Линклар

O‘zbekiston jinoyat olamidagi eng nufuzli avtoritetlardan biri deb ko‘riladigan G‘afur Rahimovga nisbatan jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan 13 fevral kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘zbekiston davlat mukofoti laureatini hibsga olish to‘g‘risidagi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi buyrug‘i militsiya xodimlari orasida tarqatilgan.

G‘afur Rahimovning qidiruvga berilgani haqida Ozodlikning Toshkentdagi manbalari xabar qildi. Bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita manbadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shu kunlarda Toshkent shahar va viloyatida yo‘l patrul xizmati xodimlari haydovchilarni to‘xtatib, G‘afur Rahimov rasmini ko‘rsatmoqda va bu shaxsning qayerdaligi to‘g‘risida ma‘lumotga ega bo‘lishsa, bu haqda ichki ishlar idoralariga xabar qilishni so‘rashmoqda.

Ozodlik manbalaridan biri hatto G‘afur Rahimovni qidiruvga berish to‘g‘risidagi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining buyrug‘i nusxasini ham yubordi.

G‘afur Rahimov O‘zbekiston jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.

G‘afur Rahimov O‘zbekiston jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.



Toshkent IBB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Turg‘unov imzo chekkan xabarnomada aytilishicha, 62 yoshli Rahimov G‘afur-Arslonbek Ahmedovich O‘zbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 228-moddasi (Davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida qidiruvga berilgan.

Ozodlik G‘afur Rahimovga yaqin doiralar orqali bu xabarni izohlashni so‘rab unga qilgan murojaatiga rad javobini oldi.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar IBB vakillari ham G‘afur Rahimovga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va qidiruvga e‘lon qilinganiga oid xabarni Ozodlikka izohlashdan bosh tortdi.


Nega hozir va nega O‘zbekistonda


Ozodlikning Toshkentdagi manbasi “Toshkentda yo‘l-patrul xizmati xodimlari haydovchilarni to‘xtatib, G‘afur Rahimovning rasmini ko‘rsatmoqda. Xuddi G‘afur Rahimov yonma-yon qo‘shnimiz yoki choyxonada birga osh yeganimizdek, bizdan so‘rashdi”, deya yozdi.

“Nega kelib-kelib endi qidiruvga berishgani qiziq. Bu odam mamlakatdan tashqarida ekanini hamma biladiku”, deb yozadi yana bir Ozodlik manbasi.

G‘afur Rahimovni yo‘l-patrul xizmati xodimlari qidirayotgani ham qiziq. Hozircha bu odam qidirilayotgani to‘g‘risidagi e‘lonlar shahar ko‘chalariga yopishtirilgani kuzatilmagan.

O‘zbekistonda yirik tadbirkor va metsenat sifatida ham tanilgan Rahimov 2010 yilda mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgani aytiladi. O‘shandan beri u Birlashgan Arab Amriliklarida istiqomat qilishi ko‘pchilik manbalardan ma‘lum.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarining bundan xabari bo‘lmasligini tasavvur qilish qiyin va G‘afur Rahimov, nega oradan uch yil o‘tib, O‘zbekiston ichkarisida bunday g‘alati tarzda qidirilayotganini taxmin qilish mumkin xolos.

Xalqaro huquqiy me‘yorlarga ko‘ra, biror shaxsni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berish uchun, avval bu shaxs mamlakat ichkarisida qidiruvga berilgan bo‘lishi shart.


Avtoritet, tadbirkor va Olimpiya qo‘mitasi mulozimi


G‘afur Rahimov o‘tgan yili O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Boks milliy uyushmasi rahbari lavozimlaridan chetlatilgan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, G‘afur Rahimovning O‘zbekistondagi mulki, jumladan turli sohalarni qamrab oluvchi yirik biznesi tortib olingan.

Hozirda Birlashgan Arab Amirliklarida istiqomat qilayotgani aytiladigan G‘afur Rahimov o‘tgan yilning boshida AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi.

AQSh Moliya vazirligi e‘lon qilgan hujjatda "Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda", deyiladi.

80-yillardan boshlab O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi kriminal to‘dalar ichidagi nufuzini kuchaytirib kelgani aytiladigan G‘afur Rahimov Toshkent hukumati tomonidan mamlakat sporti, xususan, boksini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan yirik tadbirkor sifatida e‘tirof etilib, shaxsan prezident Karimov tomonidan olqish va mukofotlarga sohib etilgan.

Ayni paytda bundan 12 yil muqaddam Sidneydagi Olimpiada o‘yinlarida Osiyo olimpiya qo‘mitasi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan G‘afur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari “xalqaro narkobaron” degan shubha bilan mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

G‘afur Rahimovning rasmiy saytida aytilishicha, u bir nechta shirkatda prezident lavozimini ham egallaydi. Mazkur firmalar orqali O‘zbekistonga xalq iste‘mol mollari, kimyo, avtomobil va yengil sanoati uchun xom ashyo kirib keladi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan so‘ng G‘afur Rahimov hukumat, xususan, Islom Karimov marhamatidan mosuvo bo‘lgan va 2010 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan.
XS
SM
MD
LG