Линклар

logo-print
Toshkentdagi Yoshlar saroyida 20 fevral kuni o‘tkazilgan she‘riyat kechasida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi o‘zi yozgan she‘rlarni o‘zbek tilida o‘qib berdi. Tadbir buyuk o‘zbek shoiri Bobur tavvaludining 530 yilligiga bag‘ishlangan edi.

Tadbirda ishtirok etgan toshkentlik jurnalist¸ sb.uz internet nashri muharriri Jasur Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda bu tadbirning o‘zbek she‘riyati bayramiga aylanib ketganini ta‘kidladi.

Hamroyevga ko‘ra¸ Gulnora Karimovaning kechada ishtirok qilib¸ o‘zi yozgan “Shom” sarlovhali she‘rini o‘zbek tilida o‘qigani ko‘plarni hayajonga solgan.

"Bu she‘r Gulnora Karimova tarafidan o‘tgan yili viloyatlarga qilgan safar asnosida yozilgan", deydi suhbatdosh.

Qalb torlari tarang¸
Shovqinli to‘lqin¸
So‘ngida oy aksi faqat.
Bir kun kabi bitta bu umr...
Tovlanadi ular olovday.
Dunyoning tovushi kelar¸
Ba‘zida u juda ham kuchsiz.
Ba‘zida “tingla” deb uyg‘otar¸
Yer yuziga parda tortilib.
Minoradan taralar ovoz¸ ammo..
Yana azaliy holat
Quyosh ham botar¸
Bo‘shatish kerak oyga o‘rnini.

Bu misralar bilan tanishgan va ismi aytilishini istamagan toshkentlik munaqqidga ko‘ra¸ she‘r avvaliga ruscha yozilib keyin o‘zbekchaga o‘girtirilgan.

- Dekadens (tushkun¸ilojsiz) uslubda yozilgan o‘rtamiyonadan past bu misralarda O‘zbekistondagi vaziyat kun botishiga o‘hshatilgan. She‘rdagi asosiy mujda quyosh o‘z o‘rnini oyga bo‘shatib berishi kerak¸ degan misra ichiga yashiringan. She‘riy majoz tizimida quyosh qari erkak¸ oy esa yosh qiz ma‘nosida keladi¸ deydi munaqqid.

She‘riyat kechasida qatnashgan Jasur Hamroyevning Ozodlikka aytishicha¸ tadbir davomida Bobur Bobomurod doxil bir nechta qo‘shiqchi shoirlar ham o‘z ash‘or namunalaridan o‘qishgan.

Bu shoirlar yozgan misralar qo‘shiqchi Abdulla Shomag‘rupov tarafidan jonli tarzda ijro qilingani ham aytildi.


Gulnoraga bag‘ishlangan muvashshah


Tadbirda O‘zbekiston Islom universitiyeti domlasi dinshunos olim Saidabzal Saidjalolov Gulnora Karimovaga bag‘ishlangan muvashshah janrida yozilgan g‘azalini zarrin ramkaga solib taqdim qildi.

Muvashshah janri talabiga ko‘ra¸ "Gulnora Karimova" degan jumlaning har bir harfiga bittadan misra bitilgan.

40 yashar muvashshah ustasi Saidabzal Saidjalolovni so‘rab-surishtirib¸ Toshkent Islom Universitetidan topdik.

Dars orasidagi tanaffusda biz bilan ekspromt suhbat qilgan dinshunos olim Gulnoraga atalgan muvashshahni yoddan o‘qib berdi.

Go‘zallikka mudom oshno bo‘libsiz¸
Umidbahsh nigohdan ko‘ngillar masrur.
Latofat-la muhabbatga to‘libsiz¸
Noyob ehsoningiz hammaga manzur.
Orombaxsh so‘zingiz har dardga darmon.
Rahmat daryosidan bo‘ling bahramand
Aslo dilingizda qolmasin armon.

Bu misralar yonboshdan o‘qilganida "Gulnora" degan ism ko‘rinadi. Ana shundan keyingi 8 satrda "Karimova" degan so‘z ham muvashshax ramkasiga tiqiladi.

Bu satrlardan birida Gulnora Karimovaga qarata shoir “Rahnamolik yuki tog‘dan-da og‘ir”¸ deya dardkashlik qiladi.

Lutfiy¸ Fuzuliy va Navoiy kabi ustoz san‘atkorlar kamoliga yetkazgan muvashshah janri haqida batafsil gapirgan Saidabzal Saidjalolov bu gaplarning rasman intervyu emasligini ta‘kidlab¸ ovozli tarzda efirga bermasligimizni iltimos qildi.

Saidabzal Saidjalolov bilan suhbat asnosida ma‘lum bo‘lishicha¸ dinshunos olim anchadan beri muvashshah janrida qalam tebratib keladi.

Bundan oldin Saidjalolov Kavkaz muftiysi Olloshukur Poshshozodaga bag‘ishlab muvashshah yozgan.

"Gulnora Karimova bilan uchrashuvdan keyingi hayajonim hali ham bosilmadi"¸ deydi dinshunos olim.


Tanqidga muhtoj she‘riyat


Tadbirda qatnashgan jurnalist Jasur Hamroyevga ko‘ra¸ she‘riyat kechasida shaklan balanparvoz¸ mazmunan sayoz she‘rlar ham ko‘p bo‘lgan.

- Aynan mana shunday tadbirlar ko‘magida bemaza she‘rlar kamyishiga erishish mumkin¸ deydi Jasur Hamrayev.

Hamroyevga ko‘ra¸ bu o‘rinda O‘zbekiston prezidentining shoira qizidan o‘rnak olsa arziydi.

Tadbirda Gulnora Karimova she‘riy misrlarning balandparvoz emas balki sokin va chuqur mazmunli bo‘lishi haqida shoirlarga maslahat bergan.

Bu gaplarga ilova sifatida Gulnora Karimova o‘zining 2007 yili yozgan she‘rini o‘qib berdi.

Bir yopiq labirint xalqasi – dunyo
Aylanib chopasan unda befoyda...

O‘zbekiston Prezidentining 41 yashar to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova shoirlikdan tashqari o‘zini qo‘shiqchi¸ rassom¸ dizayner¸ haykaltarosh¸ bastakor¸ zargar¸ muqova ustasi va miskar sifatida taqdim etib keladi.

Ayni paytda Karimova xonim nomi ushu sportining qora belbog‘ sohibli jangari ustasi¸ diplomat va milliarder tadbirkor sifatida ham tamsil qilinadi.

Gulnora Karimova 2003 yilda AQShning NyuJersi (New Jersy) sudi tarafidan otasidan iznsiz tarzda bolalarni mamlakatdan olib ketganlikda ayblangan edi.
XS
SM
MD
LG