Линклар

logo-print
O‘zbek militsionerlarini “poraxo‘r”, deya so‘kkani aks etgan videotasvir internet va qo‘l telefonlarida tarqatilgan o‘zbek qo‘shiqchisi Abdulla Qurbonov 22 fevral kuni litsenziyadan mosuvo qilindi.

Xozir AQShda safarda bo‘lgan Abdulla Qurbonovning litsenziyadan mahrum qilingani haqida “O‘zbeknavo” davlat estrada birlashmasining rasmiy saytida e‘lon qilindi.


Rasmiy bildirish


"Xonanda Qurbonov Abdulla Akbarovich tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-sonli Qarori hamda Litsenziya bitimida nazarda tutilgan talablar va shartlar muntazam ravishda buzib kelinganligi sababli xonandaga berilgan AJ-2326-raqamli litsenziyaning amal qilishi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-24-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-son Qarorining 1-ilovasi 35-bandiga asosan 2013 yil 22 fevraldan tugatilganligini ma‘lum qilamiz"¸ deyiladi "O‘zbeknavo" 26 fevral kuni tarqatgan hujjatda.

Rasmiy hujjatda “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va hukumat qarorlari talabini bajarish har bir xonanda hamda san‘atkorning burchidir”¸ deb eslatib qo‘yilgan.

Abdulla Qurbonovning ma‘muri Akmal Qurbonov litsenziya bilan bog‘liq muammolar hal bo‘layotganini Ozodlik bilan suhbatda aytdi.

- Hech qanaqa muammo yo‘q. Kecha borib litsenziya uchun pulni to‘lab keldim. Iltimos vaziyatni bo‘rttirmanlar¸ iloji bo‘lsa internetga hech narsa chiqarmay turinglar¸ dedi Abdulla Qurbonovning ukasi va ma‘muri Akmal Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ ayni paytda Toshkent va viloyatlardagi aksariyat qo‘l telefonlarida Abdulla Qurbonovning o‘zbek militsiyasini “poraxo‘r”, deb so‘kkani aks etgan tasvirlar tomosha qilinmoqda.


YouTube qahramoni


Xonanda Abdulla Qurbonov o‘tgan yilning noyabr oyida Bo‘stonliqdagi to‘y bazmidan chiqib kabobxonaga borgan.

Kabobxonada nimadandir janjal chiqqanidan keyin Abdulla Qurbonov militsiya bo‘limiga olib ketilgan. Militsiya bo‘limida xonanda qo‘liga kishan solib tergov qilingan va 10 sutkaga qamalgan.

Oradan 3 oy o‘tib, Abdulla Qurbonovning militsiya bilan san-manga borgani aks etgan tasvirlar O‘zbekiston shou dunyosida eng ko‘p muhokama qilingan mavzuga aylandi.

Toshkentdagi militsiya bo‘limlaridan birida qo‘li o‘rindiqqa kishanlangan qo‘shiqchi Abdulla Qurbonov militsionerlarni poraxo‘rlikda ayblagani va bo‘ralab so‘kkani aks etgan videotasvir 17 fevral kuni Youtube portaliga yuklangan. (Diqqat: Ushbu videotasvirda haqoratli so‘zlar bor - Tahr.)

Youtube.com portalining ikki joyiga qo‘yilgan videotasvirda Abdulla Qurbonov "o‘zbek militsionerlarining onasi bilan mustaqillik maydonida jinsiy aloqa qilaman"¸ degan mazmundagi haqoratlarni tilga oladi.

“Hammang poraxo‘rsan¸ yaqinda perevorot bo‘ladi¸ hammangni .... “, deydi Abdulla Qurbonov internetga qo‘yilgan tasvirda.

O‘zbek qo‘shiqchisining militsiya zobitlariga faol qarshilik ko‘rsatgani ba‘zi internet mushtariylari simpatiyasiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Ayni paytda qo‘shiqchining ayrim muxlislari Ozodlik bilan suhbatda uning odob doirasidan chiqqanidan tashvish ham bildirishdi.

Biz bu tasvir ortidan xonanda Abdulla Qurbonovning o‘zi bilan bog‘lanib, uning munosabatini so‘ragan edik.

