Линклар

logo-print

Nyu Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi O‘sh voqealarida ayblanib bir umrga qamalgan huquq faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish iltimosi bilan Qirg‘iziston rasmiylariga murojaat jo‘natdi. Biroq bishkeklik ayrim huquq faollari Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqilishiga ishonmaydilar.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi bayonotida etnik o‘zbek bo‘lgan huquq faoli Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishini xalqaro tashkilotlar sohtalashtirilgan deb tanigani yana bir bor eslatiladi. Qo‘mita Qirg‘iziston Bosh prokurorini Azimjon Asqarovning aybsizligini isbotlovchi yangi tafsilotlar paydo bo‘lganini tan olgan holda, ishini qayta ko‘rib chiqishga chaqiradi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining bildirishicha, Azimjon Asqarovning O‘sh voqealari paytida Bozorqo‘rg‘on shahrida militsiya xodimini o‘ldirmaganini ko‘rgan guvohlar bor.

“Kamida uch odam Azimjon Asqarov 2010 yilning 13 iyunida ertalabki soat 7.30 dan 9.00 gacha militsiya xodimi o‘ldirilgan joydan ancha uzoqda joylashgan o‘z uyida bo‘lganini tasdiqladi. Boshqa bir guvoh esa Asqarovni taxminan 9.30 da militsiya xodimi o‘ldirilgan joydan 1 kilometr uzoqlikda bo‘lgan ofisda ko‘rgan”, deyiladi bayonotda.

Jalolobodlik huquq himoyachisi Abdumalik Sharipov mana shu tafsilotlarning o‘zi va jinoyat ishining sudda bir tomonlama ko‘rib chiqilgani to‘g‘risidagi bayonot Qirg‘iziston Jinoyat protsessual kodeksining 384 va 385 moddalariga binoan Asqarov ishining qayta ko‘rib chiqilishiga asos bo‘la oladi, deb hisoblaydi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiylari Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi bayonoti va unda keltirilgan dalillar yuzasidan ma‘lumot berishni istamadi.

-Mazkur masala yuzasidan bizga yozma ravishda murojaat qilib ko‘ring. Qonunda belgilangan muddatda sizga yozma javob qaytarmiz, -dedi prokuratura rasmiysi Seyitjan Apishev.

Qirg‘iziston qonunchiligiga binoan esa yozma murojaatlarga ikki haftadan so‘ng javob beriladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi bayonotida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev o‘tgan yilning dekabrida Germaniyaga qilgan safari chog‘ida Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilishiga qarshi emasligini bildirganini ham eslatib o‘tgan. Shu bilan bir qatorda, Atambayev 24 dekbarda bishkeklik jurnalistlar bilan uchrashuvida boshqa gaplarni ham aytgan edi:

- Jurnalistlar, nodavlat tashkilotlarining murojaatlaridan tashqari menga bitta-ikkita guvohni ko‘rsatinglar-chi? Bu ish men prezident bo‘lgunimga qadar yakunlangan. Lekin har doim gapni Asqarovdan boshlaysizlar. O‘tgan safar Germaniya prezidentiga “Agar sud qarori chiqsa, sizlardan boshqa birov mana shu sud qarorni bekor qilasan deb talab qila oladimi?”, deb savol berdim. Nega endi prezident Atambayev qonunni buzib, qaror qabul qilishi kerak? Bizda ham qonun bor. Sud qarorini prezident bekor qilsin deb talab qilayotganlar Qirg‘izistonni mensimaydiganlardir, - degan edi Almazbek Atambayev.

Shundan kelib chiqqan holda, bishkeklik huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova Qirg‘iziston hukumati Asqarov ishini siyosiylashtirmoqda va bu ish chindan ham sohtalashtirilganini tan olishni istamayotir, deb hisoblaydi.

Azimjon Asqarov 2010 yilda Bozorqo‘rg‘on tumanidagi tartibsizliklarni uyushtirganlikda va militsiya xodimini o‘ldirganlikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Xalqaro tashkilotlar Azimjon Asqarov ishi siyosiylashtirilgani hamda sohtalashtirilganini aytib keladi.
XS
SM
MD
LG