Линклар

logo-print
“Abu-Sahiy” shirkatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 8 fevraldan buyon yopib qo‘yilgan shirkatning Toshkentdagi xorijdan yuk tashish va uni rasmiylashtirish markazi 15 martdan boshlab yana o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.


“Rejadagi tekshiruv”


Ozodlik muxbiri 26 fevral kuni “Abu-Sahiy” shirkatining xorijdan yuk tashish va uni rasmiylashtirish markazi hisoblangan "Kargo servis" idorasi xodimlaridan biri bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Uning aytishicha, idorada 8 fevral kuni boshlangan tekshiruvning mart oyi boshlarida tugashi kutilayapti.

“Tekshiruv oxiriga yetib qoldi. Shu mart oyining boshlarida tugab qoladi”, dedi suhbatdosh.

Biroq u aniq bir sanani tilga olmadi.

“Abu-Sahiy”ning Istanbuldagi idorasining o‘zini tanishtirmagan xodimi esa tekshiruv ishlari 15 martgacha tugashi mumkinligini aytdi.

“Biz yuk qabul qilishni 15 martdan boshlashimiz mumkin. Hozir Toshkentdagi idorada tekshiruv ketayapti. Hozir umuman yuk qabul qilmayapmiz. Toshkentdagi rahbarlarimizning aytishicha, 15 martgacha hammasi o‘z joyiga tushadi”, dedi shirkatning Istanbuldagi vakili.

8 fevraldan boshlab mazkur shirkatda prokuratura, bojxona va xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat maxsus guruh tekshiruv o‘tkazayotgani aytilgan edi.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan shirkat xodimi buni inkor qildi.

“Hech qanday prokuratura aralashmagan bu ishga. Bu uch yilda bir bo‘ladigan qonuniy tekshiruv. Reja bo‘yicha bo‘ladigan tekshiruv”, dedi shirkat xodimi.

Biroq suhbatdosh reja bo‘yicha borayotgan bu tekshiruv qaysi idora tomonidan qilinayotganini ochiqlashni istamadi.

Ayni paytda tahlilchilarga ko‘ra, shirkatda borayotgan taftish sabablari O‘zbekistonda import mahsulotlariga joriy etilishi kutilayotgan keskin cheklov bilan bevosita bog‘liqdir.

Shu tariqa, tegishli strukturalarning O‘zbekistonga import mahsulotlarini keltirib berayotgan monopolist shirkat harakatini to‘xtatish orqali xorijiy tovarlar oqimini ham to‘xtatishga hozirdanoq kirishilgani aytilmoqda.


“Yuklarimiz nima bo‘ladi?”


Tekshiruv boshlanganidan so‘ng “Abu-Sahiy” shirkatining yuk omborlariga qulf solingan edi.

Toshkentdagi “Bek baraka” bozorida savdo qiluvchi ismini oshkor qilmayotganimiz savdogar yigit Xitoydan tovar keltirishda “Abu-Sahiy”ning "Kargo servis" xizmatidan foydalanib keladi.

Savdogar yigit Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda yuk omborida qolgan tovarlari taqdiridan xavotir bildirdi.

“Guanchjoudan keltirgan tovarimning yarmini olib chiqqandim. Yarmi Kargo omborida qolib ketdi. Telefon qilsak javob berishmayapti. Qachon olish mumkinligini hech kim aytmayapti”, dedi savdogar yigit.

Tadbirkorlar xorijdan keltiriladigan tovar mahsulotlariga nisbatan prezident qarori bilan joriy etilayotgan cheklov 1 apreldan kuchga kirgach, “Abu-Sahiy” kompaniyasi omborlarida qolayotgan mahsulotlari musodara qilinishi va mulkidan ayrilishi mumkinligidan xavotir qilmoqda.

Suhbatlashganimiz shirkat xodimi tadbirkorlarning bu xavotiriga asos yo‘qligini ta‘kidladi.

“Tovarlar bus-butun saqlanayapti. Hech kim musodara qilmaydi. Bu bo‘lmagan gap. Tekshiruv tugagach, hamma tovarini to‘liq oladi”, dedi shirkat xodimi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shirkatning omborlaridan chiqarilmayotgan tovar-mahsulotlari qiymati millionlab dollarga baholanishi mumkin.


“Abu-Sahiy” - import tovarlari bo‘yicha asosiy monopolist


Mazkur shirkatda 2010 yilning aprel va may oylarida ham tekshiruv bo‘lgan, o‘sha paytda ham xorijdan yuk olib kelish vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan edi.

“Abu-Sahiy” xorij tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi mamlakatdagi asosiy monopolist hisoblanadi.

Kompaniya nafaqat Toshkentdagi Abu-Sahiy bozorini, balki mamlakatdagi deyarli barcha bozorlarni xorij mollari bilan ta‘minlab keladi.

Centrasia.ru sayti ma‘lumotiga ko‘ra, Xitoydan O‘zbekistonga keltirilayotgan tovarlarning barchasi “Abu-Sahiy” tomonidan yetkazilmoqda.

Shuningdek, ushbu kompaniyaning Janubiy-sharqiy Osiyodan boshlab, G‘arbiy Yevropagacha bo‘lgan davlatlardan turli ko‘rinishdagi tovarlarni xarid qilish, yuklarni yetkazib berish va saqlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Toshkentlik sotuvchilarga ko‘ra, ushbu shirkat buyurtma qilingan yukni xorijda qabul qilib, buyurtmachining O‘zbekistondagi uyi yoki idorasining ostonasiga qadar yetkazib beradi.

Savdogarlarning aytishicha, “Abu-Sahiy” shirkatining emblemasi yopishtirilgan yuklarni hech kim tekshirmaydi va yukni yetkazib berish jarayonida shirkat uchun muammolar, odatan tug‘ilmaydi.

Uzmetronom.com sayti iddaosiga ko‘ra, mamlakat bozorlaridagi xorijiy tovarlarning 90 foizi “Abu-Sahiy” tomonidan keltirilayapti va shirkat chet eldan tovar keltirishda, asosan noqonuniy yo‘llarni tanlaydi.

Norasmiy ma‘lumotlarda shirkatning xorijdan tovarlarni boj to‘lovini to‘lamasdan olib kirishi aytiladi.

Foreignpolicy.com sayti ma‘lumotiga ko‘ra, bir kunlik pul aylanmasi 250 ming AQSh dollarini tashkil qiladigan “Abu-Sahiy” shirkati O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaga qarashlidir.

Fergana.ru saytining yozishicha, bu shirkatni aslida Lola Karimova-Tillayevaning turmush o‘rtog‘i, Toshkent klanidan ekani aytiladigan biznesmen Timur Tillayev boshqaradi.
XS
SM
MD
LG