Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:43

Qo‘shiqchilarga dollar qistirish taqiqlandi


“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonanda, sozanda va san‘atkorlarga to‘ylarda xorij valyutasi olish, to‘ydagi xizmatlar uchun dollar yoki boshqa turdagi xorij valyutasi shaklida hisob-kitob qilishni ta‘qiqladi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi rasmiy saytida e‘lon qilingan bu qarorda o‘z xizmati uchun dollar yoki boshqa valyutada haq olgani aniqlangan san‘atkorlar litsenziyadan mahrum qilinishi aytildi.

“O‘zbeknavo”ning o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu qarorning O‘zbekistonda valyuta bozorini tartibga solish harakatlariga uyg‘un ekanini ta‘kidladi.

- “O‘zbeknavo”ning bu qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil fevraldagi qaroriga asoslangan. Qarorga ko‘ra, mamlakat hududida milliy valyutadan boshqa pul yoki pul birligida to‘lov yoki kelishuvlarni amalga oshirish qat‘iyan taqiqlanadi¸ deydi mulozim.


Soliq qo‘mitasi to‘ylarda reyd o‘tkazmoqda


Ayni paytda Davlat Soliq qo‘mitasi xodimlari prokuratura qoshidagi Soliq, valyuta va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentida to‘y-hashamlarda maxsus reydlar o‘tkazib, san‘atkorlar hatti-harakatini kuzatib borish rejasi borligini tasdiqladi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan soliq qo‘mitasining o‘zini Husniddin, deb tanishtirgan mulozimiga ko‘ra¸ bunday reydlar davomida o‘z haqqini dollarda olayotgan san‘atkorlar ushlanib, huquqbuzar sifatida jarimaga tortiladi.


Qo‘shiqchilar pistirmada


Xorazmlik Dilorom halfa (folklor qo‘shiqchi) fevral oyida chiqqan bu qarorni o‘qib, to‘ylarga bormay qo‘yganini aytdi.

- Odatda, dollarga shartnoma tuzib borilar edi to‘yga. Keyin kelin bazmiga yig‘ilganlar menga pul qistirib turishar edi. Ro‘mol kabi sovg‘alarni berishadi. Hozir pul qistirishni mutlaqo taqiqlab qo‘yishdi. Sho‘ro buva (mahalla oqsoqoli) kelib nazorat qilyapti. Shuni uchun hozir garmonni shkafning ustiga qo‘ydim. To‘yga chiqmayapman¸ deydi san‘atkor.

Xorazmdagi to‘ylarni tasvirga tushiradigan shirkat egasi 41 yashar Alisher bu qarorga qaramasdan san‘atkorlar o‘z haqqini dollarda olayotganini aytadi.

- Faqat oldindan bildirmasdan olishyapti. Oldingiday ko‘z-ko‘z qilib pul olish yo‘q. Stavkalar (qo‘shiqchi haqi) dollarda bo‘lyapti. Masalan, Og‘abek 1500 dollar¸ Murod Qilichev 1200. Bular endi tanilgan artistlar. 500 dollarga keladiganlar ham bor. Hamma o‘z narxini dollarda aytadi¸ deydi Alisher Ozodlik bilan suhbatda.

Ashulachilarning dollar olishi qaror chiqishidan oldin ham mulozimlarga yoqmagan edi.

O‘zbek shou dunyosi ikir-chikirlaridan xabardor Hiloliddin Abdujamolovga ko‘ra, tashqarida kontsert berib kelgan artistlar "Amerikada falon dollar oldim, Isroilda falon pul oldim", deb maqtanishadi.

- Ustidan pul sochilayotgani aks etgan videotasvirlarni internetga yuklashadi. Kecha Dubayda edim, ertaga Parijga boraman, deb o‘zlari haqida afsonalar yaratilishiga sabab bo‘lishadi, deydi u.

Suhbatdoshga ko‘ra, aynan shu holat bois maxsus idoralarning ularga qiziqishi ortgan.

O‘zbekiston Xalq artisti maqomidagi bir hofiz Ozodlik bilan suhbatda o‘z yubileyida bir muxlisning bir dollarlik pullardan yasalgan gulchambar tutgani muammoga sabab bo‘lganini aytgan edi.

