Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:55

Urganchni qayta qurish hasharchilarga qoldi


Xorazm viloyatining ma‘muriy markazi — Urganchdagi obodonchilik ishlariga shu kunlarda maktab o‘qituvchilari, hamshiralar va boshqa davlat tashkilotlari ishchi xodimilari majburan jalb etilmoqda.

Urganch shahrini qayta qurish hasharchilar, aniqrog‘i o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat ishchilari va qariyalar zimmasiga tushdi.

– Chiqasan, chiqmasang ishdan haydaymiz, deb po‘psa qilishyapti, deydi o‘z ismini aytmagan urganchlik o‘qituvchilardan biri.

Xorazmlik Jumagul opaning aytishicha, shahardagi kollej va institut talabalari ham obodonchilik ishlariga majburlanmoqda.

- Chuqur kavlash, g‘isht tashish, yer ag‘darish ishlariga chiqarishayotgan ekan. Kunni yarmigacha o‘qib, ikkinchi yarmida chiqishyapti. Ayrim paytlari umuman o‘qish bo‘lmaydi bugun, deb ishga haydashayotgan ekan, deydi farzandi Urganch qurilish kollejida tahsil olayotgan Jumagul opa.

Lekin, Xorazm viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi rasmiylari Urganchdagi obodonchilik ishlariga o‘qituvchi va o‘quvchilar chiqarilayotganini keskin rad etdi.

- Hech qanday o‘qituvchi chiqarilayotgani yo‘q. Ishchi xizmatchilar, farroshlar, texnik xodimlar chiqarilyapti. O‘qituvchilar maktabda dars beryapti. Bu yerda faqat texnik xodimlar hasharga chiqarilyapti. Laborant, sekretarlar chiqib, yordam berishyapti, ko‘ngilli sifatida. Hech qanday majburiy emas bu, dedi Xorazm viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi rasmiylaridan biri.

Yanvarda bo‘lgan hukumat majlisida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov: "Xorazm mutlaqo o‘z qiyofasini o‘zgartiradi, rahbarlari shu haqda kuyinib yashaydigan bo‘lsa agar, men bu rahbarlardan rozi bo‘lar edim", degan edi.

Hozir Urganch shahrini qayta qurish maqsadida umumiy qiymati 112 milliard so‘mni tashkil etgan dastur ham ishlab chiqilgan.

Lekin, ikki yuz ming aholi yashaydigan Urganchni qayta qurish uchun ishchi kuchi yetishmayotgani aytilmoqda.

– Xorazmning yarmi Piterda. Bo‘yoqchi, suvoqchi, svarshik, g‘isht teruvchi va hokazo, hammasi Rossiya, Qozog‘istonda. Bu yerda qariyalar, oylik olib ishlaydigan o‘qituvchilar, shifokorlar qolgan, hozir shularni ishlatishyapti, deydi Urganch markazidagi uylar qurilishida qatnashayotgan xorazmlik Jumanazar aka.

Xorazm viloyati Arxitektura va qurilish boshqarmasiga yaqin manba‘ning aytishicha, hozir viloyatda quruvchilar yetishmayotgani bois qo‘shni viloyatlardan qurilish sohasi mutaxassilari Urganchga olib kelinmoqda.

Ayni paytda Rossiyada mehnat qilayotgan xorazmlik mardikorlar orasida "Urganchni qayta qurish uchun bizni ham chaqirtirarmish", degan gap-so‘zlar tarqalgan.

- Shunaqa gapni eshitdik. Lekin, shu yerda beradigan oylikni bersa jon, deb qaytgan bo‘lar edim, deydi Sankt Peterburgdagi qurilishlardan birida ishlaydigan xorazmlik Azamat.

200 ming aholi yashaydigan Urganch shahri markazida o‘tgan asrning elliginchi yillarida qurilgan uylar buzilib, ular o‘rnida keng yo‘llar barpo etilmoqda.

Buzilayotgan uylarda yashovchi aholi huquq-tartibot idoralari va prokuratura tomonidan kuchli bosimga uchragan. Aholinning ko‘pchiligi bu bosimga yon bergani va ko‘chishga rozi bo‘lgani xabar qilingan.
XS
SM
MD
LG