi ko‘nglidan o‘tgan kechinmalarni yana qog‘ozga to‘kdi.

Fatoratga yuz tutgan befayz hovli...

Xonadon erkagi tirikchilik ilinjida uzoqlarga ketgan. Yakkaqo‘l ayol o‘choqboshida kuymalanadi. Asoga suyangan mo‘ysafidning esa oila og‘irini yengillatishga qurbi yetmaydi.

Tanish, judayam tanish manzara...

Yaqinda rejissyor Yusuf Roziqovning “Gastarbayter”ini ko‘rib qoldim. Aslida, film 3-4 yil oldin suratga olingan. Lekin tuzuk-quruq reklama bo‘lmagani uchunmi, tomosha qilmagandim.

Bosh qahramon (Sodiq bobo) qishloqda o‘limini kutib yotibdi. Mo‘ysafid hayotning barcha sho‘rishlarini tatigan: urush, asirlik, mahbuslik, xotini va o‘g‘li o‘limi... Endigi bor umidi, omonatini tezroq topshirsa-yu, tashvishlardan qutulsa.

Birato‘la.

Biroq qariyaning manglayiga ji-i-imgina o‘lish yozilmagan. Ishlash uchun Moskvaga ketgan nabirasi Omon yo‘qolib qoladi.

Taqdir uning yuziga (kelini qo‘li bilan!) bir tarsaki tushiradi-yu, mudrab yotgan chol ilkis uyg‘onadi.

Va... o‘ris o‘rmonlarida badar ketgan nabirasini daraklab safarga otlanadi: tanasini quvvat tark etgan-u, hali oriyatni boy bermagan-da.

“Nabira qidirish” operatsiyasi asnosida jinoyat olami, muhojirlar hayoti, ijtimoiy tabaqalanish va yana boshqa allaqancha voqeliklar ishonarli hikoya qilingan.

Bosh qahramon faqat nabirasi emas, oilasining ertangi kunini ham izlaydi.

Menimcha, har bir tomoshabin chol siymosida o‘ziga yaqin kimnidir tanib oladi.

Negaki, o‘zga yurtda yo‘qolgan, sotib yuborilgan, qamalgan, mayib bo‘lgan, chavaqlangan... xullas, boshiga kulfat tushgan jigarini qora tortib yo‘lga chiqqanlarning umumlashma obrazi.

Lekin rejissyor rus jamoatchiligining migrantlarga munosabatini oq bo‘yoqda tasvirlashga zo‘r bergandek taassurot uyg‘onadi. Bunga film Rossiya hukumati ko‘magi bilan olingani sababdir.

Naq bir xurjun narkotika bilan qo‘lga olingan otaxonni militsiya hech gap bo‘lmagandek qo‘yib yuboradi. Yo qudratingdan! Nahotki, Rossiya militsiyasi shunchalar musofirsevar, musichadek beozor bo‘lsa?!

Har kuni ular bilan yuzma-yuz kelayotganlar aytsin, mirshablar hatto qo‘lida hujjati bor muhojirni ha desa to‘xtatib, qildan qiyiq axtarib, shilvolish payida-ku!

Ana, matbuot ham ayrim politsiyachilar huquqsiz muhojirlarni “sog‘in sigir” qilvolganini xavotir bilan yozyapti.

Badiiy filmdan hujjatlilik talab qilinmaydi. Mayli-da, optimizm ham ayb sanalmaydi. Ammo harne bo‘lganda ham, real hayotga yaqinroq kelgan ma‘qul emasmi? Ayniqsa, minglab insonlar qismatiga daxldor mavzuda.

...Taqdir hazilini ko‘ringki, Sodiq boboning o‘zi ham gastarbayterga aylanadi: arman qovoqhonasida idish yuvib kun ko‘radi. Qariya, oxir-oqibat, o‘ris tuprog‘ida jon taslim qiladi. Film avvalida ko‘rsatilgan – Rossiyadan kelayotgan mash‘um tobutlar bittaga ko‘payadi.

O‘ylab qarasangiz, turmush mushtlarini bearmon yegan chol o‘z uyida oyoq uzatib jon taslim qilishi mumkin edi.

Navqiron nabira oqbilak o‘ris “marja”ga uylanmay, qishlog‘ida uni umid bilan kutayotgan qoramag‘iz qizni baxtli qilishi mumkin edi.

Kim bilsin, balki rejissyor ham syujet bu tarzda yakunlanmasligi uchun obdon harakat qilgan, ammo voqealar oqimi uni o‘zga o‘zanga olib ketgandir.
Gastarbayterning yurtdoshi
XS
SM
MD
LG