Линклар

O‘n bir olim bir lahzada millionerga aylandi


Google va Facebook asoschilari Sergey Brin hamda Mark Tsukerberg yangi mukofotni ta‘sis etdi.

Google va Facebook asoschilari Sergey Brin hamda Mark Tsukerberg yangi mukofotni ta‘sis etdi.

AQSh, Yaponiya va Niderlandlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 11 nafar olim o‘zlari ham kutmagan tarzda mablag‘ jihatidan dunyoning eng katta mukofotiga sazovor bo‘ldi va bir lahzada millionerlarga aylandi.

Olimlarning har biriga biomeditsina sohasidagi tadqiqotlari uchun 3 million dollardan mukofot puli berildi. Bu Nobel mukofoti laureatlariga beriladigan mukofot puli miqdoridan ikki barobarga ko‘pdir.

O‘n bir laureatdan to‘qqiz nafari AQSh oliygohlarida va ilmiy tadqiqot markazlarida faoliyat ko‘rsatadi. Qolgan ikki olimning biri yaponiyalik, yana biri esa niderlandiyalik.

Mukofot sohiblaridan biri Lyuis Kentli Nyu Yorkdagi Weill Cornell kollejining onkologiya bo‘limi mudiri.

-Bunday mukofot borligini eshitmagan edim. Mukofotlanganim to‘g‘rsidagi xabarni eshitganimdan so‘ng xursandligimdan esimni yo‘qotayozdim, -dedi u.

Har biri 3 millioln dollardan bo‘lgan mazkur mukofot Google va Facebook shirkatlari asoschilari - AQSh fuqarolari Sergey Brin, Mark Tsukerberg hamda rossiyalik sarmoyador Yuriy Milner tomonidan ta‘sis etilgan.

-Men bizning jamiyatimizga olimlar, tadqiqotchilar va injener qahramonlar ko‘proq kerak deb hisoblayman, - dedi Facebook asoschisi Mark Tsukerberg mukofot haqida gapirar ekan.

Google asoschisi Sergey Brin esa olimlar inson hayoti va salomatligiga katta hissa qo‘shayotganlari uchun mashxur sportichlar, san‘atkorlardan ko‘ra ko‘proq hurmatlanishi hamda taqdirlanishi lozim deb biladi.

Sergey Brinning rafiqasi Anna Voyjitski 23andMe deb nomlangan genetika shirkatning asoschisi. Anna olimlar uchun yangi mukofotning tashkil etilishi o‘zining qaynonasi kabi og‘ir dardga duchor bo‘lgan odamlarni davolashga yordam beruvchi vositalarning kashf etilishiga turtki bo‘ladi, deb hisoblaydi.

-Parkinson kasalining davosini topish biz uchun juda ahamiyatli. Sababi qaynonam mana shu dardga chalingan. Turmush o‘rtog‘imga ham bu kasallik tahdid solishi mumkin,-dedi Anna Voyjitski.

Yangi jamg‘arma mukofot beriladigan odamlar sonini Nobel qo‘mitasi kabi cheklamaydi. Mukofotni olgan olimlar mukofotga yangi nomzodlarni aniqlovchi qo‘mita a‘zolari safiga qo‘shiladi. Taqdimoti San Frantsiskoda o‘tadigan mazkur mukofotni topshirish marosimi ham Nobel qo‘mitasidan farqli o‘laroq ortiqcha dabdabalarsiz o‘tishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG