Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:07

Rossiyada “Matiz” va “Neksiya”dan arzoni yo‘q


Uz-Daewoo ishlab chiqarayotgan "Matiz" va "Neksiya" avtomobillari Rossiyadagi eng arzon avtomobillar, deb tan olindi. “Avtostat” tahlil agentligi o‘zbek avtomobillari narx jihatidan, hatto mahalliy AvtoVAZ mahsulotlaridan ham arzonroq ekaniga e‘tibor qaratmoqda.

O‘zbekistonning “GM Uzbekistan” kompaniyasi mahsulotlari Rossiyada nafaqat eng ko‘p sotiladigan, balki o‘z rusumidagi mashinalar qatorida eng arzoni ham, deb e‘lon qilindi.

Rossiyadagi “Avtostat” tahlil markazi tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbek-koreys brendi ostida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “Matiz” va “Neksiya” rusumidagi avtomobillar Rossiyada o‘rtacha 9,5 ming AQSh dollari (yoki 285 ming rubl) hisobida sotilmoqda.

Tadqiqot natijalari haqida Ozodlik radiosiga gapirib bergan “AVTOSTAT” analitika agentligi tahlilchisi Azat Timerxanov: "O‘zbek avtomobillariga sifat jihatidan boy beradigan AvtoVAZning "Kalina" va "Priora" mashinalari o‘rtacha 10,8 ming AQSh dollariga (taqriban 324 ming rublga) sotilmoqda", deydi.

Uz-Daewoo avtomobillari Rossiya bozorida arzonligi sabablarini Azat Timerxanov bir necha omilga bog‘ladi.

- Qarang, Daewooning “Matiz” va “Neksiya” modeli o‘ta arzon segment avtomobillari sirasiga kiradi. Ularning narxi, taxminan 200 ming rubldan 360-370 ming rublgacha o‘zgarib boradi. AvtoVAZ bilan solishtirsak, “LADA” avtomobillarining shu turdagi mashinalari biroz qimmatroq bo‘lib chiqyapti. Uz-Daewoo mahsulotlarining arzonligiga kompaniya tomonidan olib borilgan narx borasidagi muvaffaqiyatli marketing siyosatidan tashqari boshqa omillar ham ta‘sir ko‘rsatdi.

Eng avvalo, Daewoo shirkatining “Matiz” va “Neksiya” modellari ancha yillardan beri, xato qilmasam, 90 yillar boshlaridan ishlab chiqarilyapti va ma‘naviy jihatdan eskirib bo‘lgan. To‘g‘ri, bu mashinalarda hozircha kosmetik o‘zgarishlar bo‘lyapti, lekin narxi bundan oshirilsa, fikrimizcha sotilishi keskin kamayib ketadi, deya tahlil natijalarini tushuntirdi Azat Timerxanov.

“Rossiyaning eng sifatli arzon avtomobili” unvoniga ega bo‘lgan “Neksiya” Koreyada 1980 yillar o‘rtalarida ishlab chiqilgan “Opel Kadett” mashinasining nusxasidir.

Agentlik tahlilchilari Uz-Daewoo o‘zining mahsulotlari bilan Rossiyada narx borasida AvtoVAZ bilan raqobatlasha olgan yagona avtokontsern ekanini ta‘kidlamoqda.

Azat Timerxanov O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan avtomobillar “LADA” mahsulotlariga texnik jihatdan mos kelsada, ulardan mustahkamligi, dizayni, sifati va bir qator zamonaviy optsiyalar (elektr oyinako‘targich, konditsioner va hok.) hisobiga ustunlik qilib kelayotganini aytadi.

“Shunga qaramasdan, Uz-Daewoo 2012 yilda 2011 yilga nisbatan kamroq avtomobil sotgan”, deya davom etadi “Avtostat” tahlilchisi.

- Axir, ishchi kuchi ham tannarx shakllanishida muhim. O‘zbekistondagi ishchi kuchining arzonligi bunga bevosita ta‘sir ko‘rsatadi. Rossiyada turmush darajasi yuqori, O‘zbekistonda esa ishchi kuchi arzonroq. Qolaversa, AvtoVAZ oxirgi yillarda unga davlat tomonidan kiritilayotgan katta miqdordagi sarmoyalar hisobiga o‘z mashinalarini zamonaviylashtirishga kirishdi.

Masalan, “Kalina” va “Priora”ning yangi zamonaviy modellari ishlab chiqildi va sotuvga qo‘yildi. Shuningdek, bu kompaniya “Reno-Nissan” avtomobillari platformasi asosida yangi zamonaviy avtomobillarni ishlab chiqarishga kirishdi. Bunday vaziyatda Uz-Daewoo o‘zining “Matiz” va “Neksiya”si Rossiyada “eng arzon va eng sifatli” mashina bo‘lib qolishi mumkin-mi? Buni vaqt va avtokompaniyalarning siyosati ko‘rsatadi, deya xulosa qildi Ozodlik bilan suhbatlashgan “AVTOSTAT” analitika agentligi tahlilchisi Azat Timerxanov.

Ochiq manbalardan olingan ma‘lumotlarga binoan GM Uzbekistan 2011 yilda Rossiya avtobozorida 54567 dona Nexia va 38211 dona “Matiz" sotgan bo‘lsa, 2012 yilda 88232 dona avtomobil sotgan.

“Neksiya”ga yaqin kelajakda zamonaviylashtirilgan ro‘l, ABS va ESP tizimlari hamda xavfsizlik yostig‘i o‘rnatilishi kutilmoqda.

Shuningdek, “Avtostat” tahlil markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda Uz-Daewoo Rossiyada “Neksiya”ning S rusumidagi yangi modelini taqdim etadi.

Mutaxassislar bu avtomobil Rossiyada “Neksiya”dek mashhur bo‘la olmagan Daewoo Lacettining o‘zgartirilgan varianti bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

GM Uzbekistan 2012 yilning 5 sentyabrida Toshkentda yangi modeldagi Chevrolet Cobalt avtomobilining taqdimot marosimini o‘tkazdi.

Shirkat 2013 yilda 120 dan ko‘proq Cobalt avtomobili ishlab chiqarish va uning kamida 50 foizini xorijga eksport qilishni rejalagan.

1996 yilda O‘zbekiston hukumati va Janubiy Koreyaning Daewoo Motor shirkati bilan teng sherikchilik asosida avtomobil ishlab chiqaradigan O‘zDeuAvto qo‘shma korxonasini ta‘sis etgandi. Yangi zavod yiliga 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan.

2005 yilda O‘zbekiston Daewoo aktsiyalarining 50 foizini sotib oldi va korxona to‘laligicha O‘zbekiston tasarrufiga o‘tdi.

2007 yilda esa O‘zavtosanoat va AQShning General Motors shirkatlari O‘zDeuAvto o‘rnida GM-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tashkil etish haqida shartnoma imzolagan.

Statistika qo‘mitasi rasmiy saytiga ko‘ra¸ GM mazkur qo‘shma korxonaning 25 foiz aktsiyasiga ega.
XS
SM
MD
LG