- Ular meni hech bir sababsiz kishanlab onamni so‘kishdi. Men ham militsionerlarning onasini so‘kdim. O‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilganman, Xudoga shukr. Jonimga tegishdi va tegishli javobini olishdi¸ deb javob berdi Abdulla Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlikdagi bu suhbat e‘lon qilinganidan keyin Toshkentda bir kechada 10 ta to‘yda xizmat qila olgani uchun “birrov qiroli”, deb nom qozongan xonanda Abdulla Qurbonov ko‘ngil ochar saytlarning bosh qaxramoniga aylandi.

O‘zbek shou dunyosini yorituvchi shov-shuv.uz nashri muharriri Jasur Hamroyevga suhbat bergan Abdulla Qurbonov o‘z pushaymonligini ta‘kidlagan.

"Albatta, pushaymondaman. Shu videoni ko‘rgan yoshlar, san‘atkorlarga aytmoqchimanki, mening bu xatoimni takrorlamanglar! Biron marta bunday qo‘polikka bormaganman, axir. Hammasiga ichkilik sabab bo‘ldi. Bundan buyog‘iga ichki dardlarimni, hasratlarimni unga oshno tutinmasdan yengishga intilaman", deb aytgan qo‘shiqchi o‘z muxlislaridan bu tasvirlarni qo‘l telefonlaridan o‘chirib tashlashlarini iltimos qilgan.


San‘atkor odobi


Internetdagi Youtube.com portaliga qo‘yilgan tasvirda Abdulla Qurbonovning odob doirasidan chiqqan holda militsiya xodimlarini so‘kkani aks etgan.

Ozodlikning "San‘atkor jamiyatda o‘z odobi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak emasmi?" degan savoliga javoban Abdulla Qurbonov o‘zining quyushqondan chiqqanini tan olgan edi.

- Yoshligimizda sho‘x bo‘lganmiz, maishat qilganmiz. Ammo vaqt o‘tib, o‘zingiz qilayotgan ishlaringizning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tarozi pallasida o‘lchab ko‘rarkansiz. Bilasizmi, ayrimlar meni "giyohvand”, derkan. Astag‘firullo, hayotimda qilmaganman bu ishni. Avtohalokatga uchraganimda ham rosa mish-mishlar bolaladi. Shukrki, xudojo‘yman. Meni duo qilib turgan ortimdan qancha odamlarim bor. Qanchadan-qancha nogiron, mehribonlik uylarida yetim-esir bolalarim bor. Ular meni dada deydi, aka deydi. Mana hozir ham yetimxonaga borib, ularni holidan habar olib kelyapman. Yetimlar duosi bois omon yuribmiz¸ degan edi san‘atkor.


Kuyovto‘ra Abdulla


Abdullla Qurbonov 37 yoshda. Bir qiz uch o‘g‘ilning otasi. 1987 yilda "Anori donayu dona” qo‘shig‘ini aytib taniqli qo‘shiqchi Farrux Zokirovning nazariga tushgan.

Ana shundan keyin 1990 yilda Farrux Zokirov unga atab “Kuyovto‘ra Abdulla” nomli qo‘shiqni ijro qilganidan keyin Abdulla Qurbonovning piligi ko‘tarilib, san‘at olamida tanilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasida ishlayotgan qo‘shiqchi bor yo‘g‘i uch sinfni bitirgani¸ boshqa o‘qimaganini aytgan.

- Olloh yuqtirgan ashulachiman. O‘z vaqtida o‘qimagan bo‘lsam ham, ustozlardan o‘rganganman. Muhriddin Holiqov, Farrux Zokirovlarni ustoz, deb bilaman. Ulardan ko‘p narsani o‘rganganman¸ degan edi xonanda.

Suhbat so‘nggida Abdulla Qurbonov Ozodlik tinglovchilari uchun qo‘shiqlaridan birini xirgoyi qilib bergan.

O‘zbekiston qo‘shiqqa kon diyorsan,
Ta‘rif tasnifi yo‘qdir, bag‘ri bahorsan.
Mehnatkashu halol sohibi korsan,
Men kuylamay kim kuylasin baxtingdan,
Alloh taolloh qayta bergan taxtingdan.

Abdulla Qurbonov bilan suhbatni to‘la tarzda quyida tinglash mumkin.
XS
SM
MD
LG