Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:18

Pochta jo‘natmalari ichidagi telefonlar olib qo‘yildi


Toshkentdagi “Glavpochtamt” idorasida tekshiruv o‘tkazgan bojgirlar bir kun ichida O‘zbekistonga AQShdan yuborilgan pochta jo‘natmalari ichidan chiqqan 33 ta yangi smartfonni musodara qildi.

O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ismini aytmagan vakili Ozodlik bilan suhbatda besh xil rusumdagi smartfon AQShdan kelgan pochta jo‘natmalari ichidan olinib, musodara qilinganini ma‘lum qildi.

Bojxona matbuot vakiliga ko‘ra¸ bir kunda musodara qilingan smartfonlarning umumiy qiymati 38 million so‘mni tashkil qilgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bojxona vakiliga ko‘ra¸ AQShdan yoki boshqa xorij mamlakatidan telefon jo‘natish qonunga zid emas.

- Faqat yuborayotgan paytda bojxona uchun maxsus qog‘oz to‘ldirilishi kerak. Ya‘ni, “SN-23” deyilgan xalqaro andozadagi pochta deklaratsiyasi bor. Ana shu qog‘oz asosida biz pochta jo‘natmasi ichidagi telefon apparatini bojxona ko‘rigidan o‘tkazamiz. Agar bunaqa qog‘oz bo‘lmasa telefon kontrabanda hisoblanib, davlat hisobiga musodara qilinadi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ismini aytmagan vakili.

Bojxona xodimiga ko‘ra, xalqaro andozadagi SN-23 pochta deklaratsiyasi xorijdan yuboriladigan moddiy boyliklar haqida ma‘lumot beruvchi hujjatdir.

Pochta orqali xorijdan jo‘natilayotgan har qanday moddiy tovar uchun shunday deklaratsiya to‘ldirilishi shartligi aytildi.

Suhbat asnosida bojxona mulozimi vaziyani yanada aniqroq tushuntirish uchun bir misol keltirdi.

- Masalan, Toshkentdagi Olmazor tumanida yashovchi Muhammadjonov nomiga AQShdan posilka keldi. Posilkani ochsak ichida 3 xil rusumdagi 8ta smartfon bor edi. O‘zbekiston hududiga pochta orqali yuborilgan va yetarli tarzda deklaratsiya qilinmagan bu smartfonlarning umumiy narxi 8 million so‘mligi aniqlandi¸ deydi bojxona mulozimi.

Mulozimning so‘zlaridan tushunilishicha, qonunga binoan Muhammadjonovga smartfonni pochta orqali jo‘natgan shaxs SN-23 pochta deklaratsiyasini AQShda to‘ldirishi va jo‘natma bilan birga O‘zbekistonga yo‘llashi kerak edi.

Toshkentdagi “Glavpochtamt” idorasida ishlovchi o‘zini Dilbar Saidjonova, deb tanishtirgan xodimning mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ AQSh va Yevropadan kelayotgan pochta jo‘natmalari jiddiy tekshirilmoqda.

Suhbatdosh bu tekshiruvlarni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi va O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasining kontrabanda tovarlarning oldini olishga mas‘ul xodimlari olib borishini aytdi.

O‘zbekiston Davlat Bojxona idorasi xodimi tekshiruv qonuniy asosda amalga oshirilishini ta‘kidladi.

- Shubhali pochta jo‘natmalari O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 44-moddasiga asosan, 2 nafar pochta xodimi va pochta xizmatining xavfsizlik xizmati bo‘limi vakillari ishtirokida ochiladi va tekshiriladi. Bundan tashqari, bojxona ko‘rigi jarayoni uzluksiz ravishda, binoda o‘rnatilgan videokuzatuv sistemasi yordamida tasvirga olinadi¸ deydi mulozim.

O‘zbekiston Davlat Bojxona idorasi xodimi O‘zbekiston hududiga 8 million so‘mlik molni bojxona hujjatlarini to‘ldirmagan holda jo‘natish huquqbuzarlik ekani va ayni paytda bu pochta jo‘natmalarining huquqbuzarlar jo‘natuvchilariga nisbatan tekshiruv borayotganini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG