Линклар

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti - soliq.uz ga qilingan hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan CLONE-SECURITY hakerlar guruhi, bundan maqsad mamlakat soliq tizimida avj olgan korruptsiya va poraxo‘rlik holatlariga e‘tibor qaratish ekanini aytmoqda.

18 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00larda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti - soliq.uz hakerlar hujumiga uchradi.

O‘zini CLONE-SECURITY deb ataydigan hakerlar guruhining shaxsini oshkor qilishni istamagan uch a‘zosi Ozodlik bilan Skype orqali bog‘lanib, soliq.uz saytiga qilingan kiber hujum uchun mas‘uliyatni guruh o‘z zimmasiga olishini ma‘lum qildi.

Haker yigitlarning aytishicha, soliq.uz saytiga DDoS (Distributed Denial of Service) hujumi qilingan.

“Bu D-DoS ataka. Biz avval qilgan hujumlarimizda saytlarning sistemasiga kirardik. Bu safar soliq.uz sistemasiga kirmagan holda atakani amalga oshirdik” dedi haker yigitlardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

CLONE-SECURITY guruhi a‘zolariga ko‘ra, soliq.uz saytiga qilingan hujum natijasida soliq tizimlarining ishlashiga ham salbiy ta‘sir qilishi mumkin.

“Hozir soliq.uz saytida O‘zbekistondagi barcha soliq hujjatlari joylashtirilgan. Shuningdek, soliq hisobotlarining elektron ko‘rinishlari yo‘lga qo‘yilgan. Agar sayt ikki soat ishlamay tursa, nalog ishi to‘xtatildi, deb hisoblash mumkin. Elektron ko‘rinishdagi hujjatlarning hammasiga dostup yo‘qoladi”, dedi haker yigitlardan yana biri.

Haker yigitlarga ko‘ra, soliq.uz saytiga qilingan hujum ancha murakkab bo‘lib, sayt bir necha oylab yopiq holda qolishi ehtimoli bor.

“Biz bitta knopkani bossak, sayt ochilishi mumkin. Lekin biz hozircha saytni ochish niyatimiz yo‘q. Sayt ma‘murlari o‘zlari harakat qilsin. Ularning sayti umuman xavfsizlikka javob bermaydi. Sayt 1,2 hatto 3 oylab ishlamay qolishi mumkin” dedi haker yigitlardan boshqa biri.

Haker yigitlarga ko‘ra, ayni hujum O‘zbekiston soliq tizimidagi korruptsiya va poraxo‘rlik holatlariga e‘tibor qaratish uchun amalga oshirishgan.

“Bugungi kunda O‘zbekistondagi soliq tizimida poraxo‘rlik juda keng tus olgan, korruptsiya avjiga chiqqan. Soliq xodimlari noqonuniy ravishda tadbirkorlar faoliyatiga aralashadi. Soliqchilar o‘z lavozimini su‘istemol qiladi. Hujumimiz shu holatlarga qarshi” dedi haker yigit.

CLONE-SECURITY guruhi joriy yilning yanvar oyida “Antilag‘mon” siyosiy aktsiyasi nomi ostida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining rasmiy sayti www.mtrk.uz ga qilingan ikkita hakerlik hujumi uchun ham mas‘uliyatni zimmasiga olgan edi.

Bu hujum kampaniyasi “Milliy teleradiokompaniya xalqqa tarqatayotgan axborotlar yolg‘on axborotdir!” shiori ostida o‘tkazilgan edi.

Shuningdek, o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tibbiyot portaliga uyushtirilgan hujum uchun ham mas‘uliyatni CLONE-SECURITY hakerlar guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.

Guruh o‘sha paytda ayni hujum O‘zbekiston hukumatining ayollarni sterilizatsiya qilish siyosatiga norozilik sifatida amalga oshirilganini ta‘kidlagan edi.

Hukumat saytlarini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik xakerlar saytlarning bosh sahifasiga “Bizning onalarimizni sterilizatsiya qilmanglar!” degan yozuvni joylashtirgan va bu talab ostiga "CLONE-SECURITY” deya imzo qo‘ygan edi.

CLONE-SECURITY guruhi saytlarga qilinayotgan ushbu hujumlarni O‘zbekiston ichkarisida turib amalga oshirayotganini ta‘kidlab kelmoqda.
XS
SM
MD
LG