Линклар

Poytaxtning Olmazor tumanida MXX tomonidan ushlangan militsiya xodimining o‘z tergoviga tushgan ayblanuvchi yaqinlaridan 2000 AQSh dollari miqdorida pora olishga uringani aytilmoqda.

11 fevralь kuni Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Baxtiyor Abdullayev mahalliy fuqarolarning biridan 2000 AQSh dollari miqdorida pora olayotganida MXXning Toshkent shahar boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan hibsga olindi.

Mazkur ma‘lumotni Olmazor tumani IIBning navbatchilik qismi tasdiqladi, ammo navbatchi voqea tafsilotlariga to‘xtalmadi.

Hodisadan xabardor mahalliy advokatga ko‘ra, 37 yashar militsiya zobiti o‘z ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi ishtirokchilarining yaqinlaridan pora olayotgan paytda hibs etilgan.

Militsiya zobitiga nisbatan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Abdullayevning hozirda Toshkent shahar IIBBga tegishli vaqtinchalik saqlash hibsxonasida ushlab turilgani aytilmoqda.

Militsiya zobitiga nisbatan tergov va sud jarayonlarida ehtiyot chorasini belgilash masalasi 13 fevralь kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida ko‘riladi.

Ozodlik bu hodisani kuzatmoqda, qo‘shimcha tafsilotlardan kun davomida sizni xabardor qilib boradi.
XS
SM
MD
LG