Линклар

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaning "Guli" brendi ostidagi erkaklar uchun mo‘ljallangan atir reklamasidan mashhur turk aktyori Xolid Erganchning surati g‘oyib bo‘ldi. Bu turk aktyorining tanqidlardan xulosa chiqarganiga yo‘yilmoqda.

O‘zbekiston telekanali orqali berilayotgan "Guli" brendi ostidagi erkaklar uchun mo‘ljallangan "Victorious" atiri reklamasidan "Muhtasham yuz yil" serialidagi Usmonli halifaligining sultoni Sulaymon roli bilan mamlakatda mashhur bo‘lgan turkiyalik kino yulduz Xolid Erganchning surati olib tashlandi.

- Hozir rekalamada faqat atirning o‘zini ko‘rsatishyapti, Xolid Erganch yo‘q, dedi turk aktyorining o‘z ismini aytmagan o‘zbekistonlik ixlosmandlaridan biri.

"Guli" brendi ostidagi atir reklamasida erkakka xos bo‘lgan muzaffar triumfator obrazini namoyon etishi kerak bo‘lgan Xolid Erganch endilikda O‘zbekiston telekanali orqali berilayotgan reklamada ko‘rinmay qolganini esa Yilmaz xonim shartnoma muddati tugagani bilan izohladi.

- Bilishimcha, shartnoma muddati tugagan. Ya‘ni, reklama shartnomalari ma‘lum muddatga tuziladi. Ikki oy davomida atir reklamasida Xolidbey suratlaridan foydalanish mumkin edi. Hozir endi, shartnoma muddati tugagani uchun uning surati olib tashlangan bo‘lishi mumkin, dedi TIMS productions studiyasi matbuot vakili Go‘zde Yilmaz.

O‘zbekistonda "Muhtasham yuz yil" serialidagi Usmonli halifaligining sultoni Sulaymon roli bilan mashhur bo‘lgan turkiyalik kino yulduz Xolid Erganch o‘tgan yil oktyabr oyida Toshkentda Gulnora Karimovaning Style.uz haftaligi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etgan edi.

Tadbirda qatnashgani va bundan tashqari, "Guli" brendi ostidagi erkaklar uchun mo‘ljallangan "Victorious" nomli atir reklamasida qatnashgani uchun turk aktyori tanqidlar ostida qolgan edi.

O‘shanda Xolid Erganchning matbuot vakili Go‘zde Yilmaz aktyorning Gulnora Karimova atirlarini reklama qilayotgani haqidagi yangilikni ishonchsizlik bilan inkor etishga uringan, keyin esa unga jo‘natilgan Erganchning “Victorious” reklamasida aks etgan suratini izohsiz qoldirgan edi.

Ayni paytda Xolid Erganchning “Guli” reklamasi uchun O‘zbekiston prezidenti qizidan qancha gonorar olgani haqidagi savol ham TIMS vakili tomonidan javobsiz qoldirildi.

- Odatda, bu ma‘lumotlar sir tutiladi, dedi Yilmaz.

Ayni paytdi "Guli" brendining rasmiy saytida e‘lon qilingan "Victorious" atiri reklamasida Erganchning surati qolmoqda.

"Guli" mahsulotlarining rasmiy distribyuteri sanalgan Toshkentdagi “Begim Parfum Gallery” do‘koni sotuvchisi ham “Victorious” erkaklar atiri markasida hali ham Xolid Erganchning suratlari turganini aytdi.

- Hozircha atir qutisidan turk aktyorining surati olinmagan. Balki yangilarida u bo‘lmas, dedi “Begim Parfum Gallery” sotuvchisi.

Turkiya va o‘zbekistonlik fuqaroviy jamiyati faollaridan tashkil topgan Istanbuldagi "O‘zbeklar birligi" tashkiloti "Muhtasham yuz yil" serialidagi qoyilmaqom ijrosi bilan e‘tibor qozongan aktyorning "o‘zbek diktatorining qizini dastaklashi san‘atga haqorat" ekani haqida bayonot bergan edi.

Faollar Erganchni O‘zbekiston prezidentining qizidan katta miqdorda olgan pullarni o‘zbek muhojirlari va qochqinlarining ozodligi yo‘lida sarflashga da‘vat etgan edi.
XS
SM
MD
LG