Линклар

O‘zbekiston san‘at muzeyida tropik mintaqadan keltirilgan tirik kapalaklar ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazmada Filippin, Birma, Malayziya, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Afrika davlatlarida uchraydigan 15 turdagi kamyob kapalaklar namoyish etilmoqda.

Toshkent San‘at muzeyiga tashrif buyurganlar mitti majvudotlarning nafis harakatlari va parvozini tomosha qilishlari mumkin.

Shu bilan birga, ularning dunyoga kelishi – qurtning pilla o‘rab, g‘umbakka aylanishi, so‘ng qanot yozishini kuzatish imkoni mavjud. Muzey xodimasining aytishicha, odatda, kapalakning g‘umbakdan chiqish jarayoni 2-3 kun davom etadi va buni ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi.

Ko‘rgazma o‘tayotgan kenggina zal polietelen bilan o‘ralgan, chiroq va parogeneratorlar bilan ta‘minlangan. Bu esa ekzotik jonzotlar uchun zarur mo‘‘tadil harorat va namlikni ta‘minlashga xizmat qiladi.

Biroq ekskursovodning ta‘kidlashicha, dastlabki ikkita partiya g‘umbaklar ko‘rgazma joyi kelishuvidagi cho‘zilishlar tufayli nobud bo‘ldi. Zalda haroratning pastligi tufayli hozir ham ba‘zi kapalaklarning qanotlari qurib qolmoqda.



Bundan tashqari, jonli eksponatlarning o‘g‘irlab ketilayotgani, qanotlari “esdalik uchun” yulib olinayotgani ham kuzatilmoqda.

Toshkentda qishning so‘nggi kunlari harorat tushib ketgan. Tashqarida sovuq hukm surayotgan bir paytda muzey ichida yoz tarovatini his etish mumkin.

Namoyish o‘tayotgan maskan tropik o‘rmonni yodga soladi. Mehmonlar orasida bolaligini eslab kapalak ketidan quvlab yurgan kattalar ham bor.

– Bugun odamlarni quruq gerbariy bilan hayratga solib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ularga tirik tropik kapalaklar parvozini ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Lekin mehmonlar joni qildan ham nozik kapalaklarga zarar yetkazmasliklarini judayam istardik, – deydi muzey xodimasi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, ko‘rgazma 21 aprelgacha davom etadi.

Chipta bahosi kattalarga – 10 ming, nafaqaxo‘r va talabalarga – 8 ming, 3-14 yoshli bolalarga – 6000 so‘m.
XS
SM
MD
LG