Bu voqeadan keyin hofiz Turkiston saroyidagi maxsus xonada SNB xodimi tarafidan 2 soat so‘roq qilingan.


O‘zbek qo‘shiqchilari xorijda ham nazoratda


O‘zbek qo‘shiqchilarining chet el safarlari esa o‘tgan yildan boshlab qattiq nazoratga olindi.

Artistlarning tashqariga chiqishida xayr alomatini ko‘rmagan “O‘zbeknavo” ma‘muriyati maxsus qaror qabul qildi. Bu qarorga ko‘ra, bundan buyon chet elga gastrolga boradigan ashulachi “O‘zbeknavo” bilan maxsus shartnoma imzolashga majbur.

O‘zbekiston tashqarisida, xususan Rossiya, Janubiy Koreya va AQShda o‘zbek diasporalari paydo bo‘lish barobarida o‘zbek qo‘shiqchilarining o‘sha mamlakatlarga gastrollari ham ko‘payib qoldi.

Tashqarida muqim bo‘lgan o‘zbeklarning sunnat va nikoh to‘ylariga ham O‘zbekistondan “artist” chaqirish asta-sekin urf bo‘la boshlagani kuzatiladi.

O‘zbekiston shou-biznesi bilimdoni, qo‘shiqchilarga “administrator”lik qiladigan toshkentlik Hiloliddin Abdujamolovga ko‘ra, chetga chiqqan artistning ikki muddaosi bor.

- Birinchidan, bu artist falon-falon chet davlatlarda kontsert berib dunyoga mashhur bo‘ldim, deb gapirib yuradi. Ikkinchidan, iqtisodiy manfaat. Gonorar degandek. Ba‘zi artistlar borgan joylaridagi kiyim magazinlariga borib kiyinib ham kelishadi. Xullas, har tomonlama yaxshi, deydi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ayni paytda chet elda kontsert berish tavakkal bir ish.

- Shuncha harajat qilib borilganidan keyin kontsertga hech kim kirmasa, ikki qo‘lini burniga tiqib, sho‘ppayib qaytib kelayotganlar ham bor. Bunaqa paytda o‘ziga to‘q baquvvatlari chiqimga rozi bo‘lib o‘zidan o‘tganini o‘zi bilib o‘tiraveradi. Protsentga pul olib ketgan kambag‘alroq qo‘shiqchilar bunaqa paytda yomon qiynaladi, deydi suhbatdosh.

O‘sha qiynalgan qo‘shiqchilardan bir nechtasi “chet elda chuv tushirishdi”, deb arz qilganidan keyin “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi san‘atkorlarni xorij mamlakatlariga kontsert uchun borganda firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan edi.


“O‘zbeknavo” ogohlantiruvi


Birlashma matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, san‘atga aloqasi bo‘lmagan shaxslar xorij mamlakatlarida, jumladan AQShda kontsert o‘tkazish yuzasidan xonandalar bilan muzokaraga kirishib, aldov yo‘li bilan ulardan pul undirishi holatlari ro‘y bermoqda.

Shu munosabat bilan, “O‘zbeknavo” xorijda kontsert taklifi bilan chiqqan shaxs haqida aniq axborotga ega bo‘lmay turib shartnomaga imzo chekmaslikni talab qilgan.

“O‘zbeknavo”ga ko‘ra, san‘atkorlar xorij safari va uning tashkilotchisi haqida birlashma bilan maslahatlashishi zarur.

Shu bilan birga, “O‘zbeknavo” san‘atkorlarni xorij safariga chiqishdan avval birlashmaga rasmiy bildirishnoma berishi zarurligini ham eslatgan.


“O‘zbeknavo”— artistlar ustidan nazorat mashinasi


O‘zbekiston shou dunyosini nazorat qilish avvaliga madaniyat vazirligiga oid filarmoniyalar tarafidan amalga oshirilgan edi.

Ayni paytda qo‘shiqchilar jilovini tutib turish “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi vakolatiga o‘tkazib berilgan.
XS
SM
MD
LG