Линклар

logo-print
O‘zbekistonda tiyinning pul birligi sifatida savdo muomalasidan chiqib ketganiga ko‘p yillar bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston hukumati undan rasman voz kechmagan, voz kechish niyatini bildirmagan ham.

Bi-Bi-Si muxbiri Lora Grey o‘zbek tiyini haqidagi maqolasida bu pul birligini dunyodagi eng qadrsiz va foydasiz tanga, deya atadi.

Iqtisodchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, bir amerika senti qariyb 2000 o‘zbek tiyiniga to‘g‘ri kelmoqda.

Bir AQSh dollari O‘zbekiston "qora bozori"da shu kunlarda 2700 so‘m yoki 270 ming tiyin bo‘lgan bir paytda, do‘kondan non sotib olish uchun qancha qop tanga ko‘tarib borish mumkinligini faqat tasavvur qilish mumkin.

Boisi, tiyinning savdo muomalasidan chiqib ketganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Garchi, rasman muomalada hisoblansada, o‘zbekistonliklar bir tiyinlik tangani oxirgi marta qachon ko‘rganini eslashi ancha mushkulligini aytmoqda.

- Bir tiyinni aytasiz, bir so‘mni ko‘rganmisiz, deb so‘rang. Bu borishda yuz so‘m, ming so‘mliklarni ham qanaqa bo‘lganini unutib qo‘yamiz, deydi toshkentlik Adham.

O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati rasmiylaridan birining aytishicha, hukumat yaqin-atrofda tiyindan voz kechmoqchi emas.

- Saytimizga qarasangiz bir tiyin hali ham turibdi. Qadri tushdi, deb tiyindan voz kechiladigan bo‘lsa, AQShning bir tsentidan ham voz kechishga to‘g‘ri keladi. Bir tsentga ham hech narsa bermaydiku, deydi Markaziy bank rasmiysi.

Lekin Kanada hukumati ishlab chiqarilishi narxidan qimmatga tushayotgani bois ushbu oyda o‘z tsentidan voz kechdi.

Buyuk Britaniyadagi ayrim faollar ham bir penni miqdoridagi tangani bekor qilish talabi bilan chiqmoqda.

Ular ham xarid qiymati deyarli yo‘qolib bo‘lgan bir pennini chiqarishdan ma‘no yo‘q, mayda chaqalarni ko‘tarib yurish va ular bilan hisob-kitob qilish katta muammo ekanini aytishadi.

Britaniyaning bir pennisi hozirgi kunda 3038 o‘zbek tiyiniga tengligi inobatga olinsa, britaniyaliklar o‘z chaqalaridan shikoyat qilishmasa ham bo‘ladi.

Hozir qadrsiz tangalar orasida o‘zbek tiyini oldiga tushadigani yo‘q.

2009 yilda Zimbabvening eng mayda tangasi AQSh dollariga nisbatan 10 trillionga yetgach, uni bekor qilishga majbur bo‘lgan edi.

Shu bois, o‘zbek tiyini dunyodagi eng qadrsiz tangalar ro‘yxatida oldinga chiqib qoldi.

Qadrsiz tangalar ro‘yxatidagi ikkinchi o‘rinda Birma tangasi bo‘lgan pay turibdi. Bir AQSh senti 855 payga teng.

Jahon bo‘ylab eng arzon tangalar ro‘yxati davomida Tanzaniya tsenti, Shimoliy Koreya choni, Shrilanka senti va boshqalar tangalar keltirilgan.

Dunyoning eng qadrli tangasi esa Norvegiya kronasidir. Bir Norvegiya kronasi 18 AQSh sentiga teng.
XS
SM
MD
